TGViewer
Channel Public Channel
Muhrim / Муҳрим

Muhrim / Муҳрим

@muhrim

Gap bormi? Marhamat — @muhrimchatbot

Tijoriy takliflar uchun @muhrim_reklama_bot ga murojaat qiling.
Subscribers
13.9K
Photos
903
Videos
394
Links
2.2K
Recent Posts 14 shown
Post #3437 3.5K
Toshkentning ichimlik suv ta’minotiga mas’ullarini yozda oftob qattiqroq urgan, shekilli (uzr so‘ragan bo‘lsa ham-da).

O‘zi, birinchidan, sovuq suv bunaqa bir sutkalab o‘chirilganini eslolmayman (ha, Eski O‘zbekiston davrida ham ko‘rmaganman, har qalay, biz yashagan mahallalarda unday bo‘lmagan).

Ikkinchidan, 23-24-sentabr kunlari ham bir o‘chgandi suv, xuddi mana bu rejada yozilganidek. Bugun yana o‘chdi, bu ham rejada yozilgan ekan, lekin shu joyida sal mantiqsizlik bor-da baribir.

Masalan, Yunusobodning 19-mavzesi o‘zi uchta mahallaga bo‘linadi: “Shoshtepa” (bular “Choshtepa” deb yozibdi), “Uvaysiy” va “Yurtobod”. Rejada bu mahallalarda suv 23-24-sentabrda bo‘lmasligi ko‘rsatilgan.

Endi, bugun, 28-sentabrda ham Yunusobod 19-mavzesida suv bo‘lmaydi, deb ko‘rsatgan. Baraka topkur, boyagi uchta mahalla o‘zi shu 19-mavze-ku :)

O‘tgan safargi suv o‘chishiga shuning uchun ham toqat qilsa bo‘lardiki, unda har qalay issiq suv bor edi, bugundan bizning mahallada issiq suv ham bir haftaga rejali o‘chgan :)

Hay, suv-moshinada suv yuboramiz, deyishyapti-ku. O‘zbekistonda umuman suvsiz joylar bor, odam bir kunlik suvsizlikdan nolishga ham hijolat o‘zi 🙈 Uzr.
Post #3436 8.42K
Post #3435 4.31K
Bolalarga nisbatan qabih jinoyatlar uchun jazo amaldagi qonunchilik doirasida maksimal darajada og‘ir va ayovsiz bo‘lishi kerakligi borasida, menimcha, hamma yakdil. Bunda jazo nafaqat og‘ir, balki muqarrar ham bo‘lishi shart — jazodan (ehtimoliy jinoyatchilarni hali jazolamay ham turib) kutilgan samaraga faqat shundagina erishish mumkin.

Jamoatchilikdan: “Bunday jinoyatchilarni qanday jazolash kerak?”, deb so‘ralsa, ular xohlagan gapini aytishi mumkin va aytishga haqli ham. Jamoatchilik Konstitutsiya bilan taqiqlangan o‘lim jazosini ham qayta tiklash kerak, deyishi mumkin hatto. Albatta, bu fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi — O‘zbekistonda o‘lim jazosi tiklanmasligi kerak, lekin jamoatchilik o‘z fikrini erkin aytishga haqli.

Shu bilan birga, O‘zbekiston sharoitida eng yuqori minbarlardan, eng yuqori darajada o‘lim jazosini qo‘llash borasida fikr bildirishda, nazarimda, ehtiyotkorroq yo‘l tutish maqsadga muvofiq bo‘lsa kerak. Ha, eng yuqori darajadagilar ham odam va ular ham o‘z fikrini jamoatchilikning qolgan vakillari kabi erkin bildirishga haqli, bu borada bahs yo‘q.

Lekin O‘zbekiston sharoitida eng yuqori darajada aytilgan o‘tkinchi bir fikr ham topshiriq sifatida qabul qilinib, o‘rinsiz amaliy harakatlar boshlanib ketishi va bu qudrat egalarining o‘zi tomonidan keyinchalik xato sifatida e’tirof etilishi mumkin bo‘lgan qarorlar qabul qilinishiga sabab bo‘lishini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, sud hokimiyatiga ishonch yo‘q bo‘lgan hozirgi sharoitda o‘lim jazosining — qancha istisnosi bo‘lishidan qat’i nazar — qayta tiklanishi ayanchli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.

Ozgina qudrati bor va tarbiyasi jirkanch ishlarni qilishga yo‘l qo‘yadigan shaxs o‘zining ko‘ziga dushman ko‘ringan istalgan odamga bir lahzada “besoqolboz” degan tamg‘ani yopishtira olishiga va buning uchun jazolanmasligiga ishonadigan mamlakatda o‘lim jazosining qayta tiklanishi ertaga istalgan noqulay odamning “bolalarga uyatsiz-buzuq harakat qilgan” degan soxta ayb bilan qonuniy o‘ldirilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda bolalarni pedofillar va boshqa jirkanch shaxslardan muhofaza etish yo‘lida o‘lim jazosigacha ham qilish mumkin va qilish kerak bo‘lgan ancha-muncha ish bor, menimcha. Avvalo, hozir mavjud jazolarning o‘zi muqarrar bo‘lishi, jazo tayinlashda bunday jinoyatchilardan jamiyatga yetadigan zarar to‘g‘ri baholanishi kerak (masalan, bunday jinoyatchilarga amnistiya qo‘llash — qanchalik to‘g‘ri?). Bundan tashqari, tegishli idoralar bunday holatlar haqida tarqalayotgan xabarlarga avvalboshdan sezgir va hushyor bo‘lishi, bunday ishlarni eng yuqori darajada kimningdir qattiq jahli chiqquniga qadar o‘z nazoratiga olishni o‘rganishi kerak.

O‘lim jazosi esa, huquqshunoslar ko‘p marta ta’kidlaganidek, bu tur jinoyatchilarning tiyilishidan ko‘ra, ularning o‘ldirilgan qurbonlari (jinoyatlarining yo‘q qilingan yagona guvohlari) soni ko‘payishiga xizmat qilishi ehtimoli yuqoriroq.

Shuningdek, bunday jinoyatlarning oldini olish uchun ko‘zbo‘yamachi ishlarni haqiqiy, doimiy harakatga aylantirish kerak. Masalan, Namangandagi keysda bog‘chadagi kuzatuv kameralari ishlamagani, bu esa jinoyatda gumonlanayotgan shaxsning xatti-harakatlari uchun qulay sharoit yaratib bergani taxmin qilinyapti. Shu kameralar xo‘jako‘rsinga turmay, chindan ishlasa va ular to‘g‘ri kuzatilib borilsa, vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish, nafaqat bunday qabih, balki boshqa tur jinoyatlarning ham oldini olish mumkin bo‘lsa kerak.

Har qanday holatda ham, ayniqsa, davlat o‘z nazorati ostidagi bolalar bog‘chasida bolalarning xavfsizligini ta’minlay olmayotgan sharoitda, O‘zbekistonda o‘lim jazosi tiklanmasligi zarur. Eng kamida, hozir tiklanmasligi kerak. Zotan, o‘lim jazosi bugungi dardlarimizga malham bo‘ladigan universal yechim emas. Ungacha ham qilish mumkin va qilish kerak bo‘lgan ishlar bisyor.

Yo Xudo, bolalarimizni o‘zing asra!
Газета.uz «Аризани қайтариб олиш учун пул таклиф қилишди». Наманганда 5 ёшли қизча зўрлангани бўйича қўшимча тафсилотлар Учқўрғонда 5 ёшли қизга нисбатан жинсий зўравонлик бўйича қўшимча тафсилотлар эълон қилинди. Боғча директори ва тарбиячиси воқеа вақтида нималардан хабардор бўлганини айтган бўлса, қизнинг онаси фарзанди билан суҳбати, ишламаган камералар ва унга пул таклиф…
Post #3434 3.54K
Saida Mirziyoyeva BMT maydonlarida Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon va uning rafiqasi Kim Xe Gyon, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Gruziya bosh vaziri Irakli Kobaxidze, Paragvay prezidenti Santyago Penya va uning rafiqasi Letisiya Okapmos, AQSh davlat kotibi Marko Rubio va boshqalar bilan muloqotda bo‘libdi.

Bundan tashqari, Nyu-Yorkda BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish, AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Ben Blek, Google vitse-prezidenti Karan Bhatiya, BlackRock kompaniyasi prezidenti Robert Kapito, kompaniya vitse-raisi Tomas Donilon, Global Infrastructure Partners raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Xatami, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) rahbari Diyene Keyta bilan uchrashuvlar o‘tkazilgani haqida avval xabar berilgandi.

BMT bosh minbaridagi o‘zbekcha nutq — alohida mavzu. Sermahsul safar.
Post #3433 8.11K
Agar “podkastlarda qatnashuvchi” degan kasb bo‘lsa, men hozir amalda shu kasb egasiman 🙂

Avvalroq “Gashtak”dagi ishtirokim havolasi bilan bo‘lishgandim (o‘sha podkast 100 mingdan ko‘p ko‘rilibdi; tavba-tavba!), bunisi endi “Ilk qadam” nomli podkastdagi ishtirokim havolasi va unda, tabiiyki, siz ham biladigan, siz avval ham eshitgan ko‘plab gaplarni yana bir marta gapirib kelganman.

Kim bilsin, balki birorta yangi gap ham bordir. Bo‘lsa, unisini siz ayting (e’tiboringiz uchun oldindan ko‘p rahmat!): https://www.youtube.com/watch?v=rbcpzQ9ZVG0
YouTube Nega bolalarimiz o‘qishni xohlamayapti? Registon maktabi: 📞 +998 91 002 27 00 Ilk Qadam podkastimizning bu sonida Jurnalist Muhrim A'zamxo'jayev mehmon bo'ldi. Suhbatimiz davomida O'zbekistonda ta'lim tizimining bugungi holati, davlat va xususiy maktablarning o'zaro farqi, boshlang'ich ta'limning…
Post #3426 3.6K
Hozir O‘zbekistonning eng asosiy boyligi nima? Oq oltin emas. Qora oltin emas. Radioaktiv oltin emas. Hatto bugun eksportimizning asosiy moddasi hisoblangan haqiqiy oltin ham emas.

“O‘zbekistonning eng asosiy kapitali — uning yosh avlodi”, — dedi Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) bilan hamkorlikda o‘tkazilgan va demografik barqarorlikka bag‘ishlangan tadbirda.

Uning ta’kidlashicha, bu salohiyat kelgusida demografik dividend manbaiga aylanishi uchun bugundanoq har bir insonning, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi va xavfsizligiga sarmoya kiritish zarur. Shu maqsadda O‘zbekistonda demografik prognozlash tizimi yo‘lga qo‘yilyapti, “Demografik dividend – 2050” strategiyasini ishlab chiqishmoqchi.

Bu ro‘yxatda men uchun eng muhimi — ta’lim. Yoshlarning ko‘pligi o‘z-o‘zidan boylik emas: bilim va kasb egallagan yoshlargina dividend beradi. Bugun 1-sinfga borgan bola 2050-yilda mamlakatning asosiy ishchi kuchi bo‘ladi. Reja chorak asrga mo‘ljallangan ekan, hisob aynan shu bolalardan boshlanadi.

Zero, ta’kidlanganidek, O‘zbekiston “kelajagi nafaqat aholi soni, balki, eng avvalo, ular qanday imkoniyatlarga ega bo‘lishi bilan belgilanadi”.
Post #3425 4.66K
Bu tomoshani boshqalar uyushtirgan bo‘lsa-da, negadir men g‘alati bo‘lyapman, hatto uyalyapman, shekilli.

Hay, bu odamning aybi yo‘qdir, lekin uni kim yomonotliq qildi, kim uning jinoyatchilikda gumon qilinayotgani haqida prezidentgacha gapirtirdi? Prezident O‘zbekistondagi har bir gumonlanuvchi haqida har kuni omma oldida gapiravermaydi-ku axir.

Bu odam beayb bo‘lsa, unda u kimning xatosi bilan bunday sazoyi qilindi, ishidan ayrildi, shuncha yil yiqqan obro‘si to‘kildi? Shuncha gap-so‘zdan keyin hech bir izohsiz bu odamni (yashirincha?) oqlab, yana hech bir izohsiz poytaxtdagi bir katta tumanning melisasiga boshliq qilib qo‘yaveradimi?

Hatto Eski O‘zbekistonda ham bunaqasi bo‘lmagan shekilli? “Bundan battari ham bo‘lgan”, desangiz — bunaqa bo‘lishining asli noto‘g‘ri-ku! Konstitutsiyasi yangilangan, o‘rni bo‘lsa-bo‘lmasa har jabhada o‘zini “Yangi” deb ta‘riflayveradigan O‘zbekistonga yarashadigan ishmi shu?

Tavba, tavba!
Post #3424 3.68K
Surxondaryodagi “elektrichkalar” — 2026-yilda jamoatchilik e’tiborini o‘ziga qaratgan mavzulardan biri. Surxondaryoning xalq tomonidan “bloger-hokim” deya ta’riflangan hokimi sharofati bilan. Yaxshi ma’noda uning sharofati bilan. Chunki bu vaziyatda u ham bir iste’molchi bo‘lsa kerak, axir temiryo‘l ham, uning vagonlari ham viloyat hokimliginiki emas, hammasi “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga tegishli. Hokim bor-yo‘g‘i xalqning bir dardini retranslyatsiya qilib berdi.

Shundan keyin ozmi-ko‘pmi biroz o‘zgarish bo‘lgan. Biroz. Ko‘p emas. Gazeta muxbiri Otabek Turdiyev shu haqda reportaj tayyorlabdi: https://www.gazeta.uz/oz/2026/09/24/termiz-sariosiyo/
Газета.uz Termiz-Sariosiyo yo‘nalishidagi poyezdda harakatlanish nega qiyin? Gazeta reportaji Yoz oxirlarida Termiz-Sariosiyo poyezdida odamlar o‘tirib ketishga joy topolmay, yo‘laklarda tik turib ketgani aks etgan video tarqaldi. O‘zbekiston temir yo‘llari bu poyezd 'jamoat transporti tamoyili asosida ishlashi'ni ta’kidladi. Gazeta muxbiri real vaziyatni…
Post #3423 3.73K
Men ANORBANK’ni kichikroq bir bank deb yurardim, lekin u yerdagi sur’at juda katta ekan-ku: odamlar uch kunda bu bankda 9 mingdan ortiq plastik karta ochibdi. Sur’atni tasavvur qilishingiz uchun — agar bank 24 soat davomida to‘xtovsiz ishlasa, bu uch sutka davomida har 28 soniyada bittadan plastik karta chiqarilgan, degani.
Post #3422 3.75K
Muhrim / Муҳрим Toshkent shahar hokimligi Navoiy kutubxonasining orqa tarafidagi 1,3 gektarlik yer maydonida avtoturargoh qurish uchun o‘sha yerni 514 mln so‘m narx bilan auksionga chiqarayotgan ekan. Agar to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, bu so‘nggi yillarda eski Toshkentdagi bosh…
Milliy kutubxonaning orqasidagi sayilgohni avtoturargohga aylantirish bo‘yicha Toshkent hokimligining taklifi haqidagi xabarga berilgan xalq izohlarida, taxminan: “Avval bu joy avtoturargohga aylantiriladi, bir necha yil o‘tgach, yo biznes markazi, yo turar joy majmuasi qurishga berib yuboriladi”, degandek fikrga ko‘zim tushdi.

Davlatning xuddi shu tuzilmalari, hay, boshqa shaxslarning qo‘llari bilan bo‘lsa-da, xuddi shu tuzilmalari avval shunday ish qilgan, xalq buni ko‘rgan. Shuning uchun ham xalq bu davlat tuzilmalariga ishonmaydi, shuning uchun ham bu davlat tuzilmalarining xalq oldidagi hurmati ostonadan ham pastroqda. Shuning uchun ham davlat tuzilmalarining har qanday tashabbusiga yuqoridagi kabi shubha bilan, ishonchsizlik bilan qaraladi. Keyin o‘tiradi bular: “Bizning bu tashabbusimizni odamlar bunchalik salbiy kutib oladi, deb o‘ylamagandik”, deb.

Xalqning yillar davomida tinimsiz oyoqosti qilingan ishonchini qanday qilib sal bo‘lsa-da tiklash mumkin? Poytaxt hokimi oxirgi vaqtlarda juda ko‘p intervyu beryapti va shu intervyularining birida u: “Avtoturargohlar uchun ajratilgan yerlarga biznes markazlari qurib yuborilgan”, deb tan olgandi. Tan olingani yaxshi, endi o‘sha — davlatni ham, jamoatchilikni ham aldagan o‘sha quruvchilardan bu biznes obyektlari qaytarib olinib, boshida aytilganidek, avtoturargoh qilinsin. Hokimlik (umuman davlat) bitta bo‘lsa ham shunday ish qilsin axir.

Xalq ko‘rsin — davlatning kuchi faqat avtobus bekatida do‘kon qurgan yoki do‘konining peshlavhasini belgilangan talabdan jindek kattaroq yo boshqacharoq rangda qilib qo‘ygan kichik tadbirkorga emas, qonunni buzgan hammaga birdek yetishini; davlat shunday qudrati borligini, uni aldaganlarni mana shunday qimmat jazolay olishini ko‘rsatsin. Ko‘raylik.

Ana shunday xalqning davlatga bo‘lgan ishonchi haminqadar tiklanar, ehtimol. Lekin yuqorida aytilgan ish hozir davlat (hokimlik)ning qo‘lidan kelmaydimi, u holda jamoat makonlariga va umuman shahardagi bo‘sh turgan biror joyga tegmagani ma’qul. Toshkentni tinch qo‘ysin hammasi. Nima yangilik qilmoqchi bo‘lsa, ana, Yangi Toshkentida qilaversin.
Post #3420 3.67K
Saida Mirziyoyeva BMT bosh minbarida o‘zbek tilida chiqish qilibdi (avvalgi safar shu minbarda ingliz tilida chiqish qilgandi). “O‘zbekiston qaysi tarafda, kim tomonda?”, degan savolga shunday javob beribdi: “Biz insoniyat tomonidamiz”.

Xalqaro huquq ustuvorligi masalasida ham yaxshi, qaysidir ma’noda, O‘zbekiston insoniyat tomonida ekanini tasdiqlovchi gap bo‘libdi. “Biz [O‘zbekiston] uchun xalqaro huquq manfaatga qarab o‘zgaradigan vosita emas, u barcha davlatlar uchun umumiy qoida. Qoida umumiy bo‘lmasa, adolat ham umumiy bo‘lmaydi”, – debdi Saida Mirziyoyeva.

So‘nggi besh-olti yilda aynan mana shunday umumiy, hamma tan olgan qoidalar asosan qudrat egalari tomonidan tinimsiz oyoqosti qilinavergani uchun dunyomiz ziddiyatlar tobora ortayotgan, o‘zaro ishonch esa yo‘qolib borayotgan makonga aylanib qoldi, insoniyatga qarshi jinoyatlar esa odatiy holga aylanib qoldi.

Saida Mirziyoyevaning BMT bosh minbaridagi chiqishi — O‘zbekistonning bugungi kundagi nuqtayi nazari — bilan to‘liq bu yerda tanishishingiz mumkin: https://youtu.be/GZzYK26pogk (audioyo‘lakdan o‘zbek tilini tanlab olish esdan chiqmasin).
YouTube 🇺🇿 Uzbekistan - Head of Administration Addresses United Nations General Debate, 81st Session | #UNGA Saida Mirziyoyeva, Head of Administration of the President of the Republic of Uzbekistan, addresses the General Debate of the 81st Session of the General Assembly of the United Nations (New York, 22 - 26 and 28 September 2026). World leaders will gather…
Post #3419 4.39K
Bobur shoh va shoir bo‘lsa ham, lekin Andijonda Boburshoh degan ko‘cha yo‘q, Bobur degan shoh ko‘cha (ruschasiga – prospekt) bor. Ishonmasangiz, Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestriga qarang.

Xuddi shunday, o‘rni kelib qolganda aytib ketish kerak — Samarqandda ham Spitamenshoh ko‘chasi yo‘q (boz ustiga, Boburdan farqli o‘laroq, Spitamen shoh ham bo‘lmagan), Spitamen nomiga qo‘yilgan shoh ko‘cha bor (lekin davlat reyestrida u ham shoh emas, shunchaki oddiy ko‘cha ekan).

O‘zi shu “shoh ko‘cha” birikmasini qo‘shib, bitta so‘zga aylantirib, “shohko‘cha” deb yozishga o‘tish kerak. Ehtimol, shunda mamlakatning eng asosiy matbuot xizmati ham chalg‘imagan, qolganlarni ham chalg‘itmagan bo‘lardi.
Post #3418 4.02K
O‘zbekistonda oxirgi yillarda YouTube-loyihalar juda ko‘paydi, ayniqsa, biror podkast boshlayman, deb o‘sha podkastga nom o‘ylashni boshlashing bilan, qarasang, sen o‘ylagan nom bilan allaqachon bir emas, bir necha podkast yo‘lga qo‘yib bo‘lingan.

Ishqilib, loyihalar juda ko‘p. Yaxshi tomoni, faqat sonda emas, sifatda ham bo‘lyapti. Ko‘rmaysizmi, hatto besh kishi bir bo‘lib, binoyidek podkastlar, sayohatnomalar olishyapti — milliy yutubchiligimiz shu darajaga yetib keldi, ko‘z tegmasin (kamtarligim uchun uzr).

Qizig‘i, YouTube'ning O‘zbekiston segmentidagi bu o‘sish bir to‘siqqa qarshi o‘laroq yuz beryapti: O‘zbekiston uchun YouTube monetizatsiyani yo‘lga qo‘ymagan. Bir necha yil ilgari chet eldagi ko‘rishlar hisobidan pul ishlash mumkin edi, hozir shu ham yo‘q. Bo‘lsa edi, yutubchiligimiz yanada o‘sardi.

Saida Mirziyoyeva hozir Amerikada-ku. Shu safari davomida u YouTube'ning egasi hisoblangan Google kompaniyasi vakillari bilan, aniqrog‘i, uning vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan uchrashibdi. Xabar berishlaricha, uchrashuvning asosiy mavzusi O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish bo‘lgan.

Zora shu uchrashuvdan keyin YouTube O‘zbekiston bozoriga rostmana kirib kelsa, bizda foydalanilmayotgan, biz foydalana olmayotgan xilma-xil xizmatlarini ishga tushirsa — nafaqat yutubchiligimiz, balki bizda rivojlantirishni juda istashayotgan kreativ iqtisodiyot rivojiga ham ko‘p yaxshi ish bo‘lardi.
Telegram Saida Mirziyoyeva Google vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan uchrashuvda O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasini muhokama qildik. Biz so‘nggi yillarda shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli to‘lovlar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirdik.…
Older posts →

About this channel

How can I read @muhrim without a Telegram account?
TGViewer shows the public web preview Telegram publishes for Muhrim / Муҳрим: recent posts, photos, videos and the subscriber count, with no app, login or account.
How many subscribers does Muhrim / Муҳрим have?
Muhrim / Муҳрим (@muhrim) has 13.9K subscribers on Telegram, refreshed roughly every 30 minutes.
Does Muhrim / Муҳрим know I viewed it here?
No. Public channel previews carry no viewer identity, and TGViewer has no accounts or tracking of what you look up.
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →