Bugun Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi 60 dan ortiq tadbirkor ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
✔️ Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan tadbirkorlarning navbatdagi ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilib, sohadagi mavjud muammolarni aniqlash, tadbirkorlarning takliflarini eshitish hamda ularga yaratilgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini tushuntirishga qaratildi.
🎤 Muloqotda oziq-ovqat mahsulotlari importi tahlili hamda ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni mahalliylashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, shokolad, pishloq, quyultirilgan sut, bolalar ozuqasi, souslar, chipslar, gazlangan ichimliklar, pechenye, vafli, makaron va boshqa mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan yoki yangi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgan tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan:
— mahalliylashtirish loyihalari uchun 10 yilgacha muddatga 10 mln AQSH dollarigacha imtiyozli kreditlar;
— aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 2 mln AQSH dollarigacha moliyalashtirish;
— xorijiy texnologiya, brend, tovar belgisi va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish xarajatlarining bir qismini subsidiyalash;
— ayrim xomashyo, material va butlovchi qismlar importi uchun bojxona imtiyozlari;
— import hajmi, ichki talab va mahalliy ishlab chiqarish salohiyati asosida shakllantirilayotgan istiqbolli mahsulotlar ro‘yxati orqali yangi biznes yo‘nalishlarini aniqlash imkoniyatlari.
Ochiq muloqot davomida tadbirkorlarning moliyalashtirish, sertifikatlashtirish, xomashyo ta’minoti, davlat xaridlarida ishtirok etish, mahalliylashtirish va bozorlarga chiqish bilan bog‘liq savol hamda takliflari tinglanib, ularni amaliy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
🌍Veb-sayt 🔹Telegram 🔹Instagram 🔹Facebook 📹Youtube X 🔹Linkedin