O‘zbekistonda oxirgi yillarda YouTube-loyihalar juda ko‘paydi, ayniqsa, biror podkast boshlayman, deb o‘sha podkastga nom o‘ylashni boshlashing bilan, qarasang, sen o‘ylagan nom bilan allaqachon bir emas, bir necha podkast yo‘lga qo‘yib bo‘lingan.
Ishqilib, loyihalar juda ko‘p. Yaxshi tomoni, faqat sonda emas, sifatda ham bo‘lyapti. Ko‘rmaysizmi, hatto besh kishi bir bo‘lib, binoyidek podkastlar, sayohatnomalar olishyapti — milliy yutubchiligimiz shu darajaga yetib keldi, ko‘z tegmasin (kamtarligim uchun uzr).
Qizig‘i, YouTube'ning O‘zbekiston segmentidagi bu o‘sish bir to‘siqqa qarshi o‘laroq yuz beryapti: O‘zbekiston uchun YouTube monetizatsiyani yo‘lga qo‘ymagan. Bir necha yil ilgari chet eldagi ko‘rishlar hisobidan pul ishlash mumkin edi, hozir shu ham yo‘q. Bo‘lsa edi, yutubchiligimiz yanada o‘sardi.
Saida Mirziyoyeva hozir Amerikada-ku. Shu safari davomida u YouTube'ning egasi hisoblangan Google kompaniyasi vakillari bilan, aniqrog‘i, uning vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan uchrashibdi. Xabar berishlaricha, uchrashuvning asosiy mavzusi O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish bo‘lgan.
Zora shu uchrashuvdan keyin YouTube O‘zbekiston bozoriga rostmana kirib kelsa, bizda foydalanilmayotgan, biz foydalana olmayotgan xilma-xil xizmatlarini ishga tushirsa — nafaqat yutubchiligimiz, balki bizda rivojlantirishni juda istashayotgan kreativ iqtisodiyot rivojiga ham ko‘p yaxshi ish bo‘lardi.
Post #3418
4.02K