"Menga yetarli oylik to‘lashmayapti"
Bu fikr miyangda aylana boshladimi, demak, sen "xavfli hudud"ga qadam qo‘yibsan. Nega xavfli? Chunki bu his insonni ich-etidan yeydi, ishga bo‘lgan g‘ayratini so‘ndiradi va oxir-oqibat uni "shunchaki oylik kutib o‘tiradigan robot"ga aylantiradi.
Lekin kel, arazlashni chetga surib, vaziyatni tahlil qilamiz:
1. Bozordagi narxingni bilasanmi?
Aytaylik, sen 5 million olyapsan va bu kam deb o‘ylayapsan. Xuddi sening bilim va tajribangga ega bo‘lgan boshqa odamlar bozorda qancha olyapti?
• Agar boshqalar 8-10 million olayotgan bo‘lsa - demak, sen haqiqatdan ham kam olyapsan.
• Agar hamma joyda oylik shunday bo‘lsa - demak, muammo kompaniyada emas, sening malakangda. Oylikni oshirish uchun bozorda qimmatroq turadigan yangi bilim o‘rganishing kerak.
2. Sen "xarajat"misan yoki "investitsiya"?
Kompaniya uchun xodim ikki xil bo‘ladi:
Xarajat: U bo‘lmasa ham ish to‘xtamaydi, o‘rniga boshqasini topish oson. Bunday xodimga oylikni oshirish - kompaniya uchun shunchaki ortiqcha xarajat.
Investitsiya: U kompaniyaga o‘z oyligidan bir necha barobar ko‘p foyda keltiryapti, muammolarni yechyapti, farosat bilan ishni yurityapti. Bunday xodimni yo‘qotish - kompaniya uchun zarar.
Sen qaysi birisan? Kompaniya sen ketib qolsang, pul yo‘qotadimi yoki shunchaki yangi xodim qidirishga vaqt sarflaydimi?
3. Qachon oxirgi marta "ochiqcha" gaplashding?
"Meni qadrlashmayapti" deb ichingda xafa bo‘lib yurish - bu yechim emas. Rahbar sening ko‘nglingni o‘qiy olmaydi.
Noto’g’ri yo‘l: "Oyligimni oshirmasangiz, ishlamayman" (Shantaj).
To’g’ri yo‘l: "Men oxirgi 6 oyda mana bunday natijalarga erishdim, mana bu muammolarni hal qildim. Maoshimni ko‘rib chiqish imkoni bormi? Yoki ko‘proq maosh olishim uchun yana qanday natija ko‘rsatishim kerak?"
4. Oylikdan boshqa narsalarni ko‘ryapsanmi?
Ba'zan oylik kamroq bo‘lishi mumkin, lekin sen bu yerda ertaga seni 5 barobar qimmat qiladigan tajriba olyapsan. Agar hozirgi ishing senga o‘sish bermayotgan bo‘lsa-yu, oyligi ham kam bo‘lsa - u yerda bir kun qolishni ham o’ylab ko’rsang bo’ladi.
Xulosa:
Nolish - bu eng oson yo‘l. Lekin professional xodim nolimaydi, u yo narxini oshiradi, yo joyini o‘zgartiradi.
Sen bugun ko‘proq oylik olishga loyiq nima ish qilding?
@xodimga
Post #47
6.17K