Oʻzbekchasini unutganlar uchun mitti lugʻat
Soʻzlashuv tilida juda koʻp oʻzbekcha yoki oʻzbekchalashgan soʻzlarning oʻrnini yot soʻzlar egallab olgan. Aslida bu soʻzlarning soddaroq, qisqaroq, tushunarliroq oʻzbekcha shakli bor. Lekin negadir begona soʻzlarni qoʻllayveramiz. Bu narsa ongimizga shu qadar singib ketganidan buni koʻpincha sezmaymiz ham.
Quyida shunday soʻzlarning kichik lugʻati bilan tanishasiz.
❗️ Chet soʻzlar oʻzbekcha imloda berilgan.
Aklad – oylik, maosh.
Balnisa – kasalxona, shifoxona.
Brat – aka, akaxon.
Vapshe, obshe – umuman. Aslida “umuman” soʻzini ham iloji boricha kam ishlatgan maʼqul.
Golubsi – doʻlma.
Da (telefon koʻtarilganda) – eshitaman, labbay. Yoki xalqaro “alo” soʻzini ham ishlatish mumkin.
Zdachi – qaytim.
Izdivatsa qilmoq – ustidan kulmoq.
Kanikul – taʼtil.
Kapchoʻniy – dudlangan, qoq, sur.
Karochi – qisqasi.
Koja – teri, charm, koʻn.
Mazgi – miya.
Malades – yashang, yasha, yashavor. Eskilar bu soʻz oʻrnida “barakalla” yoki “borakalloh” degan soʻzni ishlatgan.
Marazilnik – muzlatkich.
Mashennik – firibgar, qallob.
Medsestra – hamshira.
Moʻshniy – kuchli, zoʻr.
Narmalni – tuzuk, yaxshi, durust, chidasa boʻladi. Juda shu soʻzga mehr-muhabbatli boʻlgan kishi “normal” deb ishlatishi ham mumkin.
Naski – paypoq.
Otdix – dam olish.
Pashti – deyarli.
Prayezd – kira haqi, yoʻlhaqi.
Proʻpka – tiqilinch (yoʻl); tiqin (idishda).
Poʻpkoʻrn – bodroq.
Rayoʻn – tuman. Bu soʻz yoshi kattalar orasida hozir ham ora-sira ishlatilyapti.
Salyoʻniy – tuzlangan, tuzlama, shoʻr.
Svejiy – yangi.
Svet – chiroq.
Suboʻtnik – shanbalik. “Hashar” deyilsa, tamoman oʻzbekcha boʻladi.
Travma – jarohat.
Uje – bu soʻz alohida soʻz bilan tarjima qilinmaydi, qoʻshimchalardayoq maʼnosi ifodalanadi. Masalan, “Uje keldim” deyish oʻrniga “kelib boʻldim” deyiladi.
Uspet qilmoq – ulgurmoq.
Xalades – ilvira, ilkillama. Bu taomning oʻzbekcha nomini ayrim yoshi katta kishilargina bilsa kerak.
Xaladilnik – sovitkich.
Chtobi – uchun. Masalan, “Men atayin toʻliq gapirib berdim. Chtobi sen tushungin”. “Men tushunishing uchun toʻliq aytdim” deyish qisqa, loʻnda, oʻzbekcha.
Ekanom qilmoq – tejamoq.
“Irfon” taqvimi (2014)da chop etilgan.
❗️ Oʻzbekchalashtirishga qarshi boʻlganlarga: bu soʻzlarning oʻzbekchasini qoʻllang degan gap aynan sizga atalmagan. Yengil nafas olavering.
Qolganlarga: iloji boricha oʻzbekchasini ishlating, til rivojiga va sofligiga shaxsan hissa qoʻshing.
Bunga oʻxshash yana qanday soʻzlarni bilasiz? Izohlarda qoldiring.
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #1059
27.4K
- 👍 26
- 🔥 4