Nafar va -ta
Nafar soʻzi arab tilidan kirgan, asliyatda bir necha kishi; bir kishi maʼnolarini anglatadi.
Oʻzbek tilida numerativ, yaʼni hisobni anglatuvchi soʻz sanaladi va faqat shaxs-kishini bildiruvchi soʻzlar bilan qoʻllanadi, adad maʼnosini anglatadi:
Yoniga toʻrt nafar yasovul olib, Sultonali yoʻlga tushdi.
A. Qodiriy, Mehrobdan chayon.
Nafar soʻzi faqat shaxsni anglatuvchi soʻzlar bilan qoʻllanadi. Jonli va jonsiz narsalarni bildiruvchi boshqa soʻzlar bilan ishlatish xatodir:
Besh nafar kitob, toʻrt nafar buzoq, oʻn nafar terak ❌
Bunday oʻrinlarda -ta qoʻshimchasidan foydalanish kerak. -ta qoʻshimchasi bilan kelgan sanoq sonlar narsaning miqdorini donalab sanash yoʻli bilan koʻrsatadi:
Beshta kitob, toʻrtta buzoq, oʻnta terak. ✅
-ta qoʻshimchasini shaxsni bildiruvchi soʻzlar bilan qoʻllab boʻlmaydi degan yanglish tushuncha ancha keng tarqalgan. Bu – mutlaqo xato. Aylanib-oʻrgilib nafar soʻzini ishlataverish uslubiy xatolik va gʻalizliklarni keltirib chiqaradi. Nafar soʻzi oʻrnida bemalol -ta qoʻshimchasini ishlatish mumkin:
Besh nafar oʻqituvchi, olti nafar odam, oʻn nafar tekshiruvchi ✅
Beshta oʻqituvchi, oltita odam, oʻnta tekshiruvchi ✅
Kishi soʻzi bilan esa nafar soʻzini ham, -ta qoʻshimchasini ham ishlatmagan maʼqul:
Oʻn kishi, yigirma kishi, ellik kishi, yuz kishi, ming kishi ✅
-ta qoʻshimchasini olgan sonlar kabi tarkibida -ta qoʻshimchasi boʻlgan nechta? soʻroq olmoshi ham shaxsni bildiruvchi soʻzlar bilan qoʻllana oladi: bir nechta odam, bir nechta sportchi.
– Nahorgi oshga nechta odam aytding?
– Oʻttizta. Undan oshigʻiga ruxsat yoʻq ekan.
-ta qoʻshimchasini shaxsni bildiruvchi soʻzlar bilan ishlatish oʻzbek tili tabiatiga xos. Uning oʻrnida hamisha nafar soʻzini ishlatish yoki shuni talab qilish til tabiatiga teskari borishdir.
👉 Toʻliq oʻqish
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #1481
2.73K
- 👍 4