🇬🇧 «Chelsi» Ris Jeymsning jarohati sababli yangi himoyachi sotib olmoqchi
Londonning «Chelsi» klubi himoyachisi Ris Jeyms tizzasidan jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Bu haqda klubning rasmiy sayti xabar berdi.
Angliyalik futbolchining navbatdagi jarohati sababli «Chelsi» rahbariyati himoyaning o‘ng qanotini kuchaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
TEAMtalk nashrining ma’lum qilishicha, londonliklar Portugaliyaning «Benfika» klubida to‘p surayotgan 18 yoshli o‘ng qanot himoyachisi Daniel Banjakini yanvar oyidagi transfer oynasida sotib olishni rejalashtirmoqda.
Yosh futbolchining «Benfika» bilan amaldagi shartnomasida 38 million funt sterling miqdoridagi tovon puli belgilangan. Klub akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Banjaki joriy mavsumda asosiy jamoa uchrashuvlariga tobora ko‘proq jalb etilmoqda.
Manbaga ko‘ra, portugaliyalik himoyachiga «Chelsi»dan tashqari «Arsenal» va «Liverpul» klublari ham qiziqish bildirmoqda.
«Chelsi» Banjakining transferini nafaqat jamoaning hozirgi ehtiyojlarini qondirish, balki kelajak uchun istiqbolli sarmoya sifatida ham ko‘rib chiqmoqda. Bunga Ris Jeymsning so‘nggi yillarda muntazam jarohatlar bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgani sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumot uchun, Jeyms o‘tgan mavsum Angliya Premyer-ligasida 29 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Bu uning 2021/2022-yilgi mavsumdan buyon chempionatda 20 tadan ortiq o‘yin o‘tkazgan ilk mavsumi bo‘lgan.
🏦O‘zbek va jahon sportiga oid eng so‘nggi yangiliklar: @Uzasport
Post #6443
1.36K

- ❤ 2
- 🤔 2
- 👌 2
- 😁 1