TGViewer
Orif Tolib Orif Tolib @oriftolib · 15.1K subscribers
Post #1536 46.8K
-b, -ib: vergul kerakmi yoki yoʻq?

Gapda -(i)b qoʻshimchasi bilan yasalgan ravishdoshlardan soʻng koʻpincha vergul qoʻyiladi. Lekin har doim ham emas. Amaliyotda ravishdoshlardan soʻng oʻrni boʻlsa-boʻlmasa vergul qoʻyaverish koʻp uchraydi.

Xoʻsh, qachon vergul qoʻyish kerak?

Ravishdosh va undan keyin kelayotgan feʼl alohida-alohida, ketma-ket yoki birdan ortiq harakat-holatni ifodalasa, vergul ishlatiladi:

Sigirlarni kim sugʻorib, qoʻylarga kim yem beradi?
👉 Bu jumlada ikki xil, alohida-alohida harakat ifodalanyapti va ular vergul bilan ajratilyapti.

Siroj egma koʻprikdan oʻtib, koʻl oʻrtasidagi choyxonaga kirdi.
S. Zunnunova, Odamlar orasida.

👉 Bu gapda ketma-ket harakat ifodalangan. Siroj oldin koʻprikdan oʻtgan, keyin choyxonaga kirgan.

Bozorqul bunday paytlarda bosh egib, xomush oʻtirardi.
A. Muxtor, Chinor

👉 Bu gapda birdan ortiq harakat-holat bor, xuddi uyushiq boʻlaklardagi kabi bu oʻrinda ham vergul qoʻyish oʻrinli.

Xoʻsh, qachon vergul qoʻyilmaydi?

Agar bittagina harakat ifodalansa, ravishdosh shu harakatni sifatlasa, vergul kerak emas:

Tayyor fotosuratdan foydalanib rasm chizamiz.
👉 Bu gapda ish-harakat bitta: rasm chizish. Foydalanib soʻzi qanday holatda?, qay shaklda? soʻrogʻiga javob boʻlyapti. Bu yerda birdan ortiq harakat ifodalanmagani uchun vergul kerak emas.

U kulib gapirdi.
👉 Bu gapda kulib soʻzi gapirish holatini aks ettiryapti, unga mazmunan bogʻliq. Shu sababli vergul kerak emas.

Arzimas gapdan figʻoni falakka chiqib ketganini qarang!
👉 Bu jumlada figʻoni falakka chiqib birikmasi ibora boʻlgani uchun vergul talab qilmaydi. Turgʻun birikmalar yaxlit shaklda maʼno kasb etgani uchun ular xuddi bir soʻz kabi qabul qilinadi.

Ravishdosh shaklida boʻlsa-da, vergul talab qilmaydigan baʼzi soʻz va iboralar bor. Lekin ularning vazifasi va mazmuniga eʼtibor bermaslik oqibatida xatolarga yoʻl qoʻyamiz. Nasib qilsa, ular haqida alohida yozaman.

@oriftolib | Sahifalarimiz
  • 👍 2
  • 😎 1
More from @oriftolib
  1. Sep 26, 2026“Bu gʻirt SI-ku!”: Yoshlar nega sunʼiy intellektni haqorat soʻziga aylantirdi? Britaniya v…
  2. Sep 25, 2026Navoiy “Kulliyot”ining nodir faksimile nusxasi Oʻzbekistonga keltirildi Alisher Navoiy “Ku…
  3. Sep 25, 2026🚀 20:30’da jonli efir boʻladi, rejangizga kiritib qoʻying! 🎤 Bugun 20:30’da shu kanalda…
  4. Sep 25, 2026Turk tili ustozi Gʻulomjon xoʻja (turk tilida ustozga hoca deb hurmat koʻrsatishadi) oʻquv…
  5. Sep 23, 2026Bolalar smartfonga emas, kitobga ham talpinishi mumkin Bolasiga kitob oʻqita olmay xunob b…
  6. Sep 18, 2026Post #4893
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →