Tunov kuni Yunusobodda issiq suv bilan bir vaqtda sovuq suv ham o‘chib qolgani haqida yozg‘irdim-ku. Toshkentliklarning “dom”da katta bo‘lgan bizdek turlari uchun sovuq suv o‘chishi noodatiy. Lekin yilda ikki marta — bahor va kuzda issiq suvsiz qolishga ko‘nikkanmiz. Chunki, pandemiya yilidagi istisnoni hisobga olmasa (o‘sha yili bahorda ham, kuzda ham issiq suv o‘chmagandi — o‘chirmasa ham bo‘larkan-da, qarang), har doim — necha o‘n yillardan beri shunday. Yiliga umumiy ikki hafta davom etadigan bu davr qaysidir ma’noda bizning biologik vaqtimizga tatbiq etilgandek: bahorda qaldirg‘ochlar uchib kelganidek, qishda ayiqlar uyquga ketganidek, biz ham bahor va kuzda bir haftadan issiq suvsiz yashay olamiz. Sochlarimiz ham shu ikki haftada yog‘lanmay turadi-yov.
Issiq suvning o‘chirilishi shahar hayotining muhim bir qismi bo‘lgani uchun butun shahar bu haqda oldindan ogohlantiriladi, qachon qaysi mahalla, qaysi mavze issiq suvsiz qolishi maxsus reja-jadval orqali bir oy-yarim oy avvaldan boxabar qilinadi. Masalan, hozir bizning Yunusobodda issiq suv yo‘q, bizdan avval esa asosan Mirzo Ulug‘bek tumani issiq suvsiz yashadi. Shunday bo‘lishini biz sentabr boshidayoq bilardik. Hamma bilardi. Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumani Hamid Olimjon mahallasida joylashgan Respublika kardiologiya markazidagilar ham.
Men g‘ofil banda shu vaqtgacha issiq suv faqat “dom”larda o‘chadi, deb yurarkanman. Davlatning deyarli hamma muassasasi xuddi sening “dom”ing kabi shahar markaziy issiqlik tarmog‘iga ulangan bo‘lsa, sen issiq suvsiz qolgan vaqting ular ham bu ne’mati a’lodan mosuvo bo‘lishi tabiiy hol-ku.
Tabiiylikka tabiiy, lekin men bu haqda hech o‘ylamagan ekanman, o‘ylamaganimning sababi esa “dom”lar issiq suvsiz qolgan mahal O‘ZBЕKISTONning, masalan, YURAK KASALLIKLARIga ixtisoslashgan BOSH TIBBIYOT MUASSASASIda ham issiq suv bo‘lmasligi sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmasligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Lekin sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydigan bu hol Respublika kardiologiya markazida odatiy ekaniga Mirzo Ulug‘bek tumanining Hamid Olimjon mahallasi issiq suvsiz qolganida xabar topdim.
Bu markazga butun O‘zbekistondan yurak kasalliklari bor bemorlar keladi. Ordering bo‘lsa — xo‘p-xo‘p, bo‘lmasa — bu davlat xastaxonasi senga pullik xizmat ko‘rsatadi va uch-to‘rt kun yotib, davo topib ketishing o‘ldim deganda 1000-1500 dollarga tushadi, biror maydaroq operatsiya ham bo‘lsa, xarajatni katta olaver.
Bir chekka tumandan shu kasalxonaga kelasan, falon pul xarajat qilasan va issiq suv bo‘lmaydigan haftaga to‘g‘ri kelib qolsang, bu kasalxona senga tefalda suv isitib yuvinib/cho‘milib olishni taklif qilishi mumkin. Tavba-tavba, bu dargohga har kuni yuzlab bo‘lmasa ham, o‘nlab bemor kelar. Shunday joyda “endi bir hafta chidaysizlar-da”, deb bo‘ladimi xayoli shundoq ham xavotirlarga to‘la bemorga?
Bu yerda ko‘p narsa baribir mutassaddilarga bog‘liq, afsuski. Ishbilarmon, odamlarning dardini o‘z tanida his qilgan, ular qanday sharoitda davolanayotganiga chin dildan qiziqqan mas’ul bu muammoni allaqachon yechib qo‘ygan bo‘lardi. Zotan, hozirgi zamonda bu muammoni (muammomi o‘zi bu?) hal qilish qiyin ham, qimmat ham emas. Xizmatining narxini yuqorida yozdim — hay, har bir qavatga bo‘lmasa ham (har bir xonaga so‘rashga ikkilandim), har bir korpusga bittadan yil 365 kun issiq suv bo‘ladigan sharoit qilib qo‘ysa bo‘lar?
Bo‘ladi. Albatta bo‘ladi. Xohish bo‘lsa, hammasi bo‘ladi. Menimcha, tibbiyot muassasalaridagi, ayniqsa, respublika darajasidagi klinikalardagi bunday kamchilikka toqat qilib bo‘lmaydi. Nafaqat Kardiologiya markazida, balki markaziy issiqlik ta’minotiga ulangan va yilda ikki marta issiq suvsiz qoladigan boshqa tibbiyot muassasalarida ham bu masalani hal qilish kerak.
Ha, to‘g‘ri, ota-bobolarimiz issiq suvsiz ham amallashgan, lekin biz hozir, bugun yashayapmiz, “insonning qadri bo‘lmagan” ota-bobolarimiz davrida emas. Hozir esa, aytishlaricha, hamma narsa, xususan, davlat siyosati ham inson qadri uchun. Respublika kardiologiya markazida yil bo‘yi, uzluksiz issiq suv bo‘lsa — mana shu inson qadri.
Menimcha.
Post #3445
2.39K