Bolalarga nisbatan qabih jinoyatlar uchun jazo amaldagi qonunchilik doirasida maksimal darajada og‘ir va ayovsiz bo‘lishi kerakligi borasida, menimcha, hamma yakdil. Bunda jazo nafaqat og‘ir, balki muqarrar ham bo‘lishi shart — jazodan (ehtimoliy jinoyatchilarni hali jazolamay ham turib) kutilgan samaraga faqat shundagina erishish mumkin.
Jamoatchilikdan: “Bunday jinoyatchilarni qanday jazolash kerak?”, deb so‘ralsa, ular xohlagan gapini aytishi mumkin va aytishga haqli ham. Jamoatchilik Konstitutsiya bilan taqiqlangan o‘lim jazosini ham qayta tiklash kerak, deyishi mumkin hatto. Albatta, bu fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi — O‘zbekistonda o‘lim jazosi tiklanmasligi kerak, lekin jamoatchilik o‘z fikrini erkin aytishga haqli.
Shu bilan birga, O‘zbekiston sharoitida eng yuqori minbarlardan, eng yuqori darajada o‘lim jazosini qo‘llash borasida fikr bildirishda, nazarimda, ehtiyotkorroq yo‘l tutish maqsadga muvofiq bo‘lsa kerak. Ha, eng yuqori darajadagilar ham odam va ular ham o‘z fikrini jamoatchilikning qolgan vakillari kabi erkin bildirishga haqli, bu borada bahs yo‘q.
Lekin O‘zbekiston sharoitida eng yuqori darajada aytilgan o‘tkinchi bir fikr ham topshiriq sifatida qabul qilinib, o‘rinsiz amaliy harakatlar boshlanib ketishi va bu qudrat egalarining o‘zi tomonidan keyinchalik xato sifatida e’tirof etilishi mumkin bo‘lgan qarorlar qabul qilinishiga sabab bo‘lishini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, sud hokimiyatiga ishonch yo‘q bo‘lgan hozirgi sharoitda o‘lim jazosining — qancha istisnosi bo‘lishidan qat’i nazar — qayta tiklanishi ayanchli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.
Ozgina qudrati bor va tarbiyasi jirkanch ishlarni qilishga yo‘l qo‘yadigan shaxs o‘zining ko‘ziga dushman ko‘ringan istalgan odamga bir lahzada “besoqolboz” degan tamg‘ani yopishtira olishiga va buning uchun jazolanmasligiga ishonadigan mamlakatda o‘lim jazosining qayta tiklanishi ertaga istalgan noqulay odamning “bolalarga uyatsiz-buzuq harakat qilgan” degan soxta ayb bilan qonuniy o‘ldirilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda bolalarni pedofillar va boshqa jirkanch shaxslardan muhofaza etish yo‘lida o‘lim jazosigacha ham qilish mumkin va qilish kerak bo‘lgan ancha-muncha ish bor, menimcha. Avvalo, hozir mavjud jazolarning o‘zi muqarrar bo‘lishi, jazo tayinlashda bunday jinoyatchilardan jamiyatga yetadigan zarar to‘g‘ri baholanishi kerak (masalan, bunday jinoyatchilarga amnistiya qo‘llash — qanchalik to‘g‘ri?). Bundan tashqari, tegishli idoralar bunday holatlar haqida tarqalayotgan xabarlarga avvalboshdan sezgir va hushyor bo‘lishi, bunday ishlarni eng yuqori darajada kimningdir qattiq jahli chiqquniga qadar o‘z nazoratiga olishni o‘rganishi kerak.
O‘lim jazosi esa, huquqshunoslar ko‘p marta ta’kidlaganidek, bu tur jinoyatchilarning tiyilishidan ko‘ra, ularning o‘ldirilgan qurbonlari (jinoyatlarining yo‘q qilingan yagona guvohlari) soni ko‘payishiga xizmat qilishi ehtimoli yuqoriroq.
Shuningdek, bunday jinoyatlarning oldini olish uchun ko‘zbo‘yamachi ishlarni haqiqiy, doimiy harakatga aylantirish kerak. Masalan, Namangandagi keysda bog‘chadagi kuzatuv kameralari ishlamagani, bu esa jinoyatda gumonlanayotgan shaxsning xatti-harakatlari uchun qulay sharoit yaratib bergani taxmin qilinyapti. Shu kameralar xo‘jako‘rsinga turmay, chindan ishlasa va ular to‘g‘ri kuzatilib borilsa, vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish, nafaqat bunday qabih, balki boshqa tur jinoyatlarning ham oldini olish mumkin bo‘lsa kerak.
Har qanday holatda ham, ayniqsa, davlat o‘z nazorati ostidagi bolalar bog‘chasida bolalarning xavfsizligini ta’minlay olmayotgan sharoitda, O‘zbekistonda o‘lim jazosi tiklanmasligi zarur. Eng kamida, hozir tiklanmasligi kerak. Zotan, o‘lim jazosi bugungi dardlarimizga malham bo‘ladigan universal yechim emas. Ungacha ham qilish mumkin va qilish kerak bo‘lgan ishlar bisyor.
Yo Xudo, bolalarimizni o‘zing asra!
Post #3435
4.26K