TGViewer
𝑀𝑒𝑑𝑖𝑢𝑚’𝑑𝑎𝑔𝑖 𝐴𝑧𝑖𝑧𝑎 𝑀𝑒𝑑𝑖𝑢𝑚’𝑑𝑎𝑔𝑖 𝐴𝑧𝑖𝑧𝑎 @pslog · 250 subscribers
Post #1785 350
Arab yozuvchisi Jubron Xalil Jubrondan iqtiboslar

Ular uygʻoq holda menga derlarki, “Sen va sen ichida yashayotganing dunyo ulkan dengizning ulkan qirgʻogʻidagi qum zarrasidan boʻlak hech narsa emas”. Men esa uxloq holda ularga deymanki, “Ulkan dengiz menman, butun olam qirgʻogʻimdagi qum zarrasidan boʻlak hech narsa emas”.

***

Faqatgina bir bor javob topolmay qolganman – “Sen kimsan?” deb soʻrashganida.

***

Tangrining birinchi oʻylagani malak boʻldi.

Tangrining birinchi soʻylagani odam boʻldi.

***

Eslamoq – visolning bir koʻrinishidir.

Kechirimli boʻlmoq esa – erkning.

***

Par toʻshakda uxlaydiganlarning tushlari yerda uxlaydiganlarning tushlaridan goʻzalroq boʻlmasligini bilgan holda, hayot adolatiga qanday shubha qilishim mumkin?

***

Insonning tasavvuri va erishganlari oʻrtasida masofa mavjudki, uni yolgʻizgina ishtiyoq bilan bosib oʻtsa boʻladi.

***

Insonning qadri nimalarga erishgani bilan emas, nimalarga erishishga bel bogʻlagani bilan oʻlchanadi.

***

Qachonki oʻzing ismini bilmaydigan baxtga intizor ekansan va qachonki oʻzing boisini bilmaydigan gʻussaga giriftor ekansan, demak barcha oʻsadigan narsalar singari sen ham oʻsayotgan, ulugʻvorroq oʻzliging sari yuksalayotgan boʻlasan.

***

Haqiqat har doim anglanadi, goh-gohidagina tilga olinadi.

***

Koʻplab taʼlimotlar xuddiki deraza oynasiga oʻxshaydi: ular orqali haqiqatni koʻrishimiz mumkin, ammo ayni vaqtda ular bizni haqiqatdan ajratib ham turadi.

***

Daraxtlar ​​— zaminning osmonga bagʻishlagan sheʼrlari. Biz esa ularni yiqitamiz, qogʻozga aylantiramiz hamda oʻz valdirashlarimiz bilan toʻldiramiz.

***

Soʻzning umri boqiy. Soʻzlasang ham, yozsang ham soʻzning umri boqiyligini anglab soʻzla va yoz.

***

Kuylayotganing goʻzallik qoʻshigʻi boʻlsa, kimsasiz sahro oʻrtasida esang-da tinglaguvchi topiladi.

***

Ayolning kichik xatolariga koʻz yuma olmaydigan erkak uning buyuk fazilatlaridan ham hech qachon rohatlana olmaydi.

***

Faqat devonalar va daholargina odamzod yaratgan qoidalarni buza oladilar va shu ikkisigina xudoga yaqinroqdir.

***

Qaroqlaridagi nafrat oʻtini dudoqlaridagi kulimsa bilan xaspoʻshlashga urinadigan kishidan ahmogʻi boʻlmasa kerak.

***

Hayotning magʻziga yeta olsang, na bir kazzobdan yuqori va na biror avliyodan quyi oʻrinda emasligingni anglaysan.

***

Tafakkuri oqsoqqa emas, oyogʻi oqsoq kishiga; qalbi soʻqirga emas, koʻzi soʻqir odamga achinishing naqadar gʻalati?

***

Qoʻltiqtayogʻini gʻanimining boshiga urib sindirmagani choʻloqning oqilligidan dalolat.

***

Barchamiz mahbuslarmiz, faqatgina baʼzilarimizning boʻlmalarimizda deraza bor, baʼzilarimiznikida esa yoʻq.

***

Birov ustingdan kulsa, unga achinishing mumkin; ammo sen birovning ustidan kulsang, oʻzingni hech qachon kechira olmaysan. Birov senga ozor yetkizsa, uni esdan chiqarishing mumkin; ammo sen birovga ozor yetkizsang, hech qachon esingdan chiqara olmaysan. Aslida sendan kulgan ham, seni injitgan ham birovning tanasidagi hassos oʻzligingdir.

***

Inju – qum zarrasining sirtida dard otligʻ meʼmor bino etgan ibodatxonadir. Xoʻsh, bizning tanimizmi qaysi tuygʻu, qaysi zarraning sirtida bunyod etgan ekan?

***

Jannat mana shu yerda, anavi eshikning ortida, keyingi xonada; faqatgina men xona kalitini yoʻqotib qoʻydim. Ehtimol, men yoʻqotgan yagona narsa shu boʻlsa kerak.

📖 “Qum va koʻpik” kitobidan,
Shohrux Usmonov tarjimasi
  • ❤ 5
  • 🔥 2
More from @pslog
  1. Sep 25, 2026“Nega menda shunaqa boʻlyapti?” “Nega ular yaxshi muloqot qila olmaydi?” “Menga qachon o'r…
  2. Sep 18, 2026Hayot ba’zan bir anjir daraxti misol qarshimizga mislsiz imkoniyatlarni chiqaradi. Biroq “…
  3. Sep 13, 2026“Ozorlama shirin joningni” Bir ko‘rgazmada ilig‘liq turgan bu sur’atda asl ismi Dino Segre…
  4. Sep 13, 2026photo post
  5. Aug 25, 2026“Inson nima uchun yashaydi?” asari haqida Ushbu kitob hayotning eng muhim shu uchta savoli…
  6. Aug 21, 2026#asardan_parcha Aldoqchilik insonni boshqa barcha mavjudotlardan ustun qilib turadigan bir…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →