Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻi I.Agzamxodjayev tomonidan tadbirkorlarning muammolarini oʻrganish maqsadida sayyor qabul oʻtkazildi
Sayyor qabulda 100 nafarga yaqin tadbirkorlik subyektlari vakillarining faoliyatini yuritish va kengaytirish jarayonida duch kelayotgan muammolari, kredit olish, moliyaviy xizmatlar, bank amaliyotlari, bojxona rasmiylashtiruvi hamda boshqa masalalar yuzasidan murojaatlari tinglandi.
Jumladan, “SPEYS S” MCHJ tomonidan olib kirilayotgan liftlarni bojxona rasmiylashtiruvida laboratoriya xulosasini har bir partiya uchun alohida taqdim etish talabi sababli jarayon 2-3 kunga choʻzilayotgani masalasi koʻtarildi.
Mazkur murojaat yuzasidan korxona tomonidan taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyalari oʻrganilib, holatni yengillashtirish choralari belgilandi.
Shuningdek, “POLIMER 111” MCHJ tomonidan Erondan olib kelinayotgan polimer granulalarining kelib chiqish sertifikatini olishda yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan murojaat bildirildi.
Mazkur masala boʻyicha tadbirkorga muammoni belgilangan tartibda hal etishning bir nechta qulay usullari tushuntirildi. Jumladan, bojxona toʻlovlarini amalga oshirgan holda tovarni erkin muomalaga chiqarish va belgilangan muddatda kelib chiqish sertifikatini taqdim etish, tovarni uchinchi davlat orqali olib kirish yoki Oʻzbekistonning Erondagi elchixonasi orqali amaliy koʻmak soʻrash imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Qabul davomida qolgan murojaatlar ham masʼullar tomonidan tinglanib, ularni hal etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Qoʻshimcha oʻrganish talab etiladigan masalalar masʼul rahbar va tashkilotlarga biriktirilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.



