Dekan harbiy boʻlganmi?
Bugungi tilda dekan oliy oʻquv yurtidagi fakultet rahbarini anglatadi. Bu atama lotincha decanus soʻzidan hosil boʻlgan. U yunoncha dekaga, deka esa qadimgi hind-yevropa tillaridagi dekem – oʻn soʻziga borib taqaladi. Ruscha desyat, inglizcha ten, nemischa zehn, latishcha desmit, litvacha dešimt ana shu oʻzakdan oʻsib chiqqan.
Dekan Qadimgi Rim qoʻshinida piyodalar boʻlinmasi boshligʻini anglatgan. Oʻzbekchada oʻnboshi atamasiga mos tushadi. Dekanning qoʻl ostida oʻn nafar askar xizmat oʻtagan, ular bir chodirda yashagan.
Keyinchalik cherkovda oʻn nafar ruhoniyga rahbarlik qiluvchi xodim ham dekan deb atalgan. Oʻrta asrlar Yevropasida hunarmandchilik ustaxonalari rahbari ham dekan nomini olgan.
Universitetlar cherkov maktablaridan ajralib chiqqach, dekan unvoni turli maʼmuriy vazifalar bilan shugʻullanuvchi kishiga nisbatan ishlatila boshlagan.
Oʻzbek tiliga bu soʻz rus taʼlim tizimidan kirib kelgan. Ruschaga esa nemis tilidan oʻtgan. Dekan lavozimi Rossiya universitetlarida 1803-yili taʼsis etilgan.
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #2971
3.86K