Toshkent shahar hokimligi Navoiy kutubxonasining orqa tarafidagi 1,3 gektarlik yer maydonida avtoturargoh qurish uchun o‘sha yerni 514 mln so‘m narx bilan auksionga chiqarayotgan ekan. Agar to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, bu so‘nggi yillarda eski Toshkentdagi bosh archa o‘rnatilayotgan, har bahorda Gullar bayrami o‘tkazilayotgan, boshqa paytda aholi sayr qilishi, dam olishi, vaqtini chog‘ o‘tkazishi mumkin bo‘lgan maydon.
Har faslda minglab, yuz minglab aholiga xizmat qilayotgan qarichi tilloga teng shu yerni davlatimiz (shahar hokimligi ham shu davlatning bir qismi-ku axir) bir necha yuzlab avtomobil ertalabdan kechgacha chang bosib yotishi uchun berib yubormoqchi. Endi, bilmasam, bu qaysi shishirilgan tashkilot xodimlari uchun xizmat qilarkin: yonidagi G‘aznachilikkami, ortidagi Zarbxonagami, yo yo‘lning narigi tarafidagi hukumatgami, yo “Gazeta korpusi” yonidagi “yerosti avtoturargohlari ham bo‘ladi” deb hisobsiz qurib tashlangan osmono‘par binolarga keladiganlargami, bilmadim.
Hech qanaqasiga mantiq yo‘q-da lekin: birinchidan, shu atrofdagi davlat tashkilotlarining bari, hatto Milliy kutubxonaning o‘zi ham yaqin yillarda Yangi Toshkentga ko‘chiriladi, u yerdagi amaldorlar mashinasini bu yerga qo‘yib, Yangi Toshkentga ketmaydi-ku. Ikkinchidan, o‘sha atrofda allaqachon pullik avtoturargoh (parkinglar) tashkil qilingan. Ular ham o‘sha yerdagi “mashina qo‘yishga joy topish” muammosini hal qila olmayotgan bo‘lsa, yangi 1,3 gektarlik avtoturargoh ham bu muammoni hal qila olmaydi, chunki muammo butunlay boshqa joyda.
Uchinchidan, hokimlik mashina egalariga yaxshilik qilmoqchi bo‘lsa, o‘sha atrofdagi ishlayotgan davlat xizmatchilarining mashinalariga joy topib bermoqchi bo‘lsa, ana, Qichqiriqda qilgan nau-xausini shu tashkilotlarning hovlilarida tatbiq etsin: har birining hovlisiga qavat-qavat avtomatik avtoturargohlar qurib bersin. Ana o‘sha g‘oyani auksionga chiqarib, xususiy sherik topib, muammoni shunday hal qilaversin. Lekin qishin-yozin xalqqa xizmat qilib turgan bir bo‘sh maydonga tegmasin. So‘ramasdan tegishga haqi ham yo‘q.
Bu hokimlikdagi qaror qabul qiluvchilarni hokimni xalq saylab qo‘yganida ham bir navi edi, “ha, endi, xalqning irodasi shu ekan”, deb qo‘ya qolsak. Lekin bunday ham emas. Qolaversa, Toshkent faqat haydovchilardan iborat emas. Shahar markazi ham mashinalarniki emas.
Post #3411
7.12K