Ifoda tarzi oʻzbekcha boʻlsin
Gap faqat soʻzlarda – narsalarning otini, sifatini, miqdorini, harakatini, tarzini anglatuvchi kalimalardagina emas. Fikr-munosabatni bayon etishda turli ellarning har biri boshqacha-boshqacha soʻz va ifoda tarzini tanlaydi. Masalan, biz “xohlamayman” desak, ruslar “не хочу” deydi. Shu oddiy bir misolda turkiy xalqlar avval predmet(xohla)ni atab, soʻng uni inkor qilsa (+mayman), hind-yevropa til oilasiga mansub tillarda soʻzlashuvchilarda buning aksi: avval inkor etib (ne), soʻng predmet(xochu)ning nima ekanini bildirishi ayon boʻladi.
Bizda hozir bir qism odamlar ana shunday oʻziga xosliklar borligini yo unutib yuborgan yoki anglamaydi. Oqibatda koʻp fikrlar hissiz, jonsiz holda boshqa odamga yetib boradi. Tarjima tili jonli soʻzlashuv nutqiga ham kuchli taʼsir oʻtkaza boshlagan, hozirgi zamonda bu narsa juda sezilyapti.
“Men oʻylaymanki...” (я думаю, что...), “бир soʻz bilan aytganda” (slovom) deb gap boshlaydigan odamlarning aksari yo oʻzbek emas, yoki ona tiliga begonalashgan oʻgay oʻzbek boʻlib chiqadi.
Tilning milliy tabiatini his etmagan odam nimani tarjima qilmasin, asliyat tili jodusiga berilib, “asliga toʻgʻri” qilib agʻdarib ketaveradi. Ana shunday mutarjimlar tufayli bizda “tarjima tili” degan arosat paydo boʻlgan: oʻqisang – anglamaysan, aytsang – birov tushunmaydi. Axir, masalan, “bandlikka koʻmaklashish” nima degani? Tili buzilmagan oʻzbek bu gapni eshitsa, kimdir (ishga) band, unga yordam berish kerak ekan, deb oʻylaydi. Yana bu almoyining “bandlikni taʼminlash” (obespecheniye zanyatosti) degan aljoyisi ham bor. Shuning oʻrniga, “ish topishga koʻmaklashish”, “ish topib berish” desak, kim nimani yutqizadi?
Zuhriddin Isomiddinovning “Tarjima va til” maqolasidan.
OʻzAS, 2021-yil 26-noyabr
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #1891
19.5K
- 👍 2