Toshkentdagi peshlavhalar bilan bog‘liq masalani prezidentgacha olib chiqishganini, ikki tomonlama muloqot orqali maksimum shahar darajasida hal qilish mumkin bo‘lgan muammoga go‘yoki prezident ishtirokisiz yechim topa olishmaganini ko‘rib, ochig‘i, men uyaldim. Prezident darajasidagi masala emas-ku bu axir; yo men adashyapmanmi? Ertaga Samarqand, Namangan yo Farg‘onada ham peshlavhalarni dizayn-kodga moslashtirishda Toshkentdagi kabi holat yuzaga kelsa, prezident darajasi uchun mayda bu muammoni yana administratsiyaga ko‘tarib kelishadimi? G‘alati emasmi bu?
Shahar o‘z darajasidagi muammoni o‘zi, o‘z hokimi, o‘z kengashi bilan muloqot orqali hal qila olmasa, unda hokimning, kengashning nima keragi bor? Toshkentda peshlavhadek oddiy masala uch oydan beri dolzarb, uch oydan beri tadbirkorlar dod soladi, oxirgi bir oyda qanchasi qancha pul yo‘qotganini, qanchalik qiynalayotganini yanada balandroq gapira boshladi. Shaharning hokimi, shaharning kengashi bu dod-voylarni eshitmasa, eshitsa ham “qonun talabi shu, biz ikki yil avval chiqarib qo‘yganmiz bu qoidalarni, ikki hafta muhokama ham qilganmiz, ko‘rmagan-bilmagan bo‘lsangiz, ayb o‘zingizda”, deb o‘tiraversa, shahar bilan muloqotga kirishmasa, shaharning dardiga hokim qolib mamlakat prezident quloq tutsa, unda hokimu kengashini bo‘shatib, shahar boshqaruvini to‘g‘ridan to‘g‘ri prezidentga o‘tkazib qo‘ya qolaylik? Parlamentimiz ham bir deganda Konstitutsiyaga bu borada kerakli o‘zgartishlarni kiritib beradi, albatta.
Darvoqe, men boyadan beri “shahar hokimi”, “shahar kengashi” deyapman — bu jafokash shaharning mamlakat parlamentida ham ikki etaj vakillari bor, faqat ularning borligi sezilmaydi. Xuddi shu shahardagi sudlar kabi. Eh, haqiqiy sudlar bo‘lsami edi, peshlavhadek mikromasala bilan prezidentning ham qimmatli vaqtini olishmasdi. O‘ylasam, uyalib ketyapman-e! Tavba, tavba!
Xo‘p, mayli. Mana, prezident, masalan, do‘konning nomi uchun reklama pasporti olishni to‘xtataylik, debdi (eshitgan quloqqa uyat-a lekin — prezidentni bezovta qilmay ham shunday qilsa bo‘lardi-ku axir?! Hay). Endi, bugundan boshlab, peshlavhalarni kecha o‘rmondan chiqqan yovvoyilarga o‘xshab yulib olishlar ham to‘xtasa kerak, Xudo xohlasa. Lekin shu vaqtgacha yulib olinganilari-chi, ular nima bo‘ladi? Bu xatti-harakatlar oqibatida tadbirkorlarga yetkazilgan zarar-chi, ularni kim, qachon, qanday qoplab beradi? Yo ular “bugundan boshlangan yorug‘ kunlar” uchun berilgan majburiy qurbonlar sifatida baholanib, xotirasiga 15 soniyali sukut bilan hurmat bajo keltiriladi, xolosmi?
G‘alatimasmi? (s)
PS. Bir yili Farg‘ona viloyati hokimi qaysidir bir tumanni majburiy obod qilish ishlarini oshirib yuborganida, Qashqadaryo hokimi esa bir tumanning “zamhokimi” “snos” ishlariga berilib ketib, aholi tomonidan yoqib yuborilganida xalqdan uzr so‘rab chiqqandi (prezident topshirig‘i bilan, albatta). Ehtimol, Toshkentda ham bir shunaqa qilish kerakdir. Kun hozirgidan yorug‘ bo‘lib qolmaydi, albatta. Lekin, menimcha, zarari ham yo‘q.
Post #3240
40.8K