Universitet – fanlar jamlangan joy
Universitet soʻzining ildizi lotincha universitas litterarum atamasiga borib taqaladi. U barcha fanlar jamlanmasi degan maʼnoni bildiradi. Chunki universitetlar yuzaga kelgan paytda ularda oʻsha zamonda maʼlum boʻlgan barcha fanlar oʻqitilgan. Hozir ham universitetlar keng tarmoqli ekani bilan ajralib turadi. Institutlar odatda bitta yoʻnalishda faoliyat olib borsa, universitetlarda xilma-xil yoʻnalishdagi fakultetlar boʻladi.
Dastlabki universitetlar Italiyaning Bolonya (XI asr), Salerno (XII asr oxirlari), Fransiyaning Parij (1215), Monpelye (1289), Buyuk Britaniyaning Kembrij (1209), Oksford (XII asrning ikkinchi yarmi), Ispaniyaning Salamanka (1218), Portugaliyaning Lissabon (1290) shaharlarida paydo boʻldi. Bular iqtisodiy jihatdan ancha rivojlangan, shaharlari koʻp, savdo va hunarmandchiligi yuqori darajada boʻlgan, madaniyat, falsafa va ilm-fan taraqqiy etgan mamlakatlar edi.
Sharqdagi oliy taʼlim dargohlari Yevropadan oldinroq paydo boʻlgan. Tunisdagi az-Zaytun universitetiga 732 yili asos solingan. Mashhur tarixchi Ibn Xaldun ana shu ilm dargohi bitiruvchisidir. Marokashdagi Qaraviyyin universiteti 859 yili tashkil topgan. Misrdagi dunyoga mashhur al-Azhar universiteti esa 970 yildan faoliyatini boshlagan. Milliy ensiklopediyaga koʻra, Buxorodagi “Forjak” madrasasi Oʻrta Osiyodagi dastlabki oliy ilm dargohlaridandir. U Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida aytib oʻtilgan 937 yilgi yongʻinda zarar koʻrgan. Ushbu madrasaga Islom olamida mashhur faqih Abu Hafs Kabiyr Buxoriy (767–832) asos solgan. Shu bois u koʻplab manbalarda Abu Hafs madrasasi deb ham atalgan. Abu Hafs Kabir madrasasida mashhur muhaddis Imom Buxoriy ham taʼlim olgan.
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #2964
4.26K