Doktorlar aslida ham doktormi?
Oʻquvchilik yillarimda fan doktori degan iboradan hayron boʻlardim, nega bunday atashadi, axir u hech kimni davolamaydi-ku? Lekin oʻsha paytlarda bu savolga javob topa olmaganman.
Xoʻsh, nega doktor deyiladi? “Ilmni davolaydi-da, unga yangi qon quyadi” deya majoz ishlatib, javob berish mumkin. Biroq bu shunchaki oʻxshatish, soʻz oʻyini xolos.
Bu soʻzning etimologiyasiga kirib borsangiz, aslida shifokorlar doktor degan nomni “egallab olgani”, asl doktorlar – ilm odamlari, professorlar ekani oydinlashadi. Doktor soʻzining ildizi lotincha docere – oʻqitmoq soʻziga borib taqaladi, doktor ustoz, taʼlim beruvchi deganidir.
XIV asrda Yevropa universitetlarida ilmiy daraja olgan kishilargina doktor deb atalgan. Doktorlik darajasi universitetlarda dars oʻtish imkonini bergan.
Ingliz tilida doktor soʻzi uzoq zamonlar ilmiy darajali kishini anglatgan, davolovchi mutaxassis maʼnosi esa ikkilamchi boʻlgan. XVIII asrdan boshlab shifokorlarga nisbatan doktor atamasi kengroq ishlatila boshlagan. Ammo bu bejiz emas – shifokorlar ham oʻz sohasida doktorlik darajasiga ega boʻlgan. Doktor deb atash shifokorga nisbatan hurmatni ifodalagan, uning ilm egasi ekanini urgʻulagan.
Bu soʻz rus tiliga XIV–XV asrlarda oʻzlashgan va olimni bildirgan. Tibbiyot xodimi maʼnosida esa XIX asrdan qoʻllana boshlagan. Oʻzbek tiliga rus tili orqali kirib kelgan.
Dunyoning juda koʻp tillarida doktor soʻzi tovush oʻzgarishlari bilan ishlatiladi va tibbiyot xodimini anglatadi. Falsafa doktori, fan doktori kabi iboralar ham jahonning turli tillaridan yer olgan.
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #3823
5K