TGViewer
Orif Tolib Orif Tolib @oriftolib · 15.2K subscribers
Post #880 5.72K
Qoʻllanadimi, qoʻllaniladimi?

Hatto ziyolilar ham yozishda tez-tez xatoga yoʻl qoʻyadigan soʻz bu. Qoʻllanmoq majhul nisbatda, uning aniq nisbatdagi shakli – qoʻllamoq. Qoʻllamoq oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda ishlatiladi:

1️⃣ Yoqlamoq, quvvatlamoq, yordam, koʻmak, madad bermoq.

Haq ishni xalq qoʻllar.
Maqol.

Ayollar oʻtmishdan hammadan koʻp zulm koʻrgan, hammadan koʻp jaholatda qolgan. Ularni hurmat qilishimiz, qoʻllashimiz, suyashimiz kerak.
P. Tursun, Oʻqituvchi.

2️⃣ Tatbiq etmoq, ishlatmoq.

Ishda yangi metodlarni qoʻllamoq.

Sugʻorishning yangi sistemasini qoʻllamoq.

[Salimboyvachcha] Attorlik rastasida... zahar sotib olarkan, buni qachon va qanday qoʻllashni aslo oʻylagani yoʻq edi.
Oybek, Tanlangan asarlar.

Javod Koʻchiyev unumsiz yerlarda “Malik”dagi tajribalarini qoʻlladi.
“Oʻzbekiston qoʻriqlari”.
▶️ Majhul nisbatda asosan ikkinchi maʼnosi ishlatiladi. Qoʻllanmoq – ishlatilmoq, foydalanilmoq, tatbiq etilmoq degani.

Qoʻllamoq soʻziga -n majhul nisbat qoʻshimchasi qoʻshilib, qoʻllanmoq shakli hosil qilinadi:

Qoʻllanmoq, qoʻllangan, qoʻllandi, qoʻllanyapti, qoʻllanmoqda, qoʻllanadi...

❗️ Bu soʻzni qoʻllanilmoq shaklida ishlatish xato. Chunki bir soʻzga ikki marta majhul nisbat qoʻshimchasi qoʻshilmaydi. -il ham majhul nisbat yasovchi qoʻshimcha. Masalan, aytildi soʻzida ayt feʼliga ana shu -il qoʻshimchasi qoʻshilgan. Aytildi soʻzini aytilindi deb yozish va aytish kulgili xato. Xoʻsh, aytilindi soʻzining xatoligi aniq sezilyapti. Lekin qoʻllanildi, qoʻllanilgan va qoʻllaniladi kabi soʻzlarning yanglishligini nega oson farqlamaymiz?

Menimcha, bu qoʻllanmoq soʻzini unga maʼno jihatidan ancha yaqin boʻlgan foydalanilmoq soʻziga chogʻishtirish, oʻxshatish sababli yuzaga keladi.

Ushbu janrdan adabiyotda koʻp foydalaniladi.

Ushbu janr adabiyotda koʻp qoʻllanadi.

Foydalan va qoʻllandagi -lan umuman boshqa-boshqa qoʻshimchalardir. Foydalandagi -lan foyda soʻziga qoʻshilib, feʼl yasayapti. Bu feʼlga bemalol majhul nisbat qoʻshimchasi -il ni qoʻshish mumkin. Qoʻllandagi -lan esa yaxlit qoʻshimcha emas, u feʼl yasovchi -la va majhul nisbat yasovchi -n qoʻshimchasidan iborat. Soʻzda majhul nisbat qoʻshimchasi borligi uchun unga yana majhul nisbat qoʻshimchasi tirkab boʻlmaydi.

📌 Demak,

Qoʻllangan, qoʻllandi, qoʻllanyapti, qoʻllanadi ✅
Qoʻllanilgan, qoʻllanildi, qoʻllanilyapti, qoʻllaniladi❌

@oriftolib | Sahifalarimiz
  • 👍 16
  • 🔥 6
More from @oriftolib
  1. Sep 27, 2026Agar baxtli hayotga erishmoqchi boʻlsangiz, odamlarga yoki narsalarga emas, maqsadlarga bo…
  2. Sep 27, 2026Daryo.uz yangi qiyofada: zamonaviy dizayn va qulay mutolaa Daryo.uz nashri veb sahifasi di…
  3. Sep 27, 2026Turkiston muxtoriyati poytaxti nega Toshkent emas, Qoʻqon boʻlgan? 1917-yili tuzilgan Turk…
  4. Sep 26, 2026“Bu gʻirt SI-ku!”: Yoshlar nega sunʼiy intellektni haqorat soʻziga aylantirdi? Britaniya v…
  5. Sep 25, 2026Navoiy “Kulliyot”ining nodir faksimile nusxasi Oʻzbekistonga keltirildi Alisher Navoiy “Ku…
  6. Sep 25, 2026🚀 20:30’da jonli efir boʻladi, rejangizga kiritib qoʻying! 🎤 Bugun 20:30’da shu kanalda…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →