TGViewer
Channel Public Channel
𝑀𝑒𝑑𝑖𝑢𝑚’𝑑𝑎𝑔𝑖 𝐴𝑧𝑖𝑧𝑎

𝑀𝑒𝑑𝑖𝑢𝑚’𝑑𝑎𝑔𝑖 𝐴𝑧𝑖𝑧𝑎

@pslog

Psixologik Blog: https://medium.com/@azizapulatova

Psixologik memlar: @PsychMems
Subscribers
250
Photos
907
Videos
123
Links
370

Showing posts older than #1801 · Back to latest

Older Posts 20 shown
Post #1800 218
Robert Grin’ning “Mahorat” nomli kitobida Homo magister degan so’zni uchratib qoldim. Bu so’z o’z ishining ustasi boʻlgan mohir odam, degan ma’noni anglatar ekan.

Biz qachon mohirlikka erishamiz? Biror bir yangi narsani o’rganishni boshlaganimizda, ichimizda hadiksirash bo’ladi. Oddiy misol. Pianino chalishni o’rganishni boshlaganimizda avvaliga bu ishga hayajon va ishtiyoq bilan kirishishimiz mumkin. Lekin ko’p o’tmay ularning o’rnini zerikish, toqatsizlik, qo’rquv va noaniqlik kabi hissiyotlar egallasa, ularga taslim bo’lish xavfi katta bo’ladi. Shunda ham to’xtamasak va mashq qilishda davom etsak, nimadir ro’y beradi va 💥(boom) biz mohirlikka erishamiz. Yillar davomida shu mashg’ulotga sodiq qolsak, pianino tugmalari asab tizimimizning bir qismiga, barmoqlarimizning uchiga aylanadi. 🎹

Bolalikdagi qiziqishlaringiz yodingizdami? Bugun shu qiziqishlaringizga qay darajada sodiq qola oldingiz? Hozir qilayotgan ishlaringizga qay darajada sodiqsiz?

Kitobdan parcha:

Hayvonlar uchun vaqt – ashaddiy dushman. Agar potensial oʻlja boʻlsa, bir joyda uzoq vaqt aylanib yurish uning uchun darhol oʻlim belgisi boʻlishi mumkin. Agar u yirtqich boʻlsa, uzoq kutish oʻljani qoʻldan boy berishni anglatadi. Hayvonlar uchun vaqt jismonan qarishni ham ifodalaydi. Ov bilan shugʻullanuvchi ajdodlarimiz ushbu jarayonni butunlay teskari tomonga oʻzgartirgani hayron qolarli. Ular nimanidir qancha koʻp kuzatsa, uni tushunishi va voqelik bilan bogʻlanishi shuncha yaxshilangan. Tajriba ortib borgan sari ularning ov koʻnikmalari ham ortgan. Doimiy amaliyot tufayli samarali qurol yasash qobiliyati yanada kuchaygan. Tana qarishi mumkin, ammo ong oʻrganish va moslashishda davom etgan. Vaqtdan bunday foydalanish mahoratning muhim tarkibiy qismidir.
  • ❤ 5
Post #1799 176
Ayriliq azobini boshdan kechirgan qahramonlarni adabiy asarlarda ko’p uchratamiz. Bunga eng go’zal misollardan biri Sabohaddin Alining “Mo’yna Mantoli Madonna” nomli asaridir.

«Mo‘yna mantoli Madonna» sizda qanday taassurot qoldirgan? Fikrlaringizni izohlarda kutib qolaman:

https://azizapulatova.medium.com/moyna-mantoli-madonna-romanida-ishq-bog-lanish-va-ayriliq-eefe9c627a66
Medium “Mo’yna mantoli madonna” romanida ishq, bog’lanish va ayriliq “Mo’yna mantoli madonna” romanida ishq, bog’lanish va ayriliq Ishqiy munosabatlarning yakunlanishi va ayriliqqa har kim har xil munosabat bildiradi. Ayriliqdan kimdir ruhiy azob cheksa …
  • ❤ 6
Post #1798 230
Daryo to ‘lqin, suvlar toshqin,

Undan kechib o ‘tolmayman.

Otim oriq, rangim sariq,

Manzilimga yetolmayman.

Bir qalam qosh, ham chilvir soch,

O ‘tov bezab kutar meni

Qandoq qilay, bu tog‘lardan

Ko ‘ngil uzib ketolmayman.

Yurtim olis, shamollar ham

Yetolmayin holdan toyur,

Ilojim yo‘q, oftob bo ‘lib

U tomonga botolmayman.

“Shum bola” xirgoyi qilgan o’shal mungli qo’shiq yodingizdami? Aslida bu qo’shiq Said Ahmadning “Jimjitlik” romanidan olingan.

Bu kitobni siz ham o'qigan bo'lsangiz, asar haqidagi fikrlaringizni bu yerda kutib qolaman:
https://azizapulatova.medium.com/jimjitlik-ebf61f2e66c9
  • ❤ 6
  • 🎉 1
Post #1797 238
O’ylamang. Rey Bredberi o’zining yozuv mashinkasi oldiga aynan shunday deb yozib qo’ygan ekan.

Uning fikricha, yozuvchi o’ylashi emas, his qilishi kerak. Chunki haddan tashqari ko‘p o‘ylagan odam jiddiy bir xatoga yo‘l qo‘yadi – yolg‘on gapiradi. Rey Bredberi faqat va faqat haqiqatni so’zlashga undaydi. U avval o‘zingiz yaxshi ko‘radigan va nafratlanadigan o‘ntadan narsani ketma-ket sanab chiqishni, so‘ng aynan shular haqida yozishni tavsiya qiladi.

Axir his-tuyg‘ular olovida qovurilgan insonning ichidan nimadir qaynab chiqishi tayin, shunday emasmi?

Rey Bredberi bilan ilk tanishuvim uning “Ertaga qiyomat” hikoyasi orqali bo‘ldi. Bir nafasda o’qiladigan asar!
  • ❤ 4
  • 👍 3
Post #1796 271
“Aslida u kulmayapti. Uning yuzida kulgining hatto zarrasi ham yoʻq edi. Buning isboti esa bolaning ikki qoʻlini musht qilib qattiq tugib olgani edi. Inson qoʻllari musht boʻlib siqilganda kulishni bilmaydi. U maymun edi. Bu maymunning kulishi edi. Aftida xunuk burushiqlar paydo boʻlgandi.”


— Osamu Dazai,
“Insonlikdan mosuvo”(“No Longer Human”) romanidan


@pslog
  • ❤ 3
Post #1795 272
«Qimmatli Jelsomino, sen yolgʻonchilar mamlakatiga kelib qolding. Bu yerda qonunga binoan hamma yolgʻon soʻzlashi kerak. Rost gapiradigan odam yaxshilik koʻrmaydi. Ularga shtraf solib, terisini shunday shilib olishadiki, qashishga tirnogʻi ham qolmaydi.»

Bu o‘lkada mushuklar vovillashi, itlar miyovlashi, sigirlar kishnashi, otlar esa mo‘o‘lashi shart edi…
  • ❤ 4
Post #1794 291
Yuzini quyoshga burgan ayol: Hellen Keller

Taniqli pedagog, yozuvchi va aktivist Hellen Keller go’daklik chog’ida bir kasallikka chalingach, ko’rish, eshitish va gapirish qobiliyatlaridan ayriladi. Shunday bo’lsa-da, u bu qiyinchiliklarga yengilmadi, iste’dodining soyada qolishiga yo‘l qo‘ymadi.

Helen 1880-yilda Alabama shahridagi kichik bir qishloqda dunyoga keldi. Oilaga quvonch keltirgan go’dak 1,5 yoshga qadam qo’ymasdan, og’ir kasalllikka chalindi. Shifokorlar uning omon qolishiga umid kamligini aytishdi. Daxshatli isitmaning tark etishi hammani sevinchdan bo’ggan esa-da, ko’rish va eshitish qobiliyati ham uni tark etganini hanuz hech kim bilmasdi. Tashqi dunyo bilan aloqa uzilgani sayin Hellen tobora odamovi bo‘lib bordi. Yetti yoshida esa u o‘zini erkin boshqara olmas darajaga yetdi. O‘sha davrni u o‘z xotiralarida shunday tasvirlaydi:

“Bora-bora tovush ham, yorug‘lik ham go‘yo hech qachon mavjud bo‘lmagandek xotiramdan o‘chib ketdi. To o‘qituvchim kelib, ruhimni zulmatdan qutqarguniga qadar.”

O’qituvchisi Anne Salivan qizning kaftiga chizib, unga o‘qishni o‘rgatadi. Ustozi tufayli hayot qiyinchiliklarini yengdi. Garvarddek buyuk oliygohda ta’lim olish orzusiga erishdi.

Haqiqat shunda ediki, u boshqalarga qaraganda teranroq ko’ra va eshita olgan.

“Dunyodagi eng go‘zal narsalarni ko‘rib bo‘lmaydi, ularni qalban his qilish kifoya”


Bollivudning mashxur “Zulmat” filmi aynan uning hayotiy hikoyasi ta’sirida sur’atga olingan.


@pslog
  • ❤ 4
Post #1793 213
“Dunyodagi eng badbaxt inson, ikki ko’zi ko’ra turib kelajakni ko’rmagan insondir.”

– Hellen Keller
  • 👍 4
Post #1792 223
Invictus(Yengilmas)

Garchi yuzlansam-da qaro zulmatga,
Mudhish azoblarning qa'rida turib.
Ming shukur aytaman shunday qismatga,
Aslo taslim bo'lmas ruhimni ko'rib!

Balolar tig'idan to'ksam-da men qon,
Titramadim aslo, chekmadim faryod.
Taqdir zarbalari qiynasa yomon,
Yarador bo'lsam-da, bo'lmadim barbod!

Yovuzlik va ko'z yoshlar-la qoplangan bu yo'l,
Kelajak manzili bo'lsa-da mavhum.
Boshga dardu sitam yog'sa misli do'l,
Aslo men qo'rqmasman, bo'lmasman mahkum!

Taqdir darvozasi bo'lsa hamki tor,
Xatarlar qalbimga sololmas titroq.
Qismatim ustidan men o'zim sardor,
Shu ozod ruhimning darg'asiman mutloq!

➖Uilyam Ernst Xenli

➖➖➖➖➖➖➖➖➖➖➖➖➖➖

Bu she'r inson irodasining qismat ustidan qozongan g'alabasi ramzi sifatida qabul qilinadi.

Uilyam Ernest Xenli mazkur she'rni 1875-yilda, 26 yoshida yozgan. U bolaligidan suyak sili kasalligidan aziyat chekkan va natijada shifokorlar uning bir oyog'ini kesib tashlashga majbur bo'lishgan. Ikkinchi oyog'ini saqlab qolish uchun qilingan murakkab operatsiyalardan so'ng, uzoq vaqt kasalxonada, qattiq og'riqlar ichida yotgan paytida aynan shu she'rni yozgan.

Bundan tashqari, mazkur she'r Janubiy Afrika Respublikasining sobiq prezidenti Nelson Mandelaning eng sevimli she'ri bo'lgan. Mandela Robben orolidagi qamoqxonada 27 yil davomida tutqunlikda bo'lganida, ushbu she'rni matnini qog'ozga ko'chirib, kamerasi devoriga ilib qo'ygan. U og'ir jismoniy mehnat va siyosiy bosimlar vaqtida o'z irodasini mustahkamlash va safdoshlarining ruhiyatini ko'tarish uchun "Invictus"ni doimo o'qib bergan.


Tarjimon: Mahmudjon Tohirov
  • ❤ 4
Post #1790 241
Hali hayot oldinda, vaqtim ko’p deb o’ylayapsizmi? Adashasiz!

O’lim har lahza biz bilan…

“O’limdan qo’rqasizmi, o’qiguvchim? O’lib qolish sizni dahshatga soladimi? Men qo’rqaman va hamma ham qo’rqadi deb o’ylayman. Balki adashayotgandirman. Zero, qo’rquvim o’z nafsim tufaylidir. Darvoqe, biz o’lishga majbur bo’lib tug’ilganlardanmiz. Lekin men o’lishga majbur bo’lishdan emas, o’lgandan keyin uyalib qolishdan qo’rqaman.”


Kitob nafs va ruh tarbiyasi haqida. Qolgani esa SIR bo’la qolsin! 🤍

@pslog
  • ❤ 6
Post #1789 286
“Avvalo, ozor berma...”

Buyuk Britaniyalik yetakchi neyrojarroh Henri Marsh ushbu kitobda hayot, o’lim va neyrojarrohlik borasidagi shaxsiy tajriba va fikr-mulohazalarini xuddi romannavis singari hikoya qiladi. “Ozor berma” kitobi miya jarrohining hayotini tasvirlovchi operatsiyalarning bor quvonch-u qiyinchliklarini, daxshatli oqibatlarini, g’alabali va pushaymonli lahzalarini haqqoniy ochib beradi.


https://azizapulatova.medium.com/hayot-olim-va-neyrojarrohlik-879c2e7b6b73
  • ❤ 3
Post #1788 302
O‘sha siz-u biz yaxshi bilgan insonlar hayotidan hikoya qiluvchi ushbu romanni o‘qir ekansiz, odam bo‘lib tug‘ilish bilan odam bo‘lib yashash o‘rtasida naqadar ulkan farq borligini his qilasiz.

Asardagi voqealar oddiy hayot manzaralaridan iboratdek tuyulsa-da, ularning zamirida murakkab axloqiy savollar yashiringan: haqiqatni himoya qilishmi yoki shaxsiy manfaatni tanlashmi, sukut saqlashmi yoki adolat uchun kurashishmi?

Asarning har bir qahramoni timsolida o‘zimizning bir bo‘lagimizni ko‘ramiz. Oting qurg‘ur Abdulladagi shuhratparastlik, Gulchehradagi soddadil ishonuvchanlik, Sayyoradagi sho‘x-shodonlik va Samaddagi sadoqat — har qanday davr yoshlari qalbida uchrashi mumkin bo‘lgan umuminsoniy fazilat va illatlardir. Bugun ham oramizda Abdulla, Gulchehra, Sayyora va Samadga o‘xshagan yoshlar kammi?

Nega ayrim insonlar mansab, boylik va shon-shuhratni odamiylikdan ustun qo‘yadilar? Insonning asl qadr-qimmati nimaga ega ekanidami yoki kim ekanidami?

Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin…



@pslog
  • ❤ 6
Post #1787 301
Tasavvur qiling, noma'lum kishidan maktub oldingiz... Uning ichida “Sen kimsan?”, “Dunyo qanday paydo bo’lgan?” degan savollar yozilgan.

Ushbu kitob qahramoni Sofiyaga ham shunday sirli maktublar keladi. Shu va shunga o’xshash falsafiy savollar uni chuqur mushohada qilishga undaydi. U o’zining aslida kimligini, nima uchun tirikligini va bu olamda mavjudligini so’roqqa tuta boshlaydi.

https://azizapulatova.medium.com/sofiyaning-dunyosi-falsafa-tarixiga-sayohat-f7ea9b9e8ac4
  • ❤ 5
Post #1785 350
Arab yozuvchisi Jubron Xalil Jubrondan iqtiboslar

Ular uygʻoq holda menga derlarki, “Sen va sen ichida yashayotganing dunyo ulkan dengizning ulkan qirgʻogʻidagi qum zarrasidan boʻlak hech narsa emas”. Men esa uxloq holda ularga deymanki, “Ulkan dengiz menman, butun olam qirgʻogʻimdagi qum zarrasidan boʻlak hech narsa emas”.

***

Faqatgina bir bor javob topolmay qolganman – “Sen kimsan?” deb soʻrashganida.

***

Tangrining birinchi oʻylagani malak boʻldi.

Tangrining birinchi soʻylagani odam boʻldi.

***

Eslamoq – visolning bir koʻrinishidir.

Kechirimli boʻlmoq esa – erkning.

***

Par toʻshakda uxlaydiganlarning tushlari yerda uxlaydiganlarning tushlaridan goʻzalroq boʻlmasligini bilgan holda, hayot adolatiga qanday shubha qilishim mumkin?

***

Insonning tasavvuri va erishganlari oʻrtasida masofa mavjudki, uni yolgʻizgina ishtiyoq bilan bosib oʻtsa boʻladi.

***

Insonning qadri nimalarga erishgani bilan emas, nimalarga erishishga bel bogʻlagani bilan oʻlchanadi.

***

Qachonki oʻzing ismini bilmaydigan baxtga intizor ekansan va qachonki oʻzing boisini bilmaydigan gʻussaga giriftor ekansan, demak barcha oʻsadigan narsalar singari sen ham oʻsayotgan, ulugʻvorroq oʻzliging sari yuksalayotgan boʻlasan.

***

Haqiqat har doim anglanadi, goh-gohidagina tilga olinadi.

***

Koʻplab taʼlimotlar xuddiki deraza oynasiga oʻxshaydi: ular orqali haqiqatni koʻrishimiz mumkin, ammo ayni vaqtda ular bizni haqiqatdan ajratib ham turadi.

***

Daraxtlar ​​— zaminning osmonga bagʻishlagan sheʼrlari. Biz esa ularni yiqitamiz, qogʻozga aylantiramiz hamda oʻz valdirashlarimiz bilan toʻldiramiz.

***

Soʻzning umri boqiy. Soʻzlasang ham, yozsang ham soʻzning umri boqiyligini anglab soʻzla va yoz.

***

Kuylayotganing goʻzallik qoʻshigʻi boʻlsa, kimsasiz sahro oʻrtasida esang-da tinglaguvchi topiladi.

***

Ayolning kichik xatolariga koʻz yuma olmaydigan erkak uning buyuk fazilatlaridan ham hech qachon rohatlana olmaydi.

***

Faqat devonalar va daholargina odamzod yaratgan qoidalarni buza oladilar va shu ikkisigina xudoga yaqinroqdir.

***

Qaroqlaridagi nafrat oʻtini dudoqlaridagi kulimsa bilan xaspoʻshlashga urinadigan kishidan ahmogʻi boʻlmasa kerak.

***

Hayotning magʻziga yeta olsang, na bir kazzobdan yuqori va na biror avliyodan quyi oʻrinda emasligingni anglaysan.

***

Tafakkuri oqsoqqa emas, oyogʻi oqsoq kishiga; qalbi soʻqirga emas, koʻzi soʻqir odamga achinishing naqadar gʻalati?

***

Qoʻltiqtayogʻini gʻanimining boshiga urib sindirmagani choʻloqning oqilligidan dalolat.

***

Barchamiz mahbuslarmiz, faqatgina baʼzilarimizning boʻlmalarimizda deraza bor, baʼzilarimiznikida esa yoʻq.

***

Birov ustingdan kulsa, unga achinishing mumkin; ammo sen birovning ustidan kulsang, oʻzingni hech qachon kechira olmaysan. Birov senga ozor yetkizsa, uni esdan chiqarishing mumkin; ammo sen birovga ozor yetkizsang, hech qachon esingdan chiqara olmaysan. Aslida sendan kulgan ham, seni injitgan ham birovning tanasidagi hassos oʻzligingdir.

***

Inju – qum zarrasining sirtida dard otligʻ meʼmor bino etgan ibodatxonadir. Xoʻsh, bizning tanimizmi qaysi tuygʻu, qaysi zarraning sirtida bunyod etgan ekan?

***

Jannat mana shu yerda, anavi eshikning ortida, keyingi xonada; faqatgina men xona kalitini yoʻqotib qoʻydim. Ehtimol, men yoʻqotgan yagona narsa shu boʻlsa kerak.

📖 “Qum va koʻpik” kitobidan,
Shohrux Usmonov tarjimasi
  • ❤ 5
  • 🔥 2
Post #1782 357
«Yosh Verterning iztiroblari»

Ushbu roman Sturm and Drung («Bo’ron va hujum») nomli adabiy yo’nalishning eng sara na’munalaridan biri sifatida 18-asr nemis jamiyatidagi illatlarni qalamga oladi. Verter tabiatga cheksiz muhabbat bilan qaraydigan, hissiyotlarni aqldan ustun qo’yadigan “yosh zukko” arxetipdir. Lotta esa sevinch va tashvish uyg’unligi, oila va ‘kundalik hayot tashvishlari’ning ramzi hisoblanadi. Albert bo’lsa, aql, o’lchov va jamiyat bong urayotgan ovozdir. Bu uchlik shunchaki “sevgi hikoyasi” qahramonlari emas. Wahlheim vodiysidagi tabiat va qishloqdagi insonlar «pokiza» tuyg’ularni, saroy muhiti esa beshafqat burjuaziyani lupa shishasidek bo’rttirib ko’rsatadi.

Asarni o'qir ekansiz, Verterning toshqin tug’yonlari girdobida oqayozishingiz, Lottaning osoyishta haroratini his etishingiz va Albertning dono fikrlari bilan o'rtoqlashishingiz mumkin.


Davomini o'qish
Medium «Yosh Verterning iztiroblari» Gyotening ehtirosga boy shoh asari
  • ❤ 4
Post #1781 394
"Evrilish" – bu bir kuni ertalab uyg’onib, o’zini tushunarsiz tarzda ulkan hashorotga aylanganiga guvoh bo’lgan Gregor Zamza haqidagi jo’ngina bir hikoya emas.

Kafkaning bu asari, tashqaridan mehrga o‘xshab ko‘ringan, ammo aslida manfaat tugashi bilan parchalanadigan munosabatlarning qorong'i yuziga chiroq tutadi.

Franz Kafka Gregor Zamzaning jismida yuz bergan evrilish orqali boshqa insonlarning ham “evrilishini”, ya’ni asl basharalarini ochib beradi.

Asardagi eng achinarli holat, Gregorning qo’ng’izga aylanib qolishi emas, eng achinarlisi, uning inson sifatidagi qadr-qimmati oyog’osti bo’lishidir.

Avvaliga unga achinganlar, ko’p vaqt o’tmay undan uyalishni, qo’rqishni va nihoyat, usiz hayot zahmatsizroq bo’lishini o’ylay boshlaydi. Gregorning xonasi asta-sekin qafasga o'xshab borarkan, aslida uning ruhi ham ko‘z o‘ngimizda chirishni boshlaydi. Gregor oilasi uchun tinmay ishlab pul topadi, oilasini boqadi, ularning kam-ko’stini qoplaydi. U ishlab pul topgan vaqtda hamma unga muhtoj bo'ladi. Lekin, u ishlamay qolgach mehrni, hurmatni va hatto o’z insoniy o'rnini ham yo‘qotadi. O’z oilasi undan yuz o’giradi. Kafka dahosi aynan shu yerda namoyon bo‘ladi: hikoyada tasvirlangan “kushanda” aslida Gregorning jismi emas, balki insonni insonga nisbatan tobora hissizlashtirib qo'yayotgan bir dunyodir.

Kitobni o’qir ekansiz, faqat Gregorga rahmingiz kelmaydi, qaysidir nuqtada o’z hayotingiz haqida ham qayg’urishga tushasiz. “Bir kuni men ham hech kimga keraksiz bo’lib qolsam nima qilaman?”, “Bu dunyoda meni chin dildan seva oladigan inson bormi?” kabi og’ir savollar ichida beixtiyor ko’mila boshlaydi bu kitobda inson. Ming afsuski, Kafkada bu savollarga javob yo’q. U bizni shunchaki o’z sukunatimiz qurshovida yolg’iz qoldiradi.

Aslida har birimizning ichimizda atrofdagilar tomonidan tushunilmaslikdan qo’rqadigan, boshqalarga og’ir yuk bo’lib qolishdan cho’chiydigan va bir kunmas bir kun unutilib ketishidan tashvishga tushadigan Gregor Zamza yashaydi.

Kafka esa inson ruhining ushbu nozik va og‘riqli kechinmalarini shunchalik sof va yalang‘och holda tasvirlaydiki, asarni yakunlagach, siz oddiy bir hikoya voqealari ichiga emas, balki butun inson borlig‘ining eng chuqur, eng nozik va ayni paytda eng qorong‘i qatlamlari haqida chuqur o‘y va mulohazalar ichiga g‘arq bo‘lasiz.

@pslog
  • ❤ 5
  • ❤‍🔥 4
  • 😍 2
Older posts →
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →