Stiven Jerrard Angliya futboliga murabbiy sifatida qaytishi mumkin
Angliyaning «Liverpul» klubi sobiq sardori Stiven Jerrard murabbiylik faoliyatini yana Angliyada davom ettirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
talkSPORT nashrining xabar berishicha, 46 yoshli mutaxassis Chempionship ishtirokchisi «Reksem» klubini boshqarishga tayyor. Biroq bu amaldagi bosh murabbiy Fil Parkinson lavozimidan ozod etilgan taqdirdagina amalga oshishi mumkin.
Uels klubi rahbariyati hozircha Parkinsonning kelajagi yuzasidan yakuniy qarorga kelmagan. Jamoaning so‘nggi natijalari sababli murabbiyga nisbatan bosim kuchaygan bo‘lsa-da, uning klub egalari bilan munosabatlari yaxshi ekani ta’kidlanmoqda. Ayrim rahbarlar mutaxassisning iste’foga chiqarilishiga qarshi.
Mazkur masalani klubning yangi sport direktori Stiv Nikson ham ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
«Reksem» Chempionshipning dastlabki 10 turida 2 ta g‘alaba, 5 ta durang va 3 ta mag‘lubiyat qayd etib, 11 ochko bilan turnir jadvalining 17-pog‘onasida joylashgan.
Parkinsonning ehtimoliy o‘rinbosarlari qatorida Stiven Jerrarddan tashqari Skott Parkerning nomi ham tilga olinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jerrard 2025-yil yanvar oyida Saudiya Arabistonining «Al-Ittifoq» klubidan ketganidan buyon murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanmayapti. Ayni paytda u TNT Sports telekanalida futbol eksperti sifatida faoliyat yuritmoqda.
Avvalroq angliyalik mutaxassis Shotlandiyaning «Reynjers» va Angliyaning «Aston Villa» jamoalarini ham boshqargan.
🏦O‘zbek va jahon sportiga oid eng so‘nggi yangiliklar: @Uzasport
Post #6442
985

- ❤ 1
- 👎 1
- 👌 1