🏴 «Arsenal» Angliya va Yevropa futbolida uzoq muddatli yetakchilikni maqsad qilgan
Londonning «Arsenal» klubi rahbariyati jamoaning kelgusi yillardagi asosiy maqsadlari va rivojlanish strategiyasi haqida ma’lumot berdi.
Klub bosh direktori Richard Garlikning ta’kidlashicha, «kanonirlar» nafaqat qisqa muddatli muvaffaqiyatlarga erishish, balki Angliya Premyer-ligasi va Yevropa futbolida uzoq yillar davomida yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan barqaror jamoaga aylanishni maqsad qilgan.
Ushbu strategiyada bosh murabbiy Mikel Artetaning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Ispaniyalik mutaxassis boshchiligida «Arsenal» so‘nggi yillarda sezilarli o‘sishga erishib, Angliya chempionligi uchun asosiy da’vogarlardan biriga aylandi.
Klub rahbariyati Arteta bilan uzoq muddatli hamkorlikni davom ettirish orqali jamoaning o‘yin falsafasini saqlab qolish, yosh futbolchilarni rivojlantirish va tarkibdagi barqarorlikni ta’minlashni ko‘zlamoqda.
«Arsenal»ning uzoq muddatli rejasida futbolchilarni tanlash va transfer siyosatini izchil olib borish, klub infratuzilmasini rivojlantirish hamda ichki va xalqaro musobaqalarda muntazam yuqori natijalar qayd etish muhim yo‘nalishlar sifatida qaralmoqda.
Londonliklar uchun asosiy vazifa bir martalik muvaffaqiyat bilan cheklanib qolmasdan, Yevropaning yetakchi klublari qatorida doimiy raqobatbardoshlikni ta’minlashdan iborat.
🏦O‘zbek va jahon sportiga oid eng so‘nggi yangiliklar: @Uzasport
Post #6280
2.18K

- ❤ 1
- 👍 1