Barselona – qoʻmondon shahri
Barselona nomining paydo boʻlishi haqida turli qarashlar bor. Bir taxminga koʻra, u qadimgi iber tilidagi Baŕkeno soʻziga borib taqaladi va qalʼa, qoʻrgʻon maʼnosiga ega.
Qadimiyroq manbalarga koʻra esa, shahar karfagenlik qoʻmondon Hamilqor Barqo (miloddan oldingi 270–229 yillar) sharafiga nomlangan. Taxminlarga qaraganda, sarkarda miloddan oldingi III asrda ushbu shaharga asos solgan. Barqo laqabi finikiy tilidagi baraq, yaʼni chaqmoq soʻziga borib taqaladi. Bu soʻz bilan oʻzagi bir boʻlgan arabcha barq oʻzbek tiliga ham oʻzlashgan. U tilimizda yashin, chaqmoq, yolqin, alanga maʼnolarida qoʻllanadi.
Biroq shahar karfagenliklarga qarashli boʻlgani yoki shaharning qadimda ishlatilgan Barsino nomi Barqalar sulolasiga aloqadorligi haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Shahar oʻrta asrlarda Barchinona, Barsalona, Barchelona va Barchenona kabi nomlar bilan atalgan.
Barselona shahri nomini Barsa shaklida yanglish qisqartirish urf boʻlgan. Aslida bunday qisqartirish shaharning dunyoga mashhur futbol klubi – “Barselona”ga tegishli xolos. Mahalliy aholi shahar nomini qisqartirganda Barna deb ataydi.
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #3148
6.04K