TGViewer
Channel Public Channel
Xodimga

Xodimga

@xodimga

Kanal Jasur Lutfillayev tomonidan yuritiladi (@xodimga_admin)
Subscribers
1.63K
Photos
0
Videos
0
Links
1
Recent Posts 20 shown
Post #63 984
Rahbaring ishlar qanday ketayotganini so‘rasa, darrov xafa bo‘lma

Do‘stim, ba’zan rahbaring kelib:

Ishlar qanday ketyapti?
Vazifa qayergacha yetdi?
Buni qachon tugatamiz? deb so‘raydi.

Sen esa ichingda:

«Nega hadeb so‘rayveradu? Menga ishonmayaptimi? Ishimni qilayotganimni ko‘rib turibdi-ku!» deb o‘ylashing mumkin.

Lekin bir narsani unutma: rahbaring ishingni so‘rashi har doim ham senga ishonmayotganini anglatmaydi.

Balki bu ishning natijasi boshqa vazifalarga ham ta’sir qilar.

Balki u ham o‘z rahbariga natija haqida ma’lumot berishi kerakdir.

Balki muammo bo’lsa, kattalashib ketmasidan oldin yordam bermoqchidir.

Yoki shunchaki sen qilayotgan ishning qayergacha yetganini bilmoqchidir.

Albatta, har besh daqiqada so‘rash, har bir qadamingni tekshirish boshqa masala. Bunday nazorat odamni charchatadi.

Lekin vaqti-vaqti bilan holatni so‘rab turish - ish jarayonining bir qismi.

Professional xodim savolni shaxsiyatiga qarshi qaratilgan hujum deb emas, ishga oid muloqot deb qabul qilishni biladi.

Rahbaring so‘raganda, o‘zingni oqlashga shoshilma.
Ish qayergacha yetganini ayt.
Muammo bo‘lsa, tushuntir.
Kechikish ehtimoli bo‘lsa, oldindan ogohlantir.
Yordam kerak bo‘lsa, so’ra.

Shunda rahbaring ham seni ortiqcha so‘roqlar bilan bezovta qilishga kamroq ehtiyoj sezadi.

Chunki u sening ishing haqida kerakli ma’lumotni o‘z vaqtida olib turadi.

Ishonch faqat «menga ishonavering» deyish bilan qurilmaydi.

Vazifalarga ma’suliyat bilan yondoshish va ochiq muloqot qilish bilan mustahkamlanadi.

Shuni ham eslab qol: rahbaringning savoliga qanday munosabat bildirishing ham sening professionalligingni ko‘rsatadi.

@xodimga
Post #62 3.09K
USTOZ KIM?

“Ustoz” deganda, albatta, birinchi bo‘lib maktab va universitetdagi o‘qituvchilar hayolimizga keladi. Ularning hayotdagi o‘rni beqiyos.

Lekin ustozlar faqat ta’lim muassasasida bo‘lmaydi.

Senga gapirishni, yurishni, hayotdagi voqealarga qanday munosabat bildirishni o‘rgatgan ota-onalarimiz - USTOZ;

Aka-opalarimiz - USTOZ;

Va ish hayotingda menejerlarimiz ham USTOZ;

Har bir topshiriq - shunchaki topshiriq emas. Ba’zida menejering shu topshiriq orqali senga qanday fikrlashni o‘rgatadi;

Nima uchun aynan shunday qilish kerakligini tushuntirsa - bu dars;

Xatoyingni ko‘rsatib, keyingi safar qanday to‘g‘ri qilishni o‘rgatsa - bu dars;

Senga mas’uliyat berib, qarorni o‘zing qabul qilishingga imkon bersa - bu ham dars;

Ba’zan esa menejer hech narsa tushuntirmaydi. Sen shunchaki uning
- ishini kuzatasan va o‘rganasan:
- odamlar bilan qanday gaplashishini;
- muammoni qanday hal qilishini;
- bosim ostida qanday qaror qabul qilishini;
- jamoa bilan qanday muomala qilishini.

Shuning uchun menejerni faqat “menga vazifa beradigan odam” deb ko‘rish to‘g‘ri emas.

U ham sening katta USTOZING bo‘lishi mumkin.

Ustoz faqat sendan yuqorida turgan inson emas.

Yonidagi hamkasbing ham - USTOZ;

Ishga yangi kelganingda seni jamoaga moslashtirgan, qayerda nima borligini ko‘rsatgan hamkasbing - USTOZ;

Ishni qanday boshlashni bilmay turganingda:
“Buni mana bunday qilib ko‘r, yaxshiroq bo‘ladi” degan odam USTOZ;

Qiyin vaziyatda qanday yo‘l tutishni ko‘rsatgan odam - USTOZ;

Bir xatoni qayta qilmasliging uchun o‘z tajribasini sen bilan bo‘lishgan odam - USTOZ;

Chunki ustozlik - bu lavozim emas.
Ustozlik - boshqa bir insonning rivojlanishiga sababchi bo‘lish.

Hayotingda seni nimagadir o‘rgatgan har bir inson - USTOZ.

Hurmatli ustozlar Bayraminggiz muborak!!!

@xodimga
Post #61 3.17K
Bir ishni 10 yil qilish - uning ustasi bo‘lish degani emas

Bir odamni o’z ishini zo’r qilayotganini ko’rganda, 10 yildan beri bitta ishni qilgandan keyin shunaqa bo’ladida deymiz.
Aslida tajriba faqat ishlagan yillar bilan o‘lchanmaydi.

Bir odam bir ishni 10 yil qilishi mumkin.
Lekin 10 yil davomida bir xil usulda, bir xil xatolar bilan, bir xil darajada ishlagan bo‘lsa, u shunchaki o‘sha ishni 10 yil takrorlagan bo‘ladi.

Bu hali u o‘sha ishning ustasi degani emas.
Chunki o‘sish uchun shunchaki ishlashning o‘zi yetmaydi.

Ishingni tahlil qilish;
Xatolarni ko‘rish;
“Buni qanday yaxshiroq qilsam bo‘ladi?” deb o‘ylash;
Boshqalardan o‘rganish;
Yangi usullarni sinab ko‘rish kerak bo’ladi.

Eng muhimi - har kuni bir xil ishni avtomatik tarzda bajarib yurmaslik kerak.

O‘sish uchun o‘zingga savollar ber

Har hafta yoki oy oxirida o‘zingdan so‘rab ko‘r:

1. Men oxirgi bir oyda ishim bo‘yicha yangi nimani o‘rgandim?
Agar eslay olmasang, ehtimol sen ishlayapsan, lekin o‘rganmayapsan.

2. Men hozir qilayotgan qaysi ishni avvalgidan yaxshiroq qila boshladim?
Aniq javob topishga harakat qil.

3. Men qaysi xatoni qayta-qayta takrorlayapman?
Ba’zan o‘sish yangi narsani o‘rganishdan emas, eski xatoni to‘xtatishdan boshlanadi.

4. Ishimdagi eng zaif tomonim nima?
Va undan ham muhim savol:
Men uni yaxshilash uchun oxirgi marta qachon harakat qildim?

5. Mendan kuchliroq odamlar bu ishni qanday qilyapti?
Kuzat.
So‘ra.
O‘rgan.
Har narsani o‘zing kashf qilishing shart emas.

6. Agar bugun meni o‘rnimga boshqa odam qo‘yishsa, u nimani mendan yaxshiroq qilishi mumkin?
Bu savol biroz og‘ir.
Lekin juda foydali.

7. Men bugungi bilimim bilan 1 yil oldingi o‘zimga qaraganda qimmatroq mutaxassis bo‘ldimmi?
Faqat lavoziming yoki maoshing emas.

Biliming, ko‘nikmang va natija bera olish qobiliyating oshdimi?

O‘zingga kichik qoida qo‘y

Har oy:
- bitta yangi ko‘nikma o‘rgan.
- bitta eski xatoni kamaytir.
- o‘zingdan kuchliroq bir odamdan nimadir o‘rgan.
- ishingdagi bitta jarayonni yaxshila.

Agar buni muntazam qilsang, ma’lum muddatdan keyin, xodim sifatida qanchalik o’sganingni ko’rasan.

Chunki katta o‘sishlar bir kunda bo‘lmaydi.
U har kuni qilinadigan kichik o‘zgarishlardan yig‘iladi.

Bir ishni 10 yil takrorlash seni tajribali qilib ko‘rsatishi mumkin.

Lekin o‘sha 10 yil davomida o‘zing ustingda ishlash seni haqiqiy mutaxassis qiladi.

Savol shunda:
Sen necha yildan beri ishlayapsan emas.
Shu yillar davomida qanchalik o‘sding?

@xodimga
Post #60 2.79K
Biz ba’zan tanqidiy fikrlash bilan negativ fikrlashni adashtirib yuboryapmiz.

Tanqidiy fikrlash - voqelikka har tomondan qarash.

Negativ fikrlash esa - yaxshi narsaning ichidan ham yomonini qidirish.

Bu ikkalasi bir xil emas.

Hayotda hamma narsa mukammal emas.

Odamlarda ham, kompaniyalarda ham, shaharlarda ham, davlatlarda ham kamchilik bor.

Lekin bu bizni yaxshi narsalarni ko‘rishdan to‘smasligi kerak.

Do‘stim, bir narsani tushun:

Sen har bir narsadan negativ topishga majbur emassan.

Oxirgi paytlarda buni ko‘p kuzatyapman.

Kimdir kattaroq yutuqqa erishsa - “ha, lekin…” deb boshlaymiz;
Kimdir yaxshi narsa qilsa - albatta undan biror ayb topamiz;
Boshqa shahar haqida gap ketsa - albatta uning yomon tomonini topamiz;
Boshqa davlat yoki xalq haqida gap ketsa - yaxshi tomonlarini ko‘rishdan oldin kamchiligini aytamiz.

Go‘yo biror narsani yaxshi deb tan olish biz uchun yutqazishdek.

Aslida esa unday emas.

Bir narsaning yaxshi tomonini ko‘rish - uning kamchiligini inkor qilish degani emas.

Masalan, boshqa davlatda nimadir yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, buni tan olishing mumkin.
Bu “ular hamma narsada bizdan yaxshi” degani emas.

Kimdir sendan kuchliroq natijaga erishgan bo‘lsa, uning yutug‘ini tan olishing mumkin.
Bu sen yomon degani emas.

Kimdir yaxshi ish qilgan bo‘lsa, “yaxshi qilibdi” deyishing mumkin.
Buning uchun uning boshqa kamchiliklarini topishing shart emas.

Ba’zan shunchaki:

“Ha, bu rostan ham yaxshi ekan.” deyish ham yetarli.

Izoh qo‘shmasdan.
Taqqoslamasdan.
O‘zimizni ko‘rsatishga urinmasdan.
Shunchaki tan olish.

Chunki dunyoni faqat kamchiliklari orqali ko‘rishga o‘rgangan odam oxir-oqibat yaxshi narsalarning o‘zidan ham zavq ololmay qoladi.

Har narsadan negativ topish - aqllilik belgisi emas.

Ba’zan yaxshi narsani yaxshi deb tan olish ham yetuklik.

@xodimga
Post #59 3.18K
Kassirning bitta qo‘pol muomalasi - kompaniya uchun katta zarar

Bir kompaniya yaxshi joy tanladi. Chiroyli bino qildi. Mahsulotlarni tanlovi keng. Reklamaga katta pul sarfladi. Hammasi zo’r. Kompaniya har bir mijozni olib kelish uchun reklamaga qancha pul sarflagan.

Mijoz o’sha supermarketda kerakli mahsulotlar olib, kassaga boradi.

Lekin kassadagi xodim unga sovuq gapiradi yoki oddiy savoliga qo‘pol javob beradi.

Mijozning ichidan nima o’tadi?

Yuqoridagi harakatlarni hammasini ba’zan shunga o’xshash bitta oddiy muomala yo‘qqa chiqaradi.

Nega xodimning muomalasi shunchalik muhim?

Chunki mijoz kompaniyaning ichki tizimini ko‘rmaydi.

U direktor bilan uchrashmaydi.

Boshqaruvchilar qanday ishlayotganini bilmaydi.

U faqat sen bilan gaplashadi.

Shuning uchun mijoz uchun sen - kompaniyaning o‘zisan.

Sen yaxshi muomala qilsang - kompaniya yaxshi.

Sen befarq bo‘lsang - kompaniya befarq.

Sen qo‘pol gapirsang - mijozning ko‘zida kompaniya qo‘pol.

Shu sababli:

“Men faqat kassirman.”

“Men faqat sotuvchiman.”

“Men faqat operator bo‘lib ishlayman.” degan tushunchalar noto‘g‘ri.

Seni vazifang faqat mahsulotni hisoblash yoki telefon ko‘tarish emas.

Seni vazifang - mijoz bilan ishlash.

Yana bir muhim narsa

Albatta, mijoz har doim haq degani emas.

Ba’zan mijozning o‘zi nohaq bo‘lishi mumkin.

Lekin mijoz nohaq bo‘lsa ham, sen qo‘pol bo‘lishing shart emas.

Professional xodimning farqi ham shunda.

U vaziyatni keskinlashtirmaydi.
Hurmatni saqlaydi.
Kerak bo‘lsa, rahbarni chaqiradi.
Muammoni hal qilishga harakat qiladi.

Chunki sening kayfiyating mijozning aybi emas.

Uyda nima bo‘ldi, bugun qanchalik charchading, kayfiyating yo‘qdir - bularning hammasi tushunarli.

Lekin mijoz bularni bilmaydi va majbur ham emas.

U sening oldingga kompaniya nomidan keladi.

Shuning uchun ish vaqtida o‘zingni boshqara olish ham professionallikning bir qismi.

Eslab qol:

Kompaniyaga mijozni olib kelish uchun marketing kerak.

Lekin uni yana qaytarish uchun yaxshi xizmat kerak.

Birgina yaxshi muomala mijozni yana olib kelishi mumkin.

Birgina qo‘pol muomala esa uni butunlay boshqa joyga yuborishi mumkin.

Shuning uchun har safar mijoz bilan gaplashganda o‘zingdan so‘ra:

“Agar men mijozning o‘rnida bo‘lganimda, shu muomaladan keyin yana kelarmidim?”

Agar javob “yo‘q” bo‘lsa, demak, muomalangni biroz o‘zgartirish kerak.

Chunki sen shunchaki o‘z ishingni qilayotgan xodim emassan.

Sen mijozning ko‘zida Kompaniyasan.

@xodimga
Post #58 2.78K
Eng charchagan (выгорание) paytingda munosabatlaringni buzib qo‘yma

Do‘stim, ishda shunday davrlar bo‘ladi.

Mavsum payti, ish ko‘payadi. Vazifalar ustma-ust tushadi. Kun bo‘yi yugurasan, kechasigacha ishlaysan.

Shu paytda odamni miyasi qattiq charchaydi. Tez jahli chiqadi. Oddiy gap ham asabga tegadi. Hamkasbining birgina xatosi ham juda katta muammodek ko‘rinadi.

Eng xavflisi - bu holat senga oddiy va tabiiydek tuyula boshlaydi.

Lekin bir narsani unutma:

Sening atrofingdagi odamlar ham xuddi shu davrni boshdan kechirayotgan bo‘lishadi.

Ular ham charchagan.

Ular ham bosim ostida.

Ular ham kechayu kunduz ish haqida o’ylashayapti.

Shuning uchun aynan shunday paytlarda bir-biringizga nisbatan biroz ehtiyotkorroq bo‘lish kerak.

Chunki oddiy paytda e’tibor berilmaydigan gap charchagan odamga qattiq botishi mumkin.

Oddiy kelishmovchilik katta janjalga aylanishi mumkin.

Birgina qo‘pol gap esa yillar davomida qurilgan munosabatga zarar berishi mumkin.

Shunday paytda nima qilish kerak?

Jahling chiqsa, odatdagidan ko’proq o’ylab ko’rib, keyin javob berish;

Gapirilayotgan gaplarga odatdagidanda ko’proq e’tiborli bo’lish. Chunki sen kuchli stress ostida fikrlayabsan;

Fikr bildirishda ham kamida 2-3 soniyaga to’xtab, o’ylab, keyin bildirish;

Hamkasbing xato qilsa, uni odamlar oldida gapirmaslik;

O‘zing charchagan bo‘lsang, buni tan olish;

Boshqalar charchaganini ham hisobga olish.

Ishning og‘ir davri o‘tib ketadi.

Mavsum tugaydi.

Vazifalar kamayadi.

Lekin o‘sha paytda buzilgan munosabatlarni tiklash har doim ham oson emas.

Shuning uchun eng qiyin davrda eng muhim ikki narsani yo‘qotib qo‘yma:

odamlarni va munosabatlarni.

Ishdagi bosim vaqtinchalik.

Yaxshi munosabatlar esa uzoq yillar kerak bo‘lishi mumkin.

@xodimga
Post #57 6.55K
Fidoiylik - o‘zingni qurbon qilish emas.

Bugun “fidoiy xodim” deganda: ko‘proq ishlash, kechgacha qolish, dam olish kuni ham ishga chiqishnigina tushunamiz.

Fidoiylik faqatgina bular emas.

Fidoiylik - o‘z ishingga befarq bo‘lmaslik. Muammoni ko‘rib, “bu mening ishim emas” deb chetga chiqib ketmaslik. Kerak bo‘lsa, bir qadam ortiqcha yurish. Qiyin vazifadan qochmaslik.

Fidoiylik faqatgina kompaniya uchun foydalimi?

Yo’q, albatta.

Chunki: kompaniya o‘zgaradi, rahbar almashadi, lavozim o‘zgaradi. Bir kun kelib, bu ishdan ketishing ham mumkin.

Lekin shu yerda orttirgan tajribang, biliming, mas’uliyatni ko‘tara olish qobilyating va obro‘ying sen bilan qoladi.

Bugun qiyinroq vazifani o‘rganishing - ertaga seni kuchliroq mutaxassis qiladi.

Bugun bir muammoni o‘zing hal qilishing - ertaga seni boshqalardan ajratib turadi.

Shuning uchun “Bu ish uchun menga qancha qo‘shimcha pul berasiz?” degan fikr har doim ham foydali emas.

Albatta, mehnat adolatli baholanishi kerak. Doimiy ravishda ortiqcha ishlatish yoki xodimning haqqini bermaslik - boshqa masala.

Lekin har bir kichik qadam uchun alohida pul kutish ham odamning o‘ziga zarar qiladi.

Chunki shunda sen har bir ishga faqat:

“Buning menga nima foydasi bor?” deb qaray boshlaysan.

Natijada tashabbus kamayadi. O‘rganish kamayadi. Mas’uliyat kamayadi.

Va eng yomoni - bir necha yildan keyin ham o‘sha joyingda qolib ketishing mumkin.

Qoida:
- Men o‘z haqqimni bilaman.
- Lekin faqat oylik uchun ishlamayman.

Men bu yerda faqat bugungi maoshim uchun emas, ertangi qiymatim uchun ham ishlayman.

Agar kompaniya seni o‘sishingga imkon berayotgan bo‘lsa - undan foydalan.

Qiyin vazifalarni ol. Ko‘proq o‘rgan. Mas’uliyatdan qochma. O‘zingni sinab ko‘r.

Chunki oxir - oqibat sen faqatgina kompaniyaga emas, o‘zingga investitsiya qilyapsan.

Faqat bitta narsani unutma:

Fidoiylik - o‘zingni qurbon qilish emas.
Fidoiylik - o‘zingni kuchaytirish.

@xodimga
Post #56 3.9K
Aybdor qidirma. Mas’uliyatni bo‘yningga ol.

Yaqinda intervyuda bir yigitdan oldingi ishidan ketish sababini so‘raganimda:

- Oxirgi ish joyimdan ketishimga sabab - menejerim juda qattiq tanqid qilib, so‘kib bergani bo‘ldi.
- Nima sababdan?
- Ozgina vaqtga kechga qolganim uchun.
- Birinchi marta kech qolishingga shunaqa so’kdimi?
- Yo‘q, uchinchisi edi.
- Birinichi ikkitasida nima degan?
- Xonasiga chaqirib, chiroyli tanbeh bergan..

Xodim o‘z xatosini ko‘rish o‘rniga, menejerni “yomon odam” qilib, o‘zini “qurbon” qilib ko‘rsatyapti.

Bir marta kech qolish - bu xatolik.

Ogohlantirishlarga qaramay, uchinchi marta kech qolish - bu o‘z tanloving va kompaniya qoidalariga bo‘lgan bepisandligingdir.

Odatda talabchan rahbarni “zolim” deb ataladi. Aslida esa, talabchan rahbar - seni tezroq o‘sishingga yordam beradigan odam. Yengil-yelpi munosabat esa seni faqat dangasalikka o‘rgatadi.

Do’stim, bugun “menejerim yomon” deb ishdan ketsang, ertaga boshqa joyga o‘tib ham kech qolasan va shunchaki yangi “yomon menejer” topasan. Xatoingni tan olmasang, hech qachon o‘smaysan.

Undan ko’ra: “U yerda o‘zimning intizomsizligim sabab davomli kech qoldim va menejerim bilan kelishmovchilik bo‘ldi. Vaziyatni to‘g‘ri baholay olmaganman, lekin bu menga o‘z vaqtini va boshqalarning vaqtini qadrlash bo‘yicha juda qimmat dars bo‘ldi” deyish yaxshiroq.

Eslab qol:

Intervyuda sen sobiq ishxonangni yoki menejeringni emas, o‘zingni shaxsingni sotayapsan. O‘tmishdagi rahbarni yomonlab o‘z aybingni yopsang, yangi rahbar ham seni bir soniyada tushunib oladi.

O‘z xatolaringni yopish uchun atrofingdagilarni qoralashni bas qil.

Xatoni tan olish seni pasaytirmaydi, aksincha, haqiqiy professional ekanlingni ko‘rsatadi.

@xodimga
Post #55 4.07K
Kelishuv turlari

Ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuv - bu shunchaki gap yoki qog‘oz emas, bu ikkala tomonning bir-biriga bo‘lgan mas’uliyati. Uni qanaqa turlari bor? Asosiy 2ta turi haqida:

1. Vazifa kelishuvi: "Ish bitsa, tamom»
. Sen qancha vaqt ishlashing muhim emas, muhimi - sifatli natija.
Xodim uchun: Sen o‘z vaqtingni o‘zing boshqarasan. Ishingni 2 soatda qilib tugatsang, qolgan vaqt seniki.

2. Vaqt kelishuvi: Kompaniya seni 8:00 dan 17:00 gacha bo’lgan vaqtingga pul to’laydi. Sen shu vaqt davomida kompaniya ixtiyoridasan. Kompaniya senga vaqting uchun pul to‘laydi.
Xodim uchun: "O‘z ishimni qilib bo‘ldim" degan bahona bu yerda o‘tmaydi. Ish joyida bo‘lgan har bir daqiqang - kompaniyaning resursi. Ijtimoiy tarmoqlar: «reels», «shorts», kompaniya tomonidan ajratilgandan ortiqcha shaxsiy ishlarga vaqt sarflash - bu ochiq-oydin o‘g‘rilik bo’ladi.

"Ishim kam, vaqtim ko‘p, nima qilay?" degan savolga «telefonimni titkilasam nima qipti?» deb javob berish - bu eng oson, lekin eng noto’g’ri yo‘l.
Agar sen 2-turda ishlasang, bo‘sh vaqtingni qanday ishlatish kerak?
1. Rahbaringdan so‘ra: "Ishimni bajarib bo‘ldim, yana qanday foyda keltira olaman?"
2. O‘zingni o‘stir: O‘sha vaqtni o‘z sohang bo‘yicha yangi bilim olishga, tizimni optimallashtirishga yoki hamkasblaringga yordam berishga sarfla.
3. Tartibni hurmat qil: Agar kompaniya senga vaqt uchun pul to‘layotgan bo‘lsa, u vaqt ichida o‘z shaxsiy ishlaring bilan, bekorchi ishlar bilan shug’ullanish - bu kelishuv shartlarini buzishdir.

@xodimga
Post #54 3.73K
Solishtirish tuzog‘i

O’zingni boshqalar bilan solishtirish - bu komplekslar va ego o‘yini. O‘zingni o‘zing bilan solishtirish - bu o‘sish va taraqqiyot strategiyasi.

1. O’zingni boshqalar bilan solishtirish noto‘g‘ri. Chunki sen boshqalarning faqat «senga ko‘rinadigan natijasi"ni (sahna ortini bilmasdan) o‘z "ichki dunyoying" bilan solishtirasan. Bu adolatsiz kurash.

Natijada: Boshqalardan yaxshiroq bo‘lsang - kekkayish (ego) paydo bo‘ladi. Boshqalardan yomonroq bo‘lsang - tushkunlik (depressiya) boshlanadi. Ikkala holatda ham sen o‘zingni yo‘qotasan.

2. O‘zing bilan solishtirish to‘g‘riroq. Chunki yagona adolatli o‘lchov - bu sen kecha kim eding va bugun kimsan.

Natijasi: Bu jarayon seni boshqalarga emas, o‘zingni salohiyatingga fokus qilishga yordam beradi. Sen «u mendan zo‘rroq ekan» deyish o‘rniga, "men kechagi xatomni tuzatdimmi?,» «nima xulosa oldim?», «nimani yaxshiladim?» degan savollarni qo‘yasan.

To’g’ri yondashuv qanaqa bo’ladi: Solishtirish emas, o‘rganish
Boshqalarni
- o‘rganish uchun ishlat: Boshqalar bilan solishtirma, ulardan o‘rgan. "U qanday qilib bu natijaga erishdi?", "Men ham shuni qila olamanmi?" deb so‘ra. Bu solishtirish emas, bu tajriba almashish.

O‘zingni - o‘lchash uchun ishlat: O‘zingni o’zing bilan solishtirish - bu seni bugungi harakatingni kechagi natijang bilan taroziga solishdir. Mana shu sen uchun haqiqiy "motivatsiya manbai".

Eslab qol: Har bir insonning hayot "marafoni" har xil. Kimdir yugurishni yoshligidan boshlagan, kimdir endi o’rnidan turdi. Agar sen o‘zingni boshqalar bilan solishtirsang, sen doim kimdandir ortda qolayotgandek tuyulaverasan. Bu esa sening energiyangni so‘rib oladi.

Boshqalar bilan solishtirsang - baxtsiz bo‘lasan.
O‘zing bilan solishtirsang
- o‘sasan.

@xodimga
Post #53 4.38K
Muhim bo‘lmagan kasb yo‘q

Ba'zan bir kasbni boshqasidan muhimroq deb baholaymiz. Masalan, «shifokorning xatosi odam hayotini hal qiladi» deymiz. Bu to‘g‘ri. Lekin bir oz chuqurroq o‘ylab ko‘rsak, deyarli har bir kasb odamlar hayotiga ta'sir qiladi.

Masalan, avtobus haydovchisini olaylik. U faqat mashina boshqarmaydi. Uning e'tibori va mas'uliyati bir vaqtning o’zida 40-50 yo‘lovchining to’g’ridan to’g’ri hayoti bilan bog‘liq. Bir necha soniyalik beparvolik jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Oshpaz ham shunchaki ovqat tayyorlamaydi. U odamlarning sog‘lig‘iga, ilm olishiga, kundalik hayoti, ishiga to’g’rida to’g’ri ta'sir qiladigan ish qiladi. Tozalik yoki mahsulot sifati borasidagi kichik xato ham ko‘plab insonlarning hayotiga katta ta’sir qilishi mumkin.

Quruvchi haqida ham shunday deyish mumkin. U qurgan bino yoki inshootda odamlar yashaydi, ishlaydi, farzandlarini tarbiyalaydi. Qurilishdagi mas'uliyatsizlik jamiyatga juda katta ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Aslida jamiyat bir-biriga bog‘langan odamlar va kasblardan iborat katta tizimga o‘xshaydi. Bir joydagi loqaydlik boshqa joyda muammo bo‘lib chiqadi.

Shuning uchun muammolar haqida gapirganda faqat boshqalarni ayblash oson. Lekin jamiyatning sifati ko‘p jihatdan har birimizning ishimizga qanday munosabatda bo‘lishimizga bog‘liq.

Agar haydovchi o‘z ishini vijdonan qilsa, oshpaz tozalikka qat'iy amal qilsa, quruvchi sifatni birinchi o‘ringa qo‘ysa, o‘qituvchi darsini sidqidildan o‘tsa - jamiyat asta-sekin yaxshilanadi.

Kasbning kattasi yoki kichigi yo‘q. Har qanday kasbga mas'uliyat bilan yondashish muhim.

Ko‘pincha biz o‘z ishimizning natijasi boshqalarga qanchalik ta'sir qilishini tasavvur ham qilmaymiz. Vaholanki, har bir ish ortida insonlar hayoti turadi.

Shuning uchun bugun o‘zingga bir savol ber:

Men bugun o‘z ishimni imkon qadar vijdonan va sifatli bajardimmi?

Chunki ba'zan biz uchun oddiy tuyulgan ish, boshqa birovning hayotida juda katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

@xodimga
Post #52 4.63K
Seni har safar qutqarishlari - seni o’sishdan to’xtatishlaridir.

Ko‘pchiligimiz o‘z xatolarinimizni to‘g‘rilab beradigan, muammolarimizni yechib tashlaydigan odamlarni "do‘st" yoki "mehribon rahbar" deb o‘ylaymiz. Aslida esa, ular sening rivojlanishingni to‘sib turgan "to‘siq"lardir.

Agar sen xato qilsang-u, kimdir uni doim to‘g‘rilab qo‘yaversa, seni o‘smasliging aniq. Nega? Chunki:

• «Og‘riq» bo‘lmasa, xulosa yo‘q
Inson odatda o‘z tanasida his qilgan "og‘riq" orqali dars oladi. Agar muammo senga yetib kelmasdan "hal" qilinsa, sen bu vaziyatni shunchaki "yo‘q" deb o‘ylaysan. "Muammo yo‘q, demak, hamma narsa joyida" degan yanglish fikr sening ko‘zingni ko‘r qiladi.

• Mas’uliyat yukini his qilmaslik
Muammoni yechish uchun sarflangan vaqt, kuch va asab - bu seni tajribang. Agar uni boshqa birov bajarsa, sen bu "narx"ni to‘lamaysan. Narx to‘lanmagan joyda esa qadr-qimmat bo‘lmaydi. Sen muammoning hajmini tushunmaysan, shuning uchun ertaga yana o‘sha xatoni takrorlaysan.

• «Qutqaruvchi"ga qaramlik
Muammolar vaqtida doimiy qutqarilib yursang, o‘z kuchingga ishonish o‘rniga, doim kimdir kelib "yordam berishini" kutib yuraverasan.

Xulosa:

"Qutqaruvchi"ga ayt: "Rahmat, lekin bu muammoni o‘zim hal qilishim kerak". O‘z xatoingni o‘zing tuzatish - bu o‘sishning eng tezkor yo‘li.
"Qutqarish"ni bas qil. Agar atrofingdagilarga yordam bermoqchi bo‘lsang, ularning muammosini hal qilib berma. Ularga juda bo’lmaganda muammoni qanday yechishni o‘rgat, lekin yechimni o‘zlariga topshir.
O‘z mas’uliyatingni o’zing ol. Sen o‘z muammolaring uchun javobgarmisan? Agar ha bo‘lsa, nima uchun ularni boshqalarga "yopishtiryapsan"?

O‘z muammolaringni o‘zing yech. Bu - erkinlik va professional o‘sishning kaliti.

@xodimga
Post #51 4.14K
Ishga kirish va topshirishdagi qo‘rquvlar: Sen yolg‘iz emassan

Ish qidirish yoki yangi loyihaga o‘tish - bu qulaylik zonadan chiqib, noma’lumlikka qadam bosish. "Meni qabul qilisharmikan?", "Eplay olarmikanman?" degan savollar ich-etingni yeyishi tabiiy. Lekin eslab qol: ishga topshirish - bu faqatgina imtihon emas, bu hamkorlik taklifi.

Nega qo‘rquvlaring asossiz?
1. "Rad etilish" qo‘rquvi. Rad etilish - bu seni qobiliyatsizliging emas, bu shunchaki o‘sha joyni talablari bilan seni hozirgi holatingni mos kelmaganidir. Har bir "yo‘q" - bu keyingi intervyu uchun saboq.
2. O‘ziga ishonmaslik. Hech kim hamma narsani 100% bilib ish boshlamaydi. Ular seni suhbatga taklif qilyaptimi, demak, ular senda nimadir ko‘rishgan. Endi nega aynan seni ishga olishlari kerakligini ko’rsatish vaqti.

3. "Tanqid qilinish" qo‘rquvi. Xato qilishdan qo‘rqma. Eng muhimi - xatoni tezda tan olish va uni yechishdir. "Tushunmayapman" deyish- zaiflik emas, o‘rganishga bo‘lgan ochiqlikdir.

Mutaxassislikdan ustun turadigan qadriyatlar
Sen ishga kirayotganda faqat diplom yoki eski tajribang bilan emas, balki ikki muhim sifat bilan "qurollanib" borishing kerak:

Moslashuvchanlik. Bugun tizimlar va bozor shartlari har oyda emas, haftasiga o‘zgarmoqda. Endi kompaniyalar uchun "men buni 10 yildan beri shunday qilyapman" deydigan mutaxassisdan ko‘ra, "yangi vaziyatni tez tushunib, shunga moslashib keta oladigan" xodim qimmatliroq.

Fidoyilik. Mutaxassislar ko’p, lekin "yonib" ishlaydiganlar kam. Agar sen ishga shunchaki "soat o‘tishi" uchun emas, balki natija uchun borib, o‘z mas’uliyatingni fidoyilik bilan bajarsang, seni o‘rningni kimdir bosishi qiyin bo’ladi.

Qo‘rquvni qanday yengish kerak?

Tayyorgarlik. Suhbatga borayotgan kompaniyani o‘rgan. Bilim - eng katta qurol.

Sen ham tanlayapsan. Intervyu - bu seni "so‘roq qilish" maydoni emas, sen ham kompaniya senga mosmi yoki yo‘q, buni tekshiryapsan.

Jarayondan zavq ol. Intervyuni yangi odamlar bilan muloqot va o‘sish imkoniyati deb bil.

Eslab qol:
Qo‘rquv faqat o‘zgarish sodir bo‘layotgan joyda bo‘ladi. Agar qo‘rqayotgan bo‘lsang, demak, sen o‘syapsan.

Bugun sening mutaxassisligingdan ko‘ra, moslashuvchanliging va fidoyiliging sening asosiy "tashrif qog‘ozing" bo‘ladi. Agar sen har qanday sharoitda o‘sib, o‘zgartirib va bor kuching bilan ishlay olsang, senga eshiklar doim ochiq.

@xodimga
Post #50 4.33K
Bu his hammamizga tanish. Bahslashayotgan paytingda qarshingdagi odamning mantiqsizligi seni hayratga soladi, g‘azabingni keltiradi va ich-ichingdan: «Nahotki shuni tushunish shunchalik qiyin bo‘lsa? oddiy narsa-ku» degan savol o‘tadi.

Lekin shu o‘rinda to‘xtab, bir narsani eslab olish kerak: tushunmovchilik - bu ko‘pincha aql darajasidagi farq emas, balki "ko‘rish burchagi"dagi farqdir.

Nega ular seni tushunmayapti? Аslida sabablar ko’p, hozir faqat ba’zilari haqida:

1. Ular sen ko‘rayotgan "rasm"ni ko‘rmayapti.
Sen bir masalaga o‘z tajribang, o‘qigan kitoblaring va bosib o‘tgan yo‘ling orqali qarayapsan. U odam esa butunlay boshqa "prizma" orqali qaraydi. Uning uchun bu "oddiy" narsa emas, chunki uning dunyoqarashida bunday faktlar yoki tajribalar yo‘q. U tushunmayotgani uchun aybdor emas, u shunchaki sening joyingda turmagani uchun o‘sha narsani ko‘rmayapti.
2. G‘azab - aqlning qotili.
Sening g‘azabing oshgani sari, qarshingdagi odamning himoya refleksi ham kuchayadi. U seni tushunishga emas, o‘zini himoya qilishga o‘tadi. Bahs aslida "haqiqatni izlash"ga emas, "kim g‘olib chiqadi"ga aylanadi. O‘sha lahzada ikkingiz ham eng oddiy narsalarni tushunish qobiliyatini yo‘qotasiz.
3. Tushuntirish - bu ham san’at.
Agar sen bir narsani tushuntira olmasang, demak, uni o‘zing ham hali yetarlicha sodda va tushunarli qilib shakllantirmagan bo’lishing mumkin. "Agar sen bir narsani 6 yoshli bolaga tushuntira olmasang, demak, uni o‘zing ham tushunmagansan" degan gap bor-ku.

Tavsiya:

"Tushunmaslikka haqqi bor" deb qabul qil. Har kimning qabul qilish tezligi har xil. Uning tushunmasligi - bu uning nuqsoni emas, bu shunchaki jarayon.

Bahsni to‘xtat va "Nahotki tushunmaysan?" deyish o‘rniga, "Men qayerda noto‘g‘ri tushuntiryapman?" deb so‘ra. Bu savol suhbatda o‘zgarish yasaydi.

G‘alaba qozonishni emas, tushunishni maqsad qil. Agar maqsading uni sindirish bo‘lsa, sen doim yutqazasan (chunki munosabat buziladi). Agar maqsading fikringni yetkazish bo‘lsa, unda sabrliroq bo‘lasan.

Eslab qol:
Sening oddiy deb bilgan narsang, kimdir uchun butunlay yangilik bo‘lishi mumkin. Sen hozirgi holatingga qancha vaqt sarflab, qancha bilim to‘plab kelgan bo‘lsang, u odam sendak fikrlay olishi uchun xuddi shunday yo‘lni bosib o‘tishi kerak.

Bahs - bu odamni yengish uchun maydon emas, bu bir-birini tushunish uchun ko‘prik. Agar ko‘prik qura olmasang, borini ham buzib qo’yishing mumkin.

@xodimga
Post #49 2.37K

Forwarded from Aziz Rahimov

Bog’cha ochish bo’yicha savollar so’rab turishadi.

Eng ko’p takrorlanadiganlarini yig’ib do’stimiz Jasurbek bilan darslik yozdik.

Bog’cha ochmoqchi bo’lganlarga foydali bo’ladi.

Ancha xatolardan saqlab qoladi.
Post #48 9.09K
Oxirgi paytlar bitta narsaga ko‘p duch kelyapman

Xabar keladi: “Faylni jo’natib yuboring.
Yig‘ilish nechida bo‘ladi? yoki yana nimadirlar.
Oxirida: Assalomu alaykum.”

Maqsad aytilib bo‘lingan.
Oxirida salom qo‘shilgan.

Bu menga: “tez-tez ishni aytib, oxirida: ie salom berish kerak a, kel mayli salom berib qo‘yaman” degandek his beradi.

Do‘stim, qarshingdagi ham sen kabi odam. Robot emas.

Uning ham: kayfiyati bor, charchog‘i bor, hissiyoti bor

Muloqot esa buyruq yoki so’rovdan emas, odamiylikdan boshlanadi.

Avval:
“Assalomu alaykum, yaxshimisiz? Ishlar yaxshimi?”

Keyin: maqsadingni yoz, ishingni ayt, savolingni ber!

Ishing qochib ketmaydi.

Lekin shu oddiy ketma-ketlik odamning ichidagi munosabatni o‘zgartiradi.

Bu mayda narsadek ko’rinishi mumkin.

Aslida esa: insonning tarbiyasi, farosati, muomala madaniyati aynan shunday kichik joylarda bilinadi.

Yana qiziq tomoni:

Muomalasi yaxshi odamga yordam berish ham osonroq bo‘ladi.

Chunki odamlar: qo‘pol gapga majburiyat bilan, odobli gapga esa xursand bo’lib javob beradi.

Xulosa

Salom - gapning oxiriga qo‘shiladigan “emoji” emas.

Bu muloqotning boshi.

Shuning uchun: avval salomlash. Keyin maqsadingni yoz.

Chunki odamlar vazifani emas, avval o‘ziga bo‘lgan munosabatni his qiladi.

@xodimga
Post #47 6.17K
"Menga yetarli oylik to‘lashmayapti"

Bu fikr miyangda aylana boshladimi, demak, sen "xavfli hudud"ga qadam qo‘yibsan. Nega xavfli? Chunki bu his insonni ich-etidan yeydi, ishga bo‘lgan g‘ayratini so‘ndiradi va oxir-oqibat uni "shunchaki oylik kutib o‘tiradigan robot"ga aylantiradi.

Lekin kel, arazlashni chetga surib, vaziyatni tahlil qilamiz:

1. Bozordagi narxingni bilasanmi?
Aytaylik, sen 5 million olyapsan va bu kam deb o‘ylayapsan. Xuddi sening bilim va tajribangga ega bo‘lgan boshqa odamlar bozorda qancha olyapti?

• Agar boshqalar 8-10 million olayotgan bo‘lsa - demak, sen haqiqatdan ham kam olyapsan.
• Agar hamma joyda oylik shunday bo‘lsa - demak, muammo kompaniyada emas, sening malakangda. Oylikni oshirish uchun bozorda qimmatroq turadigan yangi bilim o‘rganishing kerak.

2. Sen "xarajat"misan yoki "investitsiya"?
Kompaniya uchun xodim ikki xil bo‘ladi:

Xarajat: U bo‘lmasa ham ish to‘xtamaydi, o‘rniga boshqasini topish oson. Bunday xodimga oylikni oshirish - kompaniya uchun shunchaki ortiqcha xarajat.

Investitsiya: U kompaniyaga o‘z oyligidan bir necha barobar ko‘p foyda keltiryapti, muammolarni yechyapti, farosat bilan ishni yurityapti. Bunday xodimni yo‘qotish - kompaniya uchun zarar.

Sen qaysi birisan? Kompaniya sen ketib qolsang, pul yo‘qotadimi yoki shunchaki yangi xodim qidirishga vaqt sarflaydimi?

3. Qachon oxirgi marta "ochiqcha" gaplashding?

"Meni qadrlashmayapti" deb ichingda xafa bo‘lib yurish - bu yechim emas. Rahbar sening ko‘nglingni o‘qiy olmaydi.

Noto’g’ri yo‘l: "Oyligimni oshirmasangiz, ishlamayman" (Shantaj).

To’g’ri yo‘l: "Men oxirgi 6 oyda mana bunday natijalarga erishdim, mana bu muammolarni hal qildim. Maoshimni ko‘rib chiqish imkoni bormi? Yoki ko‘proq maosh olishim uchun yana qanday natija ko‘rsatishim kerak?"

4. Oylikdan boshqa narsalarni ko‘ryapsanmi?
Ba'zan oylik kamroq bo‘lishi mumkin, lekin sen bu yerda ertaga seni 5 barobar qimmat qiladigan tajriba olyapsan. Agar hozirgi ishing senga o‘sish bermayotgan bo‘lsa-yu, oyligi ham kam bo‘lsa - u yerda bir kun qolishni ham o’ylab ko’rsang bo’ladi.

Xulosa:
Nolish - bu eng oson yo‘l. Lekin professional xodim nolimaydi, u yo narxini oshiradi, yo joyini o‘zgartiradi.

Sen bugun ko‘proq oylik olishga loyiq nima ish qilding?

@xodimga
Post #46 4.29K
Qanday dam olsak, haqiqiy dam olamiz?

Dam olish - bu shunchaki divanda yotish yoki yangi joylarga borib, rasmga tushish degani emas. Ba’zan sayohatdan qaytgach, odam ishdagidan ko‘ra ko‘proq charchaganini his qiladi.

Dam olishdan keyin chindan tiklanish uchun amal qilishimiz kerak bo‘lgan 3 ta asosiy tamoyil bor ekan:

1. Maksimal darajada boshqalar uchun javobgarlikni unutish:
Haqiqiy hordiq - qachonki sen hech kim uchun javob bermasang va miyangda kundalik mayda-chuyda tashvishlarni ushlab turmasang boshlanadi. Kimni qayerga olib borish kerak, uni hal qilish kerak, bu ishni tugatish kerak... Bu savollarni miyadan o‘chirib tur. (Oilaviy dam olishlar bundan mustasno, albatta) Hech bo‘lmaganda dam olish vaqtida bu vazifalarni boshqalarga topshirish kerak.

2. Dam olish uchun hamma narsa tayyor va rejalashtirilgan bo’lishi muhim. Chunki miya hamma narsa tanish va tushunarli bo‘lganda dam oladi.
Yangi joylar, notanish marshrutlar yoki yangi davralar - bularning barchasi miyadan qo‘shimcha energiya va diqqat talab qiladi. Tashqaridan bu ko‘ngilochar bo‘lib ko‘rinsa-da, miya "yangi hududni o‘rganish" rejimida ishlashda davom etadi.
Shuning uchun, charchoq haddan tashqari ko‘p bo‘lsa, o‘zingga tanish yo‘llarni, sevimli manzil va miyani zo‘riqtirmaydigan mashg‘ulotlarni tanlash ma’qul.

3. Hordiqni boshqalarning dam olishdagi rasmlari bilan solishtirma.
Qachonki dam olishingga tashqi baho qidira boshlasang yoki "boshqalardan yaxshiroq ko‘rinishga" harakat qilsang - dam olish shu yerda tugaydi.
Haqiqiy dam - bu faqat sening ichki his-tuyg‘ularing va xotirjamligingdir.

Professional xodim - bu faqat zo‘r ishlaydigan emas, balki vaqtida va to’g’ri dam olishni biladigan odamdir. Chala dam olgan odamdan natijalar ham shunga yarasha chiqadi.
Miyangni o‘chirishni o‘rgan, aks holda u seni eng kerakli pallada "o‘chirib" qo‘yadi.

@xodimga
Post #45 3.71K
#boshqaruvchiga

Do‘stim, sen "Yong‘indan xabar beruvchi signalizatsiya" emassan!!!

“Nega xatoga yo‘l qo‘yding?”
“Hisobot nega kechikdi?”

Agar seni xodimlaring bilan muloqoting faqat mana shunday gaplardan iborat bo‘lsa, to‘xta. Sen rahbar emassan, sen ular uchun shunchaki "yong‘in signalizatsiyasi"ga aylanib qolibsan. Ya’ni, faqat muammo chiqqandagina ovoz chiqaradigan apparatsan.

Tushun. Agar xodimlaring seni telefonida ko‘rganda yoki xonangga chaqirganingda qo’rqib, yuragi havotirlanib tursa, demak, sen boshqaruvda xato qilyapsan.
Nega doimiy tanqid va faqat muammo haqidagi muloqot xavfli?

• Qo‘rquv muhiti: Xodim yangilik qilishdan, tashabbus ko‘rsatishdan to‘xtaydi. Chunki: "Yangi narsa qilsam xato qilaman, xato qilsam menejerim yana urushadi, menga kerakmi shu? deb o’ylaydi.

• Motivatsiyaning o‘lishi: Inson "men faqat xato qiladigan odamman" degan fikr bilan uzoq vaqt ishlay olmaydi. Uning ichidagi olov o‘chadi, ishga shunchaki "robot"dek kelib-ketadi.

• Ishonchsizlik: Faqat yomon gap eshitadigan odam senga dushmandek qaray boshlaydi. Jamoada jipslik yo‘qoladi.

Rahbarning oltin vazifasi:
Xodimni nafaqat xato qilganda, balki hamma narsa to‘g‘ri ketayotganda ham eslashdir.

E’tirof etish uchun mo‘jiza kutish shart emas:
"Safardaligimda muammo chiqmapti"
"Bugun mijoz bilan juda chiroyli gaplashding, rahmat".
"Hisobotni o‘z vaqtida va tartibli topshirganing uchun minnatdorman".
"Sening jamoada borliging bizga kuch beryapti".
Mana shu kichik og‘zaki e’tiroflar - xodim uchun berdigan oyligingdan ko‘ra ko‘proq motivatsiya berishi mumkin. Chunki inson o‘z mehnati ko‘rinayotganini his qilishi kerak.

Eslab qol:
Xodimni sovutib qo‘yish oson, lekin uni qayta isitish uchun yillar kerak bo‘ladi.
Yaxshi menejer - bu xatoni qidiradigan emas, balki yaxshi bajarilgan ishni topib, uni olqishlaydigan odamdir.
Sen bugun qaysi xodimingga "rahmat" deding?
Yoki faqat "aybini isbotlash" bilan bandmisan?

Munosabatlarni muammo chiqishidan oldin qur. Shunda muammo chiqqanda, jamoang uni sen bilan birga yopishga tayyor bo‘ladi.

@xodimga
Post #44 2.8K
Nega savol berish muhim?

“O‘zim eplayman”. “So‘rasam, bilmas ekan deb o‘ylashmasin”. “Savol berib ishidan chalg‘itmay”.

Agar shunday o‘ylayotgan bo‘lsang - sen o‘z o‘sish jarayoningni tormozlayapsan. Aqlli xodim - bu hammasini biladigan emas, balki to‘g‘ri savol berishni biladigan odamdir.

Nima uchun savol berish va senga o’rgatishlarini so’rash zarur?

1️⃣ Vaqtni tejash uchun. Tajribali hamkasbing sen endi qoqilmoqchi bo’lgan yo’llardan allaqachon o‘tgan. Uning bittagina maslahati seni haftalab davom etishi mumkin bo‘lgan mehnatingni tejab qoladi. G‘ildirakni qayta kashf qilishga harakat qilib o’tirma!

2️⃣ Chuqurroq anglash uchun. Yo‘riqnomalar senga faqat "nima qilish kerakligi"ni o‘rgatadi. Tajribali hamkasb esa - ishning mantiqi va hech qayerda yozilmagan nozik jihatlarni tushuntiradi.

3️⃣ Tezroq natijaga chiqish uchun. Bu paradoks: Ish boshida qancha ko‘p so‘rasang, shuncha tez boshqalarning yordamiga muhtoj bo‘lmaydigan darajaga yetasan. Ko‘p so‘ragan - tez o‘sadi.

4️⃣ Mustahkam a’loqalar qurish uchun. Savol berish - bu qarshi tarafning tajribasiga nisbatan hurmat belgisidir. Odamlar o‘z bilimlarini baham ko‘rishni yaxshi ko‘radilar. Shunda sen shunchaki "yangi xodim" emas, balki jamoaning o‘rganishga tashna va hurmatga loyiq a’zosiga aylanasan.

5️⃣ Tizimni ko‘rish uchun. Yangi xodim bitta vazifani yechadi. Tajribali xodim esa - butun bir muammolar turkumini hal qiladigan tizimni quradi. Unga savol berish orqali sen katta hajmda ko‘rishni o‘rganasan.

Eslab qol: Eng yomon savol - bu berilmagan savoldir.

Sen bugun tushunmagan narsangni so‘radingmi? Yoki "bilmasvoy" bo‘lib ko‘rinishdan qo‘rqib, xato qilishni tanladingmi?

O‘zingni qiynama, so‘ra va o‘rgan. Bu - muvaffaqiyatning eng qisqa yo‘li.

@xodimga
Older posts →

About this channel

How can I read @xodimga without a Telegram account?
TGViewer shows the public web preview Telegram publishes for Xodimga: recent posts, photos, videos and the subscriber count, with no app, login or account.
How many subscribers does Xodimga have?
Xodimga (@xodimga) has 1.63K subscribers on Telegram, refreshed roughly every 30 minutes.
Does Xodimga know I viewed it here?
No. Public channel previews carry no viewer identity, and TGViewer has no accounts or tracking of what you look up.
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →