Sergeli tumanida tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etilib, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Unda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshlig‘i U.Qodirov, O‘zbekiston Respublikasi Biznes-ombudsman devonining Toshkent shahar sho‘basi boshlig‘i F.Ahmedov, “Temiryo‘linfratuzilma” AJ Mintaqaviy temir yo‘l uzeli boshlig‘i G.Mamadaliyev, O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l aksiyadorlik jamiyati Yuk va tijorat boshqarmasi boshlig‘i E.Shamsiyev hamda sohaviy mas’ullar ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda 40 nafardan ortiq yirik tadbirkorlik subyekti vakillarining ishtirokida 20 dan ziyod masala ko‘rib chiqildi. Xususan, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish, tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish, bojxona to‘lovlari hamda rasmiylashtirish jarayonlariga sarflanadigan vaqt bilan bog‘liq muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarini rasmiylashtirishni jadallashtirish hamda qo‘shni davlatlar hududi orqali tranzit yo‘nalishlarda tashilayotgan yuklarni olib kirish jarayonlarini soddalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sanitariya talablari, zarur sertifikatlarni olish va elektron tizimlardan foydalanish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama markazida bo‘ldi.
Muloqot davomida tadbirkorlar o‘z faoliyatida uchrayotgan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarini bildirdilar. Mas’ul idoralar vakillari esa ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tushuntirishlar berib, bojxona qonunchiligi talablari, rasmiylashtirish tartib-taomillari hamda mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot taqdim etdilar.
Uchrashuv yakunida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan murojaat va takliflarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish, mavjud muammolarni hal etish hamda mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.



