Tadbirkor Alisher Usmonov Angliya Premyer-ligasida ishtirok etuvchi «Everton» klubiga yana investitsiya kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Bu haqda Britaniyaning talkSPORT nashri jurnalist Alan Breyzilga tayanib ma’lum qildi.
«Bu ma’lumotni tasdiqlay olmayman, ammo Usmonovning “Everton”ga qaytishga urinayotgani haqida eshitdim. Uning juda katta mablag‘i bor. Aftidan, u imkoniyat tug‘ilsa, klubga yana salmoqli sarmoya kiritmoqchi»,
— deya Breyzilning so‘zlarini keltiradi nashr.
Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Alisher Usmonovning boyligi taxminan 14 milliard AQSh dollariga (10,5 milliard funt sterling) baholanmoqda.
«Everton»ning amaldagi egasi The Friedkin Group 2024-yil dekabrida klubning 99,5 foiz aksiyasini 400 million funt sterlingdan ortiq mablag‘ evaziga sotib olgan edi. Hozirda kompaniya klubning nazorat paketini sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
The Guardian ma’lumotlariga ko‘ra, «Everton»ning ehtimoliy sotuv qiymati qarz majburiyatlari bilan birga 800 million funt sterling atrofida bo‘lishi mumkin. Shundan taxminan 380 million funt sterling uzoq muddatli qarzlarga to‘g‘ri keladi.
Usmonovning klub bilan moliyaviy aloqalari avval ham mavjud bo‘lgan. Xususan, 2017-yilda unga aloqador USM Holdings kompaniyasi «Everton»ning Finch Farm mashg‘ulot bazasiga nom berish huquqi uchun 15 million dollarlik (taxminan 11 million funt sterling) shartnoma tuzgan.
Ayrim Britaniya nashrlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Usmonovga aloqador kompaniyalar besh yil davomida «Everton»ga 110 million funt sterlingdan ortiq mablag‘ yo‘naltirgan.
2022-yil mart oyida «Everton» Usmonovga aloqador kompaniyalar bilan homiylik shartnomalarini to‘xtatgan edi.
🏦O‘zbek va jahon sportiga oid eng so‘nggi yangiliklar: @Uzasport
