TGViewer
Orif Tolib Orif Tolib @oriftolib · 15.1K subscribers
Post #1834 6.78K
“Deb” va vergul

#Soʻragan_edingiz

Tajribali muharriru musahhihlarni ham oʻylantirib, chalkashtirib qoʻyadigan holatlardan biri deb soʻzi bilan vergul ishlatishdir. Hatto punktuatsiya qoidalari haqidagi kitob ham chalkashliklarga yoʻl qoʻygan. Bitta oʻrindagi prinsip keyingi oʻrinda teskarisiga ishlagan.

Men tinish belgilarini oʻta zarurat boʻlsagina ishlatish tarafdoriman. Jumladan, deb soʻzi bilan ham. Vergul talab qiladigan holat boʻlsa, qoʻllash kerak. Boʻlmasa – yoʻq.

Izohli lugʻat deb soʻzi ravishdosh boʻlib kelganda undan oldin, qoʻshma gap tarkibidagi bogʻlovchi boʻlib kelganda esa undan keyin vergul ishlatgan. “Oʻzbek tili punktuatsiyasining asosiy qoidalari” kitobi ham shu yoʻldan borgan. Lekin kitobda vergul ishlatilmasligi kerak boʻlgan ikkita holat tilga olingan:

1️⃣ Baʼzan deb shakli gap tarkibida sababli, tufayli, uchun kabi yordamchi soʻzlarning sinonimi kabi qoʻllanadi, bunday holatlarda deb soʻzidan keyin ham, oldin ham vergul qoʻyilmaydi:

Arzimagan oshiq-maʼshuqning xati deb butun pochta ovopa boʻladi.
Oʻ. Umarbekov

2️⃣ Baʼzan deb shakli gap tarkibida sifatida yordamchi soʻzining sinonimi kabi qoʻllanadi, bunday holatlarda deb soʻzidan keyin ham, oldin ham vergul qoʻyilmaydi:

Said buni sovgʻalarning debochasi deb bilardi.
U. Hamdam

Lekin yuqoridagi kabi prinsip bir oʻrinda qoʻllanmagan. Kitob: “Ergash gap bosh gapga deb vositasida bogʻlansa, undan keyin vergul qoʻyiladi”, deb taʼkidlaydi:

Hovlidagi supaga toʻshalgan boʻyra ustiga yoyilgan turshaklarni qush talamasin deb, qoʻriqlab oʻtirdim.
Oʻ. Hoshimov

Men shu oʻrinda ham vergul ishlatilmasligi kerak deb hisoblayman. Nega? Chunki deb soʻzi maqsadida, degan maqsadda soʻzining sinonimi kabi qoʻllanyapti. Oʻrniga sinonimini qoʻysangiz, vergul ishlatilmasligi oydinlashadi:

Hovlidagi supaga toʻshalgan boʻyra ustiga yoyilgan turshaklarni qush talamasin degan maqsadda qoʻriqlab oʻtirdim.

Xoʻsh, qachon vergul ishlatish kerak? Hamma yoq qoʻshtirnoqzor boʻlib ketmasligi uchun koʻpincha badiiy va publisistik matnlarda koʻchirma gaplar qoʻshtirnoqsiz beriladi. Xuddi shunday holatlarda deb soʻzidan oldin vergul qoʻyish oʻrinli:

Bunaqa holatlarga oldindan tayyor boʻlish kerak, deb eʼtiroz bildirdi u.

Endi nima qilsam ekan, deb oʻylab oʻtiribman.

Yuqoridagi ikki misolda deb soʻzi koʻchirma gapni ifodalash uchun xizmat qilyapti. Bu ikki gap aslida koʻchirma gap qoidasiga koʻra qoʻshtirnoqqa olinishi, vergul esa qoʻshtirnoqdan keyin qoʻyilishi kerak:

“Bunaqa holatlarga oldindan tayyor boʻlish kerak”, deb eʼtiroz bildirdi u.

“Endi nima qilsam ekan”, deb oʻylab oʻtiribman.

Ammo tinish belgilarini koʻp ishlatib, oʻquvchini chalgʻitmaslik uchun baʼzan qoʻshtirnoqlardan voz kechiladi. Bitta vergul orqali ham jumla boshqa kishiga tegishli ekani anglashiladi. Badiiy va publisistik matnlarda, shaxsiy yozishmalarda bu usul oʻzini oqlaydi.

Koʻchirma gaplarda tinish belgilarini ishlatish ham islohga muhtoj. Nasib qilsa, bu haqda alohida toʻxtalaman.

@oriftolib | Sahifalarimiz
  • 👍 11
  • ⚡ 1
  • 🔥 1
More from @oriftolib
  1. Sep 26, 2026“Bu gʻirt SI-ku!”: Yoshlar nega sunʼiy intellektni haqorat soʻziga aylantirdi? Britaniya v…
  2. Sep 25, 2026Navoiy “Kulliyot”ining nodir faksimile nusxasi Oʻzbekistonga keltirildi Alisher Navoiy “Ku…
  3. Sep 25, 2026🚀 20:30’da jonli efir boʻladi, rejangizga kiritib qoʻying! 🎤 Bugun 20:30’da shu kanalda…
  4. Sep 25, 2026Turk tili ustozi Gʻulomjon xoʻja (turk tilida ustozga hoca deb hurmat koʻrsatishadi) oʻquv…
  5. Sep 23, 2026Bolalar smartfonga emas, kitobga ham talpinishi mumkin Bolasiga kitob oʻqita olmay xunob b…
  6. Sep 18, 2026Post #4893
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →