Vergul qachon ishlatiladi: eng asosiy 7️⃣ ta qoida
Shahnoza opa yaqinda vergulni qoʻllash qoidalarini ixchamlashtirib, besh-oltita qoidaga jamlash haqida yozgandi. Ana shu gʻoya asosida vergul ishlatiladigan eng muhim holatlarni yigʻib chiqdim. Imkon qadar ixchamlashtirdim.
Qoidalarga amal qilishda eng muhimi – mohiyatni tushunib olish. Shunga erishgan odam qoidada aynan koʻrsatilmagan oʻrinlarda ham tinish belgilarini toʻgʻri qoʻllay oladi.
Oʻzbek tilida vergul quyidagi holatlarda ishlatiladi:
1️⃣ Uyushiq boʻlaklar va gapda takrorlangan soʻzlar bilan.
Misollar:
Sen kuychi, paxtakor, olim...
U oʻqib, yozib, tahlil qilib chiqdi.
Qani, qani, mehmonlarning qoʻliga suv quyvoringlar.
Bezovta qilib qoʻydim, uzr, uzr.
2️⃣ Ajratilgan boʻlaklar bilan.
Misollar:
Azizga, sobiq talabaga, bu soʻz yoqmadi.
Islohotlarga biz, yaʼni yoshlar ham hissa qoʻshishimiz kerak.
3️⃣ Kiritmalar (kirish soʻzlar, kirish birikmalar va kirish gaplar) va modal soʻzlar bilan.
Misollar:
Astoydil ishlansa, shubhasiz, bu yerdan yaxshi hosil olish mumkin.
Balki, bu haqda bir oʻylab koʻrarsiz.
4️⃣ Undalmalar va undov soʻzlar bilan.
Misollar:
Ogʻayni, bu masalaga yengil qarash yaramaydi.
Hoy, bu nima qilganingiz axir?!
5️⃣ Boshqa boʻlaklarga bogʻlanmagan soʻzlar bilan.
Misollar:
Qani, bu holatni oddiyroq tushuntirib bering-chi.
Bu savolga, xoʻsh, huquqshunos javob bera qolsin.
6️⃣ Muallif gapini koʻchirma gapdan ajratishda.
Misollar:
– Men bugun borolmayman, – dedi u.
“Men bugun borolmayman”, dedi u.
7️⃣ Birdan ortiq ish-harakat ifodalangan sodda gaplar, birdan ortiq kesim qatnashgan qoʻshma gaplarda.
Misollar:
Dadam kelgach, osh suzildi.
Gullar ochilib, atrofga anvoyi boʻylar taraldi.
Kasbi – oʻqituvchi, mutaxassisligi – matematik, ijodkorligi ham bor.
Atrof qorongʻi, lekin daraxtlar yaqqol koʻzga tashlanadi.
Achchigʻim chiqdi-yu, ammo bildirmadim.
Yo siz keling, yo men boray.
❗️ Eslatmalar:
Undov, undalma va kiritmalar gap boshida kelganda vergul ulardan keyin, gap oʻrtasida kelganda har ikki yondan, gap oxirida kelganda ulardan oldin qoʻyiladi.
Qoʻshma gaplar yoki uyushiq boʻlaklar va, -u, -yu, hamda, yo (gapda bir marta qatnashsa) kabi teng bogʻlovchilar bilan bogʻlansa yoki sanalsa, ular orasiga vergul qoʻyilmaydi.
Vergul qavs va qoʻshtirnoq bilan qoʻllanganda ulardan keyin, tire bilan qoʻllanganda undan oldin qoʻyiladi, koʻp nuqta bilan kelganda esa tushib qoladi.
Har bir holatga izoh berganman. Maqolaning toʻliq varianti bilan saytda tanishishingiz mumkin.
👉 Toʻliq oʻqish
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #1573
11.8K

- 👍 28