TGViewer
Orif Tolib Orif Tolib @oriftolib · 15.1K subscribers
Post #1242 20.8K
“Svejiy” soʻzining tarjimasi nima?

Ruscha savodi “tvaya-maya” darajasida boʻlsa-da, oʻzbek tilini kamsituvchi odamlar uchrab qoladi. Ularning sevimli savollaridan biri shu: “Svejiy oʻzbekchada nima boʻladi? Masalan, svejiy karam?”. Mabodo “yangi” deb javob bersangiz, istehzoli tirjayishga roʻpara boʻlasiz: “Yoʻq, yangi noʻviy boʻladi, svejiy nima?”. Goʻyo shu bilan Himolay togʻini zabt etganday ichki qoniqish tuyadi.

Xoʻsh, svejiy soʻzining oʻzbekchasi nima boʻladi? Javob shu: yangi boʻladi. Svejiy umumiy mazmunga qarab sof, toza, salqin, kuchli, tetik, tiniq, eng soʻnggi deb ham tarjima qilinishi mumkin.

Biz eʼtibor qaratayotgan holatda yangi deb tarjima qilinadi va bu – toʻgʻri. Chunki yangi keltirilgan, yangi uzilgan, terilgan meva-sabzavotlar va boshqa mahsulotlarga nisbatan oʻzbekchada yangi soʻzi ishlatiladi. U svejiy bergan maʼnoni ifodalay oladi.

Bilimi sayoz odam inkorga ishqiboz boʻladi. Tuzukroq dalil keltirmaydi, lekin inkor qilaveradi. Oʻzi, bu xil odamlar bilan bahslashmagan yaxshi. Mabodo oʻz tilini yerga urishdan zavqlanayotgani gʻashingizga tegsa, xuddi oʻzining usulida savol berishingiz mumkin: “Yomgʻir yogʻyapti rus tilida nima boʻladi?” Mabodo bilsa, “Dojd idyot”, deydi. “Iye, yomgʻir ketmaydi-ku, yogʻadi, uning oyogʻi yoʻq” desangiz, kalovlanib qolishi aniq. Chunki rus tilida alohida “yogʻmoq” feʼli yoʻq.

Shunaqa. Har bir tilning oʻziga xos tomonlari bor. Toʻgʻri, rus tili – boy til. Ishlangan, keng qamrovli, salohiyatli til. Lekin oʻzbek tili ham kam emas. Uning ham oʻz ustunliklari bor. Oʻzbek tili nodir tushunchalarga ot qoʻya biladi, bitta soʻzni bir necha xil maʼnoda tovlantira oladi, holat yoki harakatlarning turfa qirralarini ifodalovchi soʻzlarga ega. Ammo buni anglash uchun tilni sal chuqurroq oʻrganish talab etiladi. Oʻrganishning oʻzigina yetmaydi, albatta, ozroq mehr ham kerak.

Slovenlarning bir maqoli bor: “Oʻz tilini yerga urgan odam onasini ham yerga uradi”. Menimcha, shu gap koʻp narsaga kifoya qiladi.

👉 Toʻliq oʻqish

🔄 Mavzuga aloqador:
👉 “Barra” nima degani?
👉 Kalka va kalkalash
👉 Ifoda tarzi oʻzbekcha boʻlsin
👉 -lar qoʻshimchasini qoʻllashdagi xatolar

@oriftolib | Sahifalarimiz
  • 👍 30
  • 💯 3
  • 🔥 2
  • 😢 1
  • 😎 1
More from @oriftolib
  1. Sep 26, 2026“Bu gʻirt SI-ku!”: Yoshlar nega sunʼiy intellektni haqorat soʻziga aylantirdi? Britaniya v…
  2. Sep 25, 2026Navoiy “Kulliyot”ining nodir faksimile nusxasi Oʻzbekistonga keltirildi Alisher Navoiy “Ku…
  3. Sep 25, 2026🚀 20:30’da jonli efir boʻladi, rejangizga kiritib qoʻying! 🎤 Bugun 20:30’da shu kanalda…
  4. Sep 25, 2026Turk tili ustozi Gʻulomjon xoʻja (turk tilida ustozga hoca deb hurmat koʻrsatishadi) oʻquv…
  5. Sep 23, 2026Bolalar smartfonga emas, kitobga ham talpinishi mumkin Bolasiga kitob oʻqita olmay xunob b…
  6. Sep 18, 2026Post #4893
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →