TGViewer
Channel Public Channel
Subscribers
884
Photos
33
Videos
9
Links
88
Recent Posts 19 shown
Post #128 4.6K
Tabriklayman, tez orada o‘zbek tilida uchta alifbo bo‘ladi

Senat o‘zbek alifbosini o‘zgartirish haqidagi o‘sha qonunni ma’qulladi. Qonun kuchga kirishi uchun uni prezident imzolashi kerak.

Men bu mavzuda avval ham yozganman. O‘zgarishlarga qarshi ekanimning sababi Sh menga prinsipial ravishda yoqib, Ş yoqmasligida emas (garchi Şuxrat unchalik yaxshi ko‘rinmasa ham) yoki hozirgi alifboni ideal deb hisoblashimda ham emas.

Yana takrorlayman: men umuman tilshunos emasman, u yoki bu tovushni qaysi harf aniqroq ifodalashi haqida filologlar bilan bahslashadigan mutaxassisligim yo‘q.

Mening asosiy savolim boshqa: bu islohotning jamiyat uchun narxi qancha? Millionlab odamlarning o‘zlari o‘rganib qolgan bir yozuv tizimidan boshqasiga o‘tishining narxi qancha?

O‘zbekiston 30 yildan ko‘proq vaqt oldin kirilldan lotin yozuviga o‘tishni boshlagan. Biz esa bu jarayonni haligacha yakunlamadik. Bugun Senatda ham bu holat amalda tan olindi. Kirill yozuvi hanuz hujjat aylanishida qo‘llaniladi, axborot makonining sezilarli qismi ham shu yozuvda ishlaydi.

Ya’ni bizda hozirning o‘zida o‘zbek tilining ikkita yozuv olami mavjud. Badiiy va texnik adabiyotlarning, xorijiy adabiyot tarjimalarining, arxivlar va hujjatlarning ulkan qatlami kirill yozuvida yaratilgan. So‘nggi yillarda hozirgi lotin yozuvida ham xuddi shunday ulkan qatlam shakllandi. Endi buning ustiga uchinchi variantni yaratmoqdamiz.

«Atigi to‘rtta harf o‘zgaryapti», deb istagancha aytish mumkin. Ammo o‘qish uchun bu katta muammo. Ravon o‘qishni o‘rgangan odam har bir so‘zni harflab o‘qimaydi. Biz tanish so‘zlarni yaxlit, ularning grafik ko‘rinishi orqali taniymiz.

Ammo endi o‘qishdagi odatiy avtomatizmni qaytadan shakllantirishga to‘g‘ri keladi. Qo‘shimcha kognitiv yuklama paydo bo‘ladi: yangi yozilishni tanish, unga ko‘nikish, keyin esa u bilan eski matnlarning ulkan massivi o‘rtasida doimiy ravishda almashib turish kerak bo‘ladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi islohot sabab darsliklarga qo‘shimcha xarajat bo‘lmasligini aytmoqda. Ular shunchaki rejali yangilanish davomida yangi alifboga o‘tkaziladi: 1-sinf darsliklari har yili, 2-4-sinflarniki uch yilda bir marta, 5-11-sinflarniki esa besh yilda bir marta yangilanadi. Jarayonni 2031-yilgacha to‘liq yakunlashmoqchi.

Ammo Bektosh Xatamov bu holat bola ko‘zi bilan qanday ko‘rinishini juda yaxshi tasvirlab berdi.

Birinchi sinfda u Sh va Ch ni o‘rgandi.

Ikkinchi sinfda eski darslik bo‘yicha o‘qishni davom ettirdi.

Uchinchi sinfga kelganda darslik aynan shu yili yangilandi – unda endi Ş va Ç bor.

To‘rtinchi sinf darsligining almashtirish muddati hali kelmagan – yana Sh va Ch.

Beshinchi sinfda yangi darslik – yana Ş va Ç.

Bosqichma-bosqich almashtirish modelining o‘zi bir maktabning ichida bir alifboning turli variantlaridagi darsliklardan bir vaqtning o‘zida foydalanilishiga imkon beradi. Shu bilan birga, rasmiylar qonun kuchga kirgach, imtihonlar yangi alifboda o‘tkazilishini aytmoqda.

Maktab bolaga bir standartni o‘rgatadi, ammo u o‘nlab yillar davomida to‘plangan bilimlardan foydalanishi uchun baribir eski alifboda ham o‘qishni o‘rganishiga to‘g‘ri keladi.

Xarajat deganda faqat darsliklarni yangilashni tushunmaslik kerak. O‘qituvchilarni qayta tayyorlash, seminarlar o‘tkazish, metodik qo‘llanmalar chiqarish, test va imtihon materiallarini qayta ishlab chiqish, elektron ta’lim tizimlarini o‘zgartirish kerak bo‘ladi. Klaviaturalar, dasturlar, ma’lumotlar bazalari, lug‘atlar.
Peshlavhalarni, gerbni va uning tasviri tushirilgan buyumlarni yangilash. Hujjat aylanishini qayta tashkil etish. Bularning barchasi ham pul.

Bundan tashqari, darsliklarga ketadigan xarajatlardan ham kattaroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan tranzaksion xarajatlar bor. O‘qituvchining qayta o‘qishga sarflagan vaqti, bolaning moslashishga sarflagan vaqti, moslashish davrida o‘qish tezligining pasayishi.

Xususiy biznesning ham xarajatlari bor – saytni qayta ishlash, peshlavhani almashtirish, dasturiy ta’minotni yangilash.

Bugun qonun kuchga kirganidan keyin barcha OAVni yagona tasdiqlangan alifboga o‘tishga majbur qilish rejalashtirilayotgani ham aytildi. OAVning manfaatlari-chi? Faraz qilaylik, o‘zbek tilidagi bir nashr auditoriyasining sezilarli qismi kirill yozuvida o‘qishga o‘rganib qolgan. Endi nashr kirilldan voz kechishi kerakmi? Unda o‘quvchilarning bir qismi shunchaki uni o‘qimay qo‘yadi.

«Kirill / lotin / yangi lotin» o‘rtasida o‘tish tugmasini qoldirish kerakmi? Unda yana o‘sha uchta variantni olamiz. Ya’ni hamma narsani birxillashtirishi kerak bo‘lgan islohot o‘tish davrida, aksincha, muhitni yanada ko‘proq parchalab yuboradi.

2026-yilda faqat maktab darsliklarini yangilash uchun budjetda qariyb 2 trln so‘m ko‘zda tutilgan. Holbuki, bizdagi muammo darsliklarda yangi harflar yetishmayotganida emas.

Har yili ayrim maktablarda bolalar o‘quv yili boshida zarur kitoblarni ololmagani haqida xabarlar chiqadi (mana, so‘nggi videolar). Ayrim hollarda yanvargacha elektron nusxalardan foydalanib, sahifalarni mustaqil ravishda printerdan chiqarishga to‘g‘ri kelgan.

Darsliklarni chop etish sohasi monopollashgani sababli (ilgari ularni tender orqali bir nechta bosmaxona yetkazib bergan bo‘lsa, hozir bitta kompaniya nashr etadi) bolalar printerda chiqarilgan kitoblar bilan o‘qishga majbur bo‘lmoqda. Darsliklar esa maktablarning eng katta muammosi ham emas.

So‘nggi yillardagi tadqiqotlarga ko‘ra, maktablarda normal hojatxonalar, sport zallari, oshxonalar, kompyuterlar yetishmaydi. So‘nggi yillarda maktablar kamroq qurilmoqda (statistikani keyinroq alohida ko‘rib chiqaman), shu sabab ko‘plab bolalar hamon bir necha smenada o‘qishga majbur.

Mana, bugunning o‘zida millionlab bolalarning sog‘lig‘i, qulayligi va ta’lim sifatiga ta’sir qilayotgan muammolar ro‘yxati. Biz (aniqrog’i tepadagilar) esa harflar bilan shug‘ullanishga qaror qildik.

Men haligacha eng muhim savolga normal javob ko‘rmadim: bu qaror qaysi tadqiqot asosida qabul qilindi? Bizga o‘zgarishlar ustida qariyb o‘n yil ishlangani va ilmiy tadqiqotlar hisobga olingani aytilmoqda.

Yaxshi. Ular qayerda? Hech bo‘lmasa bir nechta maktabda o‘tkazilgan tajriba qayerda? Bir guruhi hozirgi lotinda, ikkinchi guruhi yangi lotinda o‘qigan bolalar bilan o‘tkazilgan sinov qayerda? O‘qish tezligi bo‘yicha o‘lchovlar qayerda? O‘qilgan matnni tushunish darajasi-chi? Turli yoshdagi bolalarga moslashish uchun qancha vaqt kerak bo‘lgani o‘lchandimi? O‘tish kattalarga qanday ta’sir qiladi? Biznes uchun o‘tishning narxi qancha? Soliq to‘lovchilar uchun-chi?

Qonun qabul qilinishidan oldin jamiyatga bularning birortasi taqdim etilganini ko‘rmadim. Faqat bosqichma-bosqich o‘tish va klaviaturada yozish noqulayligi haqida eshityapman.

Bundan tashqari, qonun loyihasining o‘zi ham to‘laqonli ommaviy jamoatchilik muhokamasidan o‘tmadi. Ovoz berishdan oldin katta ochiq munozara, ishlab chiquvchilar shu savollarga javob beradigan matbuot anjumani ham bo‘lmadi.

Holbuki, bu qaror mamlakatdagi deyarli har bir insonga va kelajakdagi bir necha avlodga taalluqli. Men avval qaror tepada qabul qilinib, keyin aholiga nega u to‘g‘ri ekani va nega baribir bir kun kelib hamma unga ko‘nikishi tushuntiriladigan yondashuvga qarshiman. So‘nggi paytlarda deyarli barcha qarorlar aynan shunday qabul qilinmoqda.

Biz 30 yildan ko‘proq vaqt davomida bir alifbodan boshqasiga o‘tishni yakunlay olmadik. Endi esa uni tugatish o‘rniga bu jarayonni «nollashtirib», hammasini boshidan boshlashga qaror qildik.

@latipovuzb
  • 👍 46
  • 👏 15
  • 🔥 12
  • 👎 4
Post #127 21K
Hozir Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinsonning «Tor yo‘lak» kitobini o‘qiyapman. Ular erkinlikni jamiyat bir marta erishib, keyin undan shunchaki foydalanib yashayveradigan holat sifatida tasvirlamaydi.

Erkinlik juda tor yo‘lak ichida mavjud bo‘ladi – kuchli davlat va kuchli jamiyat bir-birini doimiy ravishda muvozanatda ushlab turgan joyda.

Zaif davlat xavfsizlikni, qonun ustuvorligini va barcha uchun teng qoidalarni ta’minlay olmaydi. Ammo jamiyatdan ancha kuchli bo‘lib ketgan davlat asta-sekin uning erkinligini cheklay boshlaydi.

Kitobda qiziq bir metafora bor – «Qizil Qirolicha effekti». Bu nom «Alisa sehrli oyna ortida» asaridan olingan: unda Qizil Qirolicha hech bo‘lmasa o‘z joyingda qolish uchun ham bor kuching bilan yugurish kerakligini aytadi.

Shuning uchun mualliflar bu jarayonni cheksiz poygaga qiyoslaydi: davlat o‘z institutlarini kuchaytiradi – jamiyat ham yanada yetuk, uyushgan va talabchan bo‘lib borishi kerak. Jamiyat kuchaysa, davlat ham samaraliroq va hisobdor bo‘lishga majbur bo‘ladi.

Menimcha, mustaqillikka ham taxminan shunday qarash kerak. 1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston davlat mustaqilligini e’lon qildi. Bu jamiyatga o‘z kelajagini mustaqil belgilash uchun katta imkoniyat berdi.

Mustaqillik va erkinlikka erishgandan keyin ham ular uchun har kuni kurashish, ularni kuchli institutlar, mustaqil sud, erkin matbuot va raqobatbardosh iqtisodiyot orqali mustahkamlab borish kerak. Noqulay savollarni berish huquqi va fuqarolarning davlat qarorlariga ta’sir ko‘rsatish imkoniyati bo‘lishi zarur.

O‘zbekistonga kuchli davlat kerak. Davlatimiz tobora kuchayib bormoqda va hozircha bu poygada jamiyatdan ancha oldinda ketmoqda, istiqbolda esa haddan tashqari kuchayib, despotik tus olish xavfini yaratadi. Menimcha, endi jamiyat ham kuchliroq bo‘lishi – davlatni cheklashga ko‘proq qodir bo‘lishi muhim. Bu davlatning o‘zi uchun ham foydali bo‘ladi, chunki unga xatolardan qochishga yordam beradi.

Mustaqillik bayrami muborak, O‘zbekiston🇺🇿

@latipovuzb
  • 👍 21
  • 🔥 13
  • 👏 2
Post #126 2.57K
VEON (Beeline egasi) Perfectum’dagi ulushni sotib olmoqchi

Kecha Farhod Mamadjanov (InfinBank, Perfectum mobil operatori, Uztex Group to‘qimachilik xoldingi va boshqa ko‘plab bizneslarning asosiy aksiyadori) prezidentga xalqaro telekommunikatsiya xoldingi VEON bilan 200 mln dollarlik kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

Ikki yil avval Farhod Mamadjanov prezidentga Perfectum Britaniyaning Vodafone kompaniyasini jalb qilishni rejalashtirayotganini aytgandi. O‘shanda loyiha hajmi 250 mln yevroga baholangan, Nokia va e& kompaniyalarining ishtiroki ham ma’lum qilingandi. Endi esa Mamadjanov Vodafone o‘rniga kompaniya VEON bilan ishlay boshlaganini aytmoqda.

VEON — Beeline Uzbekistan’ga egalik qiluvchi Niderlandiya telekommunikatsiya xoldingi. Ya’ni gap O‘zbekiston mobil aloqa bozorida faoliyat yuritayotgan ikki o‘yinchi bilan bog‘liq tuzilmalar o‘rtasidagi bitim haqida ketmoqda.

Aniqlanishicha, VEON Perfectum’dagi ulushni sotib olishi mumkin. Sotib olinadigan ulush miqdori hozircha oshkor qilinmagan, biroq bitimning o‘zi Iqtisodiy konsentratsiya sifatida Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasida ko‘rib chiqilmoqda.

Yaqinda Farhod Mamadjanovning o‘zi ham Perfectum’da to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulushga ega bo‘ldi. 16-iyul kuni Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi uning Perfectum mobil operatorining yuridik shaxsi — Rubicon Wireless Communication MChJdagi 50% ulushni sotib olish bo‘yicha arizasini ma’qullagan edi.

Bitimdan so‘ng Mamadjanov kompaniyaning 50% ulushiga ega eng yirik alohida ishtirokchisiga aylandi. Shu sababli VEON tomonidan ulush sotib olinishi Perfectum mulkchilik tuzilmasidagi navbatdagi yirik o‘zgarish bo‘lishi mumkin.

Bunday yirik bitimlar raqobat muhitiga ta’sirini baholash uchun iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha oldindan rozilik olish tartibidan o‘tadi. Qonunga ko‘ra, iqtisodiy konsentratsiya uchun oldindan rozilik, jumladan, kompaniya MChJ bo‘lsa, uning ulushlarining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i sotib olinayotganda talab etiladi.

Bu voqeada bir jihat alohida e’tibormi tortdi. Tadbirkor prezidentdan Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining xulosasini olishda yordam berishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘radi. Shundan so‘ng qo‘mita raisi ariza 24-iyul kuni kelib tushganini, hozir mobil aloqa bozori o‘rganilayotganini va xulosa Tadbirkorlar kunigacha berilishi rejalashtirilayotganini aytdi.

Ammo monopoliyaga qarshi nazoratning mazmuni ham shundan iboratki, regulyator muayyan bitim raqobatga ta’sir qiladimi yoki yo‘qmi, buni mustaqil ravishda va tashqi bosimsiz aniqlashi kerak.

Qonunchilikda buning aniq tartibi belgilangan. Agar bitim raqobatga ta’sir qilmasa, qaror ariza va hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin 30 kalendar kundan kechiktirmay qabul qilinishi kerak. Ya’ni hujjatni ko‘rib chiqish natijasi 23-avgustgacha e’lon qilinishi lozim. Muddatlar ali o'tib ketmagan.

Agar bitim raqobatni cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lsa, qo‘mita qo‘shimcha o‘rganish o‘tkazib, ko‘rib chiqish muddatini yana ko‘pi bilan ikki oyga uzaytirishi mumkin. Ya’ni murakkab bitim bo‘yicha regulyatorga ko‘proq vaqt kerak bo‘lishi mumkin.

Bu vaziyat kamida ikki xil talqin qilinishi mumkin. U regulyatorga ortiqcha bosim yuzaga keltiradi. Holbuki, qo‘mita millionlab aholiga daxldor bo‘lgan bozorda raqobat yomonlashadimi yoki yo‘qmi, degan savolga javob berishi kerak.

Tadbirkorning prezidentga ochiq murojaatidan so‘ng qo‘mitaning kelajakdagi qarori qanday qabul qilinishi masalasi ham yuzaga keladi.

Regulyator tahlil yakunida bitim raqobatni cheklamaydi, degan xulosaga baribir kelishi va ijobiy xulosa berishi balki mumkin edi. Ammo endi bitim ma’qullansa, qaror faqat mustaqil baholash natijasida qabul qilindimi yoki unga siyosiy omil ham ta’sir ko‘rsatdimi, degan savol tug‘ilishi mumkin.

Bu albatta bunday ta’sir bo‘lganini anglatmaydi. Ammo baribir ma’lum bir savollar qoladi.

@latipovuzb
  • 🔥 7
  • 👍 2
Post #125 4.77K
Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi qonunda umrbod immunitet fonida unchalik ko‘zga tashlanmaydigan, ammo baribir tilga olishni istagan yana bir nechta jihatlar bor. Postlar ko‘payib ketgani uchun uzr, lekin bunday qonunlar har kuni ham qabul qilinmaydi.

1) Birinchi masala – to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlar, aniqrog‘i, ushbu yondashuvdan chekinish. Muayyan tartib-taomilni bevosita qonunning o‘zida belgilash o‘rniga, uni prezident hujjati bilan belgilash taklif etilmoqda.

Masalan, shu paytgacha «Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi qonunda vazirlar va ularning o‘rinbosarlarini prezident lavozimga tayinlashi va ozod qilishi, boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – qo‘mitalar, agentliklar, inspeksiyalar rahbarlarini prezident, ularning o‘rinbosarlarini esa prezident bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tayinlashi belgilangan edi. Endi o‘rinbosarlar bo‘yicha quyidagi formula joriy etilmoqda: ular «prezident tomonidan belgilanadigan tartibda» lavozimga tayinlanadi va ozod qilinadi.

Shunga o‘xshash o‘zgartirishlar boshqa qonunlarda ham kiritilmoqda – soliq organlari, ichki ishlar vaziri o‘rinbosarlari va hokim o‘rinbosarlari bo‘yicha ham. Ya’ni kim tayinlashi qonunda bevosita ko‘rsatilishi o‘rniga, alohida ravishda prezident belgilaydigan tartibga havola paydo bo‘lmoqda.

Hozircha bu kadrlar bo‘yicha vakolatlar aynan kimga berilishi tushunarsiz. Biroq yangi qonun Administratsiya rahbariga keng vakolatlar berayotganini hisobga olsak, bunday qarorlarning hech bo‘lmaganda bir qismi Prezident Administratsiyasi rahbariga o‘tishi mumkin, deb taxmin qilish mumkin. Hozircha bu faqat taxmin – tegishli tartibni hali ko‘rish kerak.

Shunchaki eslatib o‘tmoqchiman: ko‘p yillardan beri to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlar ulushini oshirish siyosati e’lon qilib kelinadi. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ularning ulushini kamida 60 foizga yetkazish maqsadi qo‘yilgan edi (2025 yilda taxminan 13 foiz). Bunday yondashuvning mazmuni ham aynan asosiy qoidalar keyinchalik qabul qilinadigan ko‘plab qonunosti hujjatlarida emas, qonunning o‘zida belgilanishidan iborat.

2) Ikkinchi masala – Administratsiyaning o‘z normativ hujjatlarini chiqarishi. Endi Prezident Administratsiyasi rahbarining farmoyishlari normativ-huquqiy hujjatlar tizimiga kiritiladi va butun mamlakat hududida barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar uchun majburiy bo‘ladi.

Bunda bunday farmoyishlarni ishlab chiqish, kelishish, imzolashga kiritish va e’lon qilish tartibi Administratsiyaning o‘z Reglamenti bilan belgilanadi.

Taqqoslash uchun: «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonun NHHlarni tayyorlashning butun bir tartibini nazarda tutadi – huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertiza, manfaatdor idoralar bilan maxsus elektron tizim orqali kelishish va hokazo. Qonunlar, prezident farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari loyihalari, jumladan, Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

Bu tartiblar Prezident Administratsiyasi rahbarining farmoyishlariga aynan qanday tatbiq etilishi Konstitutsiyaviy qonunning o‘zidan tushunarli emas – unda Administratsiya Reglamentiga havola berilgan. Shu sababli hozircha kelishish yoki ekspertiza umuman bo‘lmaydi, deb aytib bo‘lmaydi. Lekin Reglamentning o‘zi bo‘lmasa, qanday filtrlar nazarda tutilganini tekshirishning ham imkoni yo‘q. U ochiq e’lon qilinmaydi, xuddi 2024-yildan beri Vazirlar Mahkamasi Reglamenti kabi.

3) Yana bir tushunarsiz ifoda bor. Prezident Administratsiyasining vakolatlari qatorida u «belgilangan tartibda Administratsiyaga kiritilgan qonunchilik hujjatlarini yakuniy ishlab chiqishni tashkil etishi» qayd etilgan. Holbuki, prezident va Vazirlar Mahkamasi farmoyishlari haqida gap ketganda, shu yerning o‘zida bevosita «loyihalar» so‘zi ishlatilgan.

Bu yerda texnik savol tug‘iladi. Agar qonunchilik hujjatlarining loyihalari nazarda tutilgan bo‘lsa, buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shunday yozish kerak edi. Chunki «qonunchilik hujjatlari» – bu allaqachon normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zi, Konstitutsiya esa qonunlar uchun alohida tartibni belgilaydi: qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinadi, Senat tomonidan ma’qullanadi, prezident tomonidan imzolanadi va rasman e’lon qilinadi.

Ya’ni Administratsiya parlamentdan keyin qabul qilingan qonun matnini shunchaki «yakuniy ishlab chiqishi» mumkin emas. Bu Konstitutsiyaga zid bo‘lardi. Ehtimol, gap faqat qabul qilinishidan oldin Prezident Administratsiyasiga kelib tushadigan loyihalar haqida ketayotgandir, ammo amaldagi formulirovkada loyihalar emas, hujjatlarning o‘zi haqida so‘z bormoqda. Shunga aniqlik kiritilsa yaxshi bo‘lardi.

4) Yana bir prinsipial masala – Konstitutsiyaviy sud.

Konstitutsiya va «Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, konstitutsiyaviy qonunlar maxsus tekshiruvdan o‘tishi kerak: Konstitutsiyaviy sud ular Prezident tomonidan imzolanishidan oldin Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlaydi.

Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi qonun aynan Konstitutsiyaviy qonun hisoblanadi: parlament uni 6-7-avgust kunlari qabul qilgan, prezident esa 14-avgust kuni imzolagan.

Demak, prezident imzolashidan oldin Konstitutsiyaviy sud ushbu qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqishi kerak edi. Hozircha ochiq manbalarda aynan shu qonun bo‘yicha Konstitutsiyaviy sudning e’lon qilingan qarorini topa olmadim. Bu tekshiruv o‘tkazilmaganini anglatmaydi, albatta. Lekin sudning qarori va undagi dalillarni, ayniqsa umrbod immunitetga oid normalar bo‘yicha asoslantirishni ko‘rish muhim bo‘lardi.

Konstitutsiyaviy sudning qarorlari va xulosalari ular qabul qilingan kundan boshlab uch kun ichida rasman e’lon qilinishi kerak. Ular rasman e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.

Agar Konstitutsiyaviy sud bu masalani 14-avgust kuni – yoki undan oldin – ko‘rib chiqqan bo‘lsa, sudning qarori yoki xulosasi qabul qilingan kundan boshlab uch kun ichida rasman e’lon qilinishi kerak. Agar u aynan 14-avgust kuni qabul qilingan bo‘lsa, hujjat 17-avgustdan kechiktirmay e’lon qilinishi lozim.
 
@latipovuzb
  • 👍 20
  • 🔥 5
  • 😱 3
Post #124 7.79K
Latipov [uzb] Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi qonuni haqida Bugun davlat rahbari Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Hujjat parlamentda birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilganidan qabul qilinguniga qadar 10 kun o‘tdi. Ehtimol…
Kecha Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi yangi konstitutsiyaviy qonun menda uyg‘otgan shubhalar haqida yozgandim. Uni qanchalik ko‘p o‘qisam, menda shunchalik kuchli bir savol tug‘ilyapti: endi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi hokimiyat organi sifatidagi mustaqil rolidan nima qoladi?

Konstitutsiyaning 114-moddasiga ko‘ra, ijro etuvchi hokimiyatni aynan Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi. U iqtisodiy va ijtimoiy siyosat, vazirlik va idoralar faoliyati, fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun javob beradi.

Hukumat qarorlar va farmoyishlar qabul qiladi va natija uchun javobgar bo‘lishi kerak.

Ammo yangi qonun hukumat ustidan Prezident Administratsiyasi tomonidan kuchli nazoratni belgilayapti — nafaqat qarorlar qabul qilingandan keyin, balki ular qabul qilinishidan oldin ham.

Masalan, PA Vazirlar Mahkamasi farmoyishlari loyihalarini yakuniy ishlab chiqishni tashkil etish huquqini oladi. Bundan tashqari, Administratsiya Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari loyihalarini mustaqil ravishda ishlab chiqishi mumkin bo‘ladi.

Ya’ni rasman hukumat hisoblanmaydigan va Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kirmaydigan organ hukumat hujjatlari loyihalarini o‘zi tayyorlashi, keyin esa ularning qanday amalga oshirilayotganini nazorat qilishda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Davom etamiz. Administratsiya prezident qarorlarini ijro etishda Vazirlar Mahkamasi va unga bo‘ysunuvchi organlarning idoralararo hamkorligini muvofiqlashtiradi, davlat dasturlari va milliy loyihalar ijrosini monitoring qiladi, Vazirlar Mahkamasining o‘zi va uning tuzilmalari faoliyati samaradorligini tahlil qilishda ishtirok etadi.

PA rahbari yoki Administratsiyaning boshqa vakolatli mansabdor shaxsi Vazirlar Mahkamasi, uning Prezidiumi, komissiyalari, kengashlari, vazirliklar hay’atlari va boshqa organlar yig‘ilishlarida qatnashib, o‘z fikr va mulohazalarini bildirish huquqiga ega bo‘ladi.

PA rahbari mamlakat bo‘ylab davlat organlari va mansabdor shaxslar uchun majburiy bo‘lgan o‘z normativ farmoyishlarini chiqarish huquqini oldi, bundan tashqari, ular ierarxiya bo‘yicha hukumat qarorlaridan yuqori turadi.

Prezident vakolatlarini ta’minlash bilan ijro etuvchi boshqaruvni yoki ijro etuvchi hokimiyat funksiyalarini amalda bajarish o‘rtasidagi o‘sha chegara qayerda? Men huquqshunos emasman, lekin bu qonun Konstitutsiyaga qanchalik mos kelishi haqida ekspert fikrini juda eshitgim keladi. Balki kelajakda unga o‘zgartirishlar kiritilar.

Sobiq adliya vaziri Ruslanbek Davletov «Hoshimov iqtisodiyoti» loyihasiga bergan intervyusida hokimiyatlar bo‘linishining mazmuni vakolatlarni shunchaki rasman taqsimlash emas, balki bir markazda haddan tashqari ko‘p hokimiyat jamlanishiga yo‘l qo‘ymaydigan tizim yaratish ekanini aytgandi.

«Yakka hokimlik har doim subyektivizmga olib keladi va ko‘proq, masalan, shu ishtirokchilarni manfaatlarini e’tiborga olmaslikka olib keladi. Aynan mana shu ishtirokchilar deganda butun jamiyatdagi ishtirokchilar… har xil aholi qatlamlari manfaatni e’tiborga oladigan tizim, hokimiyatni bo‘linish prinsipi bilan bevosita bog‘liq.

Chunki ijro hokimiyati o‘zini ko‘proq vakolatga ega bo‘lishini xohlaydi va qandaydir islohotlar yuritish uchun o‘zini qadamlarini bosadi. Lekin umummilliy manfaatlar, ularni o‘ziga-o‘zi, masalan, qonunlarni o‘ziga-o‘zi belgilab beradigan bo‘lsa, albatta o‘zini foydasiga qonun chiqaradi, ijro qiluvchi organ.

Kollegial yondashuv, mana shu qaror qabul qilishni umummilliy manfaatlar e’tiborga olinishini majburlash, kimgadir ko‘p hokimiyat bermaslik. Qani natijasida bu boyagi ko‘p fikrlilikka olib keladi. Ko‘p fikrlik har doim rivojlanishga olib keladi ko‘p fikrlilik», — degandi Davletov.


Ilgari prezident huquqiy jihatdan ijro etuvchi hokimiyat bilan ancha yaqin bog‘liq edi: u Vazirlar Mahkamasining raisi bo‘lgan (1990–2003-yillarda). Keyinchalik esa Vazirlar Mahkamasi alohida, mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organi sifatida ajratildi, prezident esa barcha hokimiyat tarmoqlarining kelishilgan faoliyatini ta’minlaydi.

Agar men to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, prezidentlik instituti uch hokimiyat tarmog‘lari bilan birga ishlab, tiyib turish va muvozanat mexanizmini ta’minlashi kerak.

Bir izoh berib o‘taman: men Davletovning bu gaplarini uning yaqinda lavozimidan ketgani bilan bog‘liq holda va, albatta, kimningdir buyurtmasi bilan keltirayotganim yo‘q. Uning Prezident Administratsiyasidagi faoliyatiga baho bera olmayman (u yerda qanday ishlaganini bilmayman). Ammo adliya vaziri sifatida, mening nazarimda, u o‘z davrining eng progressiv rahbarlaridan biri edi. Shu sababli uning hokimiyatlar bo‘linishi haqidagi fikrlari bu muhokama kontekstida menga o‘rinli tuyuladi.

Menga Prezident Administratsiyasi o‘z tabiati bo‘yicha davlat rahbarining apparati — prezidentga o‘z vakolatlarini amalga oshirishda yordam beradigan tuzilma bo‘lishi kerakdek tuyulardi. Ammo hozir menda shunday taassurot borki, bu institut o‘z apparati orqali amalda ijro etuvchi hokimiyatning kuchli unsurlariga ega yana bir markazga aylanmoqda — potensial ravishda ustun markazga.

Ha, siz aytishingiz mumkin: bu vakolatlarning bir qismi PAda avval ham bor edi, barcha qarorlar amalda o‘sha yerda qabul qilinardi, qonun esa shunchaki shakllangan amaliyotni mustahkamlayapti. Ammo bu avvalgi amaliyot to‘g‘ri bo‘lganini anglatmaydi. Vakolatlar muvozanati haqidagi savol ham bundan yo‘qolib qolmaydi.

Agar Administratsiya hukumat qarorlarini tayyorlasa, ularning ijrosini nazorat qilsa, hukumat va vazirlarni baholasa, ularning yig‘ilishlarida qatnashsa, kadrlar bo‘yicha qarorlarga ta’sir qilsa va shu bilan birga majburiy topshiriqlar bera olsa, prezidentlik instituti bilan ijro etuvchi hokimiyat o‘rtasidagi chegara xiralashishi xavfi paydo bo‘ladi.

Javobgarlik masalasi ham bor. Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy maqomga, muayyan majburiyatlar va hisobdorlik shakllariga ega — parlament va prezident oldida. Vazir o‘z sohasi uchun, bosh vazir esa hukumat faoliyati uchun javob beradi. Prezident Administratsiyasi uchun esa qanday mutanosib javobgarlik va hisobdorlik mexanizmlari nazarda tutilgan?

Agar qarorlarning muhim qismi boshqa organ tomonidan shakllantirilsa, muvofiqlashtirilsa va nazorat qilinsa, yakuniy natija uchun kim javob beradi? Shartli ravishda, yuqoridan tushirilgan islohot muvaffaqiyatsiz tugasa, natija uchun kim javob beradi? Ko‘rinib turibdiki, oxir-oqibat esa barcha tanqid va javobgarlik Vazirlar Mahkamasiga qoladi.

Yoki oddiyroq vaziyatni tasavvur qilaylik. Davlat organi xodimi Vazirlar Mahkamasidan topshiriq oladi va uni tezda bajarishi mumkin. Ammo keyin shu masala bo‘yicha boshqa topshiriq — endi Prezident Administratsiyasidan keladi va barcha ishni qayta qilishga to‘g‘ri keladi.

Menga shunga o‘xshash bir holatni aytib berishgandi. Bir idora xodimlari davlat aktivini xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan obyektlar ro‘yxatiga kiritish uchun ma’lumotnoma-asos tayyorlagan. Keyin esa qarama-qarshi mazmundagi topshiriq kelgan — aynan shu aktivni, aksincha, ro‘yxatga kiritmaslik nima uchun kerakligini asoslab berish talab qilingan.

Bunday tizimda amaldorda hukumat topshirig‘ini bajarishga shoshilmaslik, avval Prezident Administratsiyasidan boshqa ko‘rsatma kelib qolmasligini kutish istagi tabiiy ravishda paydo bo‘lishi mumkin. Natijada parallel boshqaruv markazlari davlat apparati ishini tezlashtirish o‘rniga, aksincha, noaniqlik yaratishi va qarorlar uchun javobgarlikni pasaytirishi mumkin.

Shundan keyin o‘zingga savol berasan: unda Vazirlar Mahkamasining hozirgi shakldagi roli va siyosiy salmog‘idan umuman nima qoladi?

Menimcha, institut qancha ko‘p vakolat olsa, uning shaffofligi, javobgarligi va hisobdorligi mexanizmlari ham shuncha kuchli bo‘lishi kerak. Va bu mexanizmlar olingan hokimiyat ko‘lamiga mutanosib bo‘lishi lozim.

@latipovuzb
  • 👍 37
  • 🔥 11
  • 😱 3
  • 🤯 2
Post #123 3.7K
Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi qonuni haqida

Bugun davlat rahbari Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Hujjat parlamentda birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilganidan qabul qilinguniga qadar 10 kun o‘tdi. Ehtimol, bu shunday darajadagi hujjatni qabul qilish uchun rekord darajada qisqa muddatdir.

Qonundagi ko‘plab normalar butun davlat boshqaruvi tizimi uchun muhim ahamiyatga ega ko‘rinadi va shu sababli, mening nazarimda, ular qo‘shimcha ravishda jamoatchilikka batafsil tushuntirilishi kerak.

Xususan, Administratsiya xodimlariga berilayotgan juda keng immunitet yuzasidan savollar tug‘iladi. Dunyodagi boshqa prezident administratsiyalari xodimlari va rahbarlarida shunday kafolatlar bo‘lmasa kerak.

Administratsiya mansabdor shaxslarining daxlsizligi ularning shaxsiy hayoti, turar joyi, xizmat xonalari, shaxsiy va xizmat transporti, aloqa vositalari, yozishmalari, elektron ma’lumotlari, buyumlari va hujjatlariga, shuningdek ularning oila a’zolariga ham tatbiq etiladi.

Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish, jinoiy javobgarlikka tortish, tezkor-qidiruv va tergov harakatlarini o‘tkazish, protsessual majburlov choralarini qo‘llash hamda ma’muriy qamoq jazosi qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Boshqaruv xodimlari o‘z vakolatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq qaror va harakatlari uchun jinoiy, ma’muriy yoki fuqaroviy javobgarlikka tortilmaydi. Boshqa harakatlar bo‘yicha shunga o‘xshash choralarni qo‘llash faqat prezidentning yozma roziligi bilan mumkin. Jinoyat ishini faqat bosh prokuror qo‘zg‘atishi, bunday ishlarni esa Oliy sud ko‘rib chiqishi mumkin.

Mansabdor shaxslar Administratsiyadan bo‘shatilganidan keyin ham immunitetini umrbod, boshqaruv xodimlari esa besh yil davomida saqlab qoladi. Ushbu kafolatlar buzilgan holda olingan dalillar nomaqbul deb topiladi.

Administratsiya mansabdor shaxslari va ularning oila a’zolariga umrbod diplomatik pasportlar, boshqaruv xodimlariga esa Administratsiyada ishlagan davrida diplomatik pasportlar berilishi nazarda tutilgan.

Mansabdor shaxslar qatoriga Administratsiya rahbari, uning maslahatchilari, prezident yordamchisi, Administratsiya rahbari o‘rinbosarlari, uning kotibiyati mudiri, prezident maslahatchilari va vakillari, shuningdek Administratsiya tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari kiradi.

Mansabdor shaxslar va boshqaruv xodimlariga Administratsiyadan bo‘shatilganidan keyin, qoida tariqasida, avvalgi lavozimidan past bo‘lmagan, imkoniyat bo‘lsa esa kamida bir pog‘ona yuqori lavozim kafolatlanadi.

Balki, bu savollar shunchaki havoda qolib ketar. Shunga qaramay, so‘ramoqchiman. Nega mansabdor shaxslar ishdan bo‘shatilganidan keyin ham daxlsizlikni umrbod, boshqaruv xodimlari esa yana besh yil davomida saqlab qolishi kerak? Kafolatlarning turar joy, transport, yozishmalar, elektron ma’lumotlar va oila a’zolari shaxsiy hayotining ayrim jihatlariga tatbiq etilishi qay darajada asosli?

Boshqaruv xodimlariga nisbatan ayrim hollarda protsessual harakatlar faqat prezidentning yozma roziligi bilan amalga oshirilishi, jinoyat ishini faqat bosh prokuror qo‘zg‘atishi, ishni esa Oliy sud ko‘rib chiqishi haqidagi normalar ham alohida tushuntirishga muhtoj.

Ijtimoiy kafolatlar bo‘yicha ham savollar bor. Masalan, nima uchun Administratsiyadan ketgan xodimga avvalgi lavozimidan past bo‘lmagan, ayrim hollarda esa kamida bir pog‘ona yuqori lavozim kafolatlanadi?

Qonun bir vaqtning o‘zida Administratsiyaning o‘z vakolatlarini ham sezilarli darajada kuchaytiradi. U davlat organlari rahbarlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan topshiriqlar berishi, mansabdor shaxslar faoliyati samaradorligini baholashi va ularni lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan choralarni qo‘llash tashabbusi bilan chiqishi mumkin. Administratsiya rahbari esa butun mamlakatdagi davlat organlari va mansabdor shaxslar uchun majburiy bo‘lgan normativ farmoyishlar chiqarish huquqini oladi. Va bu farmoyishlar maqomiga ko‘ra hukumat qarorlaridan yuqori turadi.

Shu munosabat bilan Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi mas’uliyati amalda qanday chegaralanishini tushunish muhim. Agar Administratsiya muvofiqlashtirsa, nazorat qilsa va majburiy topshiriqlar bersa, tegishli soha uchun formal javobgarlik esa hukumat va vazirliklarda qolsa, yakuniy natija uchun kim javob beradi?

Men uchun alohida savol — bunday ko‘lamdagi qonun qanday qabul qilingani. Konstitutsiyaviy qonun Prezident Administratsiyasini, ehtimol, mamlakatdagi eng muhim davlat institutlaridan biriga aylantiradi, davlat boshqaruvi tizimi, normativ-huquqiy ijodkorlik, kadrlar siyosati va yuqori lavozimli amaldorlarning daxlsizlik kafolatlariga ta’sir qiladi.

Menimcha, bunday hujjatlar imkon qadar keng jamoatchilik muhokamasi, har bir nozik normaning batafsil izohi, ekspertlar pozitsiyasi va parlamentdagi to‘laqonli ochiq munozarani talab qiladi.

Shaxsan men uchun har qanday qonun, ayniqsa konstitutsiyaviy qonun, ochiq jamoatchilik muhokamasisiz va parlamentdagi ommaviy, mazmunli munozarasiz qabul qilinsa, boshidanoq savol va shubhalar uyg‘otadi. Mualliflarning niyati qanchalik yaxshi bo‘lmasin va o‘zgarishlar qanchalik katta islohotlar bilan izohlanmasin, yopiq yoki formal qabul qilish jarayoni baribir savollar tug‘diradi.

Piter Parkerga Ben amaki aytganidek, «katta kuch katta mas’uliyatni talab qiladi». Prezident Administratsiyasi juda katta vakolatlar va o‘z xodimlari uchun jiddiy kafolatlarga ega bo‘lmoqda. Ammo shunga teng darajada kuchli mas’uliyat, shaffoflik va hisobdorlik mexanizmlarini ham ko‘rishni istardim. Afsuski, hozircha men bunday muvozanatni ko‘rmayapman va bu xavotir uyg‘otadi.
 
@latipovuzb
  • 🔥 28
  • 👍 8
  • 😱 7
  • 🤯 5
  • 👏 4
Post #122 1.41K

Forwarded from Gazeta.uz - O‘zbekiston yangiliklari

Qadrli oʻquvchilar,

bir necha kundan soʻng — 11-avgustda Gazeta 18 ga toʻladi 🥳

Bu vaqt mobaynida biz “Yangiliklarimiz xalq uchun” tamoyiliga amal qilgan holda minglab yangiliklar, reportajlar, intervyu va tahliliy maqolalar chiqardik. Ayrim maqolalarimiz muhim muammolarga eʼtibor qaratishga va shahar hamda mamlakat hayotidagi oʻzgarishlarga xizmat qilganidan faxrlanamiz.

Tahririyatdagi har bir inson sizning qoʻllovingizsiz bularning hech biri imkonsiz boʻlishini yaxshi tushunadi. Shuning uchun bugun soʻz navbatini sizga bermoqchimiz. Gazeta siz uchun nimani anglatishi haqida soʻzlab bering.

Ehtimol, biror mavzuni tushunib yetishga yordam bergan yoki sizni shunchaki befarq qoldirmagan biror maqolani eslarsiz. Balki matnlarini kutadigan va birinchilardan boʻlib oʻqib boradigan sevimli muallifingiz bordir.

💌 @GazetauzMuloqotBot botimizga yozib, Gazeta bilan bogʻliq hikoyangiz bilan oʻrtoqlashing. Bu 18 yoshimiz uchun eng qimmatli sovgʻa boʻladi.

Tabriklarning bir qismini eʼlon qilamiz.
  • 👍 4
  • 🔥 2
Post #121 4.45K
Yangi alifboning narxi
 
So‘nggi bir oy davomida o‘zbek alifbosini yana bir bor o‘zgartirish masalasidagi bahslar tinmayapti.
 
Ammo men hanuzgacha hokimiyat aynan qanday muammoni hal qilmoqchi ekanini va nima uchun buning uchun jamiyatga bunchalik qimmatga tushadigan “islohot” taklif qilinayotganini tushunmadim.
 
Avvaldan aytib qo‘yay: men tilshunos ham, o‘zbek alifbosi bo‘yicha ekspert ham emasman. Bundan tashqari, kundalik hayotda asosan rus tilidan, o‘zbek tilida yozganimda esa ko‘proq kirill yozuvidan foydalanaman. Shu bilan birga, lotin yozuvidagi bloglarni ham bemalol o‘qiyman. Shuning uchun amaldagi lotin alifbosining barcha noqulayliklarini yoki taklif etilayotgan o‘zgarishlarning afzalliklarini to‘liq baholay olmasligim mumkin.
 
Ehtimol, aynan shu sababli qaysi harflarni saqlab qolish yoki almashtirish kerakligi haqidagi fikrim katta vaznga ega emasdir. Ammo soliq to‘lovchi sifatida bu tashabbusning moliyaviy tomoni meni ayniqsa tashvishga solmoqda.
 
Alifboning o‘zgartirilishi darsliklar, hujjatlar, davlat blankalari, peshlavhalar, saytlar, O‘zbekiston gerbi va u tasvirlangan barcha materiallar, banknotalar hamda boshqa ko‘plab narsalarni yangilash zaruratini tug‘diradi. Ertami-kechmi, ularning barchasini almashtirishga to‘g‘ri keladi. Bu ish bosqichma-bosqich amalga oshirilsa ham, xarajatlar yo‘qolib qolmaydi. Aksincha, tilga olinayotgan o‘tish davri yillarga cho‘zilib, yanada katta chalkashlikni yuzaga keltirishi mumkin.
 
Masalan, bir hujjatda eski yozuv, boshqasida yangi yozuv qo‘llanadi. Ayrim darsliklar eski qoidalar, boshqalari esa yangi qoidalar asosida chop etiladi. Haqiqiy bir xillikka erishish uchun hamma narsani tezda almashtirishga to‘g‘ri keladi, bu esa katta xarajatlarni anglatadi.
 
Maktab darsliklari odatda har uch-besh yilda yangilanadi. Ammo bosqichma-bosqich o‘tish jarayonida g‘alati vaziyat yuzaga keladi: boshlang‘ich sinflarda amaldagi lotin yozuvida o‘qish va yozishni o‘rgangan bola bir necha yil o‘tib uning yangi variantini o‘zlashtirishi kerak bo‘ladi.
 
Bunda faqat o‘zbek tili va adabiyoti darsliklarini emas, balki matematika, fizika, kimyo, tarix va boshqa barcha fanlar bo‘yicha kitoblarni qayta nashr etishga to‘g‘ri keladi. O‘tish davrida o‘quvchilarning qo‘lida alifboning turli variantlarida chop etilgan darsliklar bir vaqtda paydo bo‘lishi mumkin.
 
Shuning uchun “islohot”ning nafaqat filologik va texnik asoslarini — hozircha bu o‘zgarishlar nima sababdan zarurligini tushuntiradigan yirik tadqiqotlarni topmadim — balki uning to‘liq qiymat hisob-kitobini ham ko‘rishni istardim. Bu o‘zgarish davlatga, biznesga va oddiy odamlarga qancha tushadi? Xarajatlar qaysi manbalardan qoplanadi? Jamiyat buning evaziga qanday o‘lchanadigan foyda oladi?
 
Bizda birinchi navbatda hal qilinishi kerak bo‘lgan +100500 muammolar bor: maktablar va bolalar bog‘chalari yetishmasligi, ayrim maktablardagi hojatxonalarning hanuz tashqaridagi o‘ralardan iborat ekani, parklar tanqisligi, oddiy va uzluksiz energiya ta’minoti, ekologik muammolar.
 
Bir necha avlod hayotiga ta’sir qiladigan qarorni qabul qilishdan oldin uning haqiqiy narxi ochiq aytilishi kerak.
 
Ishonchsizlik
 

Qonunchilik palatasida alifboga oid o‘zgartirishlar deyarli muhokamasiz qabul qilinganidan keyin menda bu “islohot”ga nisbatan boshidanoq shubha paydo bo‘ldi. Parlament quyi palatasi spikeri to‘g‘ri va o‘rinli savollar bergan yagona deputatning gapini to‘xtatishga urindi. Aytgancha, uning savollariga aniq javob ham berilmadi.

Hokimiyatga yoqmaydigan qarama-qarshi fikrlar esa, ma’lum bo‘lishicha, senzura qilinmoqda (maqolalar o’chirtirilmoqda). Bu men uchun ushbu islohotga ishonmaslikning ikkinchi sababidir.
 

Bugun Komil Jalilovning maqolasi e’lon qilindi. U murosali yechimni taklif qilmoqda: agar o‘zgarishlar muqarrar bo‘lsa, ular nuqtaviy bo‘lishi kerak. Uning fikricha, O‘ va G‘ harflari bilan bog‘liq texnik muammo haqiqatan ham mavjud, chunki raqamli tizimlar ularni ikkita belgidan iborat birikma sifatida qabul qilishi mumkin. Shu sababli ularni tashqi ko‘rinishi hozirgi harflarga yaqin bo‘lgan, bir xil diakritik belgili Ŏ va Ğ harflariga almashtirish mumkin.
 
Otabek Bakirov esa hech narsani o‘zgartirmasdan, O‘ va G‘ bilan bir qatorda Ŏ va Ğ variantlarini ham parallel qo‘llashni taklif qildi.
 
Jalilov ham Sh va Ch birikmalarini Ş va Ç bilan almashtirish uchun hozircha ishonarli sabab ko‘rmayapti. Bu harf birikmalari na tilni raqamlashtirishga, na sun’iy intellekt ishlashiga, na o‘qishga va na oddiy matn terishga xalal beradi. “Bir tovush — bir harf” tamoyili universal emas: rivojlangan ko‘plab tillarda bitta tovush ikki yoki undan ortiq harf bilan ifodalanadi.
 
Botir Qobilov ta’kidlaganidek, alifboni o‘zgartirish kosmetik tuzatish emas. Bu avlodlar, ta’lim, davlat xarajatlari va millionlab insonlarning kundalik odatlariga ta’sir qiladigan qaror. Bunday o‘zgarish uchun deyarli hayot-mamot darajasidagi asoslar kerak. Harf ustidagi “shapka” qaysi tomonga qarashi haqidagi yopiq eshiklar ortidagi muhokamalar buning uchun yetarli emas.
 
Asosiy xavf shundaki, mamlakatni yagona yozuv atrofida birlashtirish o‘rniga, uchta parallel tizimga ega bo‘lishimiz mumkin: kirill, hozirgi lotin va yangi lotin yozuvi. Katta avlod kirillda yozishda davom etadi, amaldagi lotinga o‘rganganlar undan foydalanadi, maktab o‘quvchilariga esa uchinchi variant o‘rgatiladi.
 
So‘nggi 30 yillik tajriba shuni ko‘rsatadiki, qonun qabul qilinishi odamlarni o‘rganib qolgan yozuvini o‘zgartirishga o‘z-o‘zidan majbur qilmaydi. Hatto davlat idoralari ham hozirgacha kirill yozuvidan faol foydalanmoqda. Shu sababli butun jamiyat yangi harflarga tez va ixtiyoriy ravishda o‘tishini kutish, kamida, soddalik bo‘ladi.
 
Qulaylik masalasi ham bor. Bugun o‘zbek lotin yozuvida oddiy inglizcha QWERTY klaviaturasi mavjud bo‘lgan deyarli har qanday telefon yoki kompyuterda yozish mumkin. Sh va Ch qo‘shimcha klaviatura, dastur yoki ortiqcha harakatlarsiz teriladi.
 
Yangi belgilar esa maxsus klaviatura yoki har bir harfni terishda bir nechta qo‘shimcha harakatni talab qiladi. Rasmiy jihatdan bu mayda muammo bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo tranzaksiya xarajatlari aynan shunday mayda noqulayliklardan yig‘iladi. Odamlarning bir qismi eski usulda yozishda davom etadi, bir qismi kirillga qaytadi, yana kimdir ingliz yoki rus tilidan ko‘proq foydalanishni boshlaydi, chunki bu qulayroq.
 
Yana bir chuqurroq muammo — insonning matnni qabul qilishi. Tilshunos Iroda Azimova tushuntirishicha, inson o‘qishni o‘rgangach, miya har bir so‘zni alohida harflarga ajratib o‘qimaydi, balki uni tanish vizual qiyofasi orqali yaxlit holda taniydi. Ko‘p yillik o‘qish davomida insonda o‘ziga xos “vizual leksikonni” shakllanadi.
 
Shuning uchun hatto tez-tez ishlatiladigan to‘rtta harfning o‘zgarishi ham millionlab odamlarni minglab so‘zlarning yangi tashqi ko‘rinishiga qayta o‘rganishga majbur qiladi.
 
Chirchiq shahar shoshilinch tibbiy yordam markazi.
 
Çirçiq şahar şoşilinç tibbiy yordam markazi.

 
Ma’no bir xil, lekin vizual jihatdan bu allaqachon boshqa matn. Balki miya vaqt o‘tishi bilan moslashar, ammo bunday moslashuv yo‘lidan kim o‘tishni istaydi?
 
Bundan tashqari, alifboni o‘zgartirish kamdan-kam hollarda faqat filologik qaror bo‘ladi. Behzod Hoshimov ta’kidlaganidek, tarixda bunday islohotlar ortida ko‘pincha siyosiy maqsad turgan: yangi o‘zlikni yaratish, o‘tmish bilan aloqani uzish yoki jamiyatni avvalgi yozma merosidan ajratish.
 
Shuning uchun har qanday shunday tashabbusga nisbatan oddiy savol berish kerak: uning siyosiy va ijtimoiy maqsadi nima?
 
Agar bunday maqsad mavjud bo‘lsa, uni ochiq aytish va islohotning narxi bilan taqqoslash kerak. Agar bunday maqsad bo‘lmasa, jamiyat nega avlodlar o‘rtasidagi uzilish uchun haq to‘lashi kerak, holbuki buning evaziga aniq va tushunarli foyda olmaydi?

@latipovuzb
  • 👍 11
  • 🔥 2
  • 👎 1
  • 👏 1
Post #120 1.14K
Latipov [uzb] Parlament quyi palatasi tobora yopiq boʻlib bormoqda Yil boshidan buyon Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlislar translyatsiyasini YouTube platformasidan oʻzining rasmiy veb-saytiga koʻchirishga qaror qildi. Saytga toʻgʻridan-toʻgʻri kirgan odam…
Parlamentning ochiqligi — bu, qanday aytsam ekan, "boshlangʻich minimal talab" ("базовый минимум"). Hashamatli va mukammal darajadagi ochiqlik ("роскошный максимум") haqida esa hozircha faqat orzu qilish mumkin.

Axir bu qonunlarni qabul qiladigan bosh organ. Bu qonunlar keyinchalik fuqarolar, biznes, investorlar — xullas, hayotning barcha sohalariga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatadi. Agar qonun loyihalari qanday muhokama qilinayotgani, kim qanday tuzatishlar taklif etayotgani va qanday vajlar yangrayotgani koʻrinmasa, jamiyat amalda qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etish imkoniyatidan mahrum qilinadi.

Bu yana ishonch masalasi hamdir. Agar oʻzgarishlar ochiqchasiga muhokama qilingan boʻlsa, odamlar ularni osonroq qabul qiladi. Agar barcha bahs-munozaralar yopiq eshiklar ortida oʻtsa, bu hujjat oldindan tor bir doiradagi shaxslar manfaatlarini koʻzlab qabul qilingan deb hisoblanadi.

Shuningdek, bu hukumat uchun ham oʻziga xos "sugʻurtadir". Aholi qanday oʻzgarishlar tayyorlanayotganini oldindan koʻrishi, ularning oqibatlarini baholashi va oʻz eʼtirozlarini bildirishi mumkin boʻladi. Shu tariqa xatolardan va shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan qarorlardan qochish mumkin.

Biznes uchun esa parlament ochiqligi yanada muhimroq. Istalgan yangi norma oʻyin qoidalarini oʻzgartirib yuborishi mumkin: yangi imkoniyatlar, soliqlar, cheklovlar, tekshirishlar, jarimalar, hujjatlarga qoʻyiladigan talablar shular jumlasidandir. Agar qonun loyihalari matnlari va muhokamalar yopiq boʻlsa, kompaniyalar yangiliklardan juda kech xabar topadi. Bu esa xavf-xatarlarni oshiradi, rejalashtirishga xalaqit beradi va ishbilarmonlik muhitini yomonlashtiradi.

@latipovuzb
  • 🔥 4
  • 👍 1
Post #119 4.14K
Parlament quyi palatasi tobora yopiq boʻlib bormoqda
 
Yil boshidan buyon Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlislar translyatsiyasini YouTube platformasidan oʻzining rasmiy veb-saytiga koʻchirishga qaror qildi. Saytga toʻgʻridan-toʻgʻri kirgan odam translyatsiyalar boʻlimini amallab ham topa olmaydi.
 
Yil boshida Qonunchilik palatasi matbuot xizmati bilan gaplashgan edim. Ular serverlar IT-vazirligi koʻmagida kuchaytirilganini, 3−4 oy ichida esa saytda "YouTube'dan qolishmaydigan" imkoniyatlar — ortga qaytarib koʻrish va boshqa funksiyalar qoʻshilishi vaʼda qilinayotganini aytishgandi. Oradan yarim yil oʻtdi — bularning birortasi ham qilinmadi.
 
"Bu kimning qarori edi?" degan savolga aniq javob yangramadi. Matbuot xizmati masalaning "oʻziga xos jihatlari borligi"ni, palataning oʻzi maydoncha tanlash huquqiga egaligini taʼkidladi: "Xohlasak — veb-saytda chiqamiz, xohlasak — YouTube'da". Ularning soʻzlariga koʻra, hujjatlarda translyatsiyani aynan YouTube platformasida olib borish majburiyati yoʻq, gap OAVda translyatsiya qilish haqida ketmoqda.
 
Shuningdek, YouTube goʻyoki "toʻsatdan translyatsiyani oʻchirib tashlashi mumkin" degan vaj ham keltirildi. Bu juda zaif argument. Parlamentga translyatsiyani rasmiy saytda ham, YouTube'da ham bir vaqtda olib borishga hech kim xalaqit bermaydi. Boz ustiga, agar maqsad ochiqlik boʻlsa, maydonchalar va kirishning qulay usullari qanchalik koʻp boʻlsa, shunchalik yaxshi. Shu bilan birga, ular majlislardan parchalarni YouTube'da eʼlon qilishda davom etmoqdalar.
 
Nazarimda, asosiy sabab boshqa narsada — translyatsiyani nazorat qilish istagida boʻlishi mumkin. Ilgari bahsli vaziyatlar baʼzan aynan jonli efirda koʻzga tashlanib qolardi: nozik qonunlar muhokamasi, noqulay savollar, deputatlarning bayonotlari (kam boʻlsa-da, uchrab turardi). Bu maʼnoda YouTube noqulay: translyatsiyani saqlab olish, ortga qaytarish va tarqatish oson.
 
Hozir esa video faqat palata saytida chiqmoqda. U yerda ularda videoga kirishni boshqarish va zarurat tugʻilganda yozuvni eʼlon qilishdan oldin tahrirlash (montaj qilish) uchun koʻproq imkoniyat bor.

Bundan tashqari, yangi videolar qoʻshilishi bilan eski yozuvlar gʻoyib boʻlmoqda. Hozirda faqat iyun oyi boshidan buyon qilingan translyatsiyalar mavjud. Yil boshida nimalar muhokama qilinganini endi topa olmaysiz (ular ushbu bo‘limda joylashgan ekan).
 
Yana bir muammo — jurnalistl
arga hamon akkreditatsiya va parlamentga kirish huquqi berilmayapti. Nonsens!
 
Oʻzbekistonda qonun loyihalari matnlari Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinganidan keyin ham hamon eʼlon qilinmaydi, balki toʻgʻridan-toʻgʻri Senatga yuboriladi. Senat ham hujjat matnini ochiqlamaydi va maʼqullaganidan keyin uni Prezident administratsiyasiga topshiradi. Yakunda qonun faqat prezident tomonidan imzolanganidan keyingina jamoatchilikka ochiq boʻladi. Shu sababli, parlament tomonidan qabul qilinganidan keyin hujjatga qanday oʻzgartirishlar kiritilgan boʻlishi mumkinligini kuzatish qiyin.
 
Vaholanki, na Senat, na Prezident administratsiyasi qonun matnini mustaqil ravishda oʻzgartirish huquqiga ega emas: ular uni yoki maʼqullashi, yoki rad etib, qayta ishlashga qaytarishi mumkin. Mening tajribamga koʻra, bunday oʻzgartirishlar baribir sodir boʻlgan: men Prezident administratsiyasida Senat tomonidan maʼqullab boʻlingan qonunga tuzatishlar kiritilganini shaxsan koʻrganman, garchi uning bunga vakolati boʻlmasa-da.
 
Men Qozogʻiston va Qirgʻiziston parlamentlari haqida yozgan edim. Agar ularning saytlariga qarasangiz, u yerda qonun loyihalari barcha bosqichlarda eʼlon qilinadi: parlamentga kiritilish bosqichida, birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻqishlardan keyin.
 
Majlislarning stenogrammalari, qoʻmita yigʻilishlaridan translyatsiyalar, taklif etilayotgan qonunlarga tushuntirish xatlari va asosnomalar, maʼruzalar, slaydlar, hukumat aʼzolarining deputatlik soʻrovlariga javoblari hamda qonun loyihalari tashabbuskori kimligi haqida maʼlumotlar bor.

@latipovuzb
  • 👍 6
  • 🔥 4
Post #118 2.33K
Ekspert koʻplab maktablar bolalar shunchaki kunning maʼlum bir qismini oʻtkazadigan joyga aylanib qolganini mutlaqo qabul qilib boʻlmas holat deb aytdi. Shuningdek, u bolalarning nomaqbul xulq-atvoriga chora koʻrish tizimi, shuningdek, oʻqituvchilarni bunday vaziyatlarda oʻzini qanday tutish boʻyicha qoʻllab-quvvatlash va oʻqitish tizimi mavjud emasligini koʻrsatib oʻtdi.

Bugun “Gazeta”da ushbu sohadagi tizimli muammolar va ularni hal etish boʻyicha takliflar haqida maqola ham eʼlon qilindi. Tavsiya qilaman.

@latipovuzb
  • 👍 9
  • 😱 2
Post #117 2.57K
Bu voqeani haligacha hazm qilish qiyin. Bunday narsalarni koʻnglimga yaqin olmaslikka harakat qilaman, lekin vaziyat baribir tinchlik bermayapti.

Gap Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 275-maktabda sodir boʻlgan shov-shuvli holat haqida ketmoqda. Avvaliga ijtimoiy tarmoqlarda oʻqituvchi 9-sinf oʻquvchisining urayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Shundan soʻng, pedagogga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (Qasddan badanga oʻrtacha ogʻirlikdagi shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Keyin esa oʻquvchilarning xulq-atvori aks etgan boshqa bir tasvir paydo boʻldi: rasmiy talqinga koʻra, ular darsga xalaqit berishgan, oʻqituvchining talablarini bajarishmagan va pedagogga nisbatan hurmatsizlik koʻrsatishgan.

Jamoatchilik maydonida urgʻu keskin oʻzgardi: maktabdagi zoʻravonlik haqidagi muhokamalar oʻrniga, pedagoglar himoyasi haqida gapira boshlashdi.

Ayniqsa, oʻqituvchilarga ularning ortida “armiya, pogonlilar, generallar” turgani va ular prezident himoyasida ekanligi aytilgan yigʻilish juda yaqqol misol boʻldi. Pedagoglarni haqorat qilish va ularga nisbatan kuch ishlatish holatlari jazosiz qolmasligi vaʼda qilindi. Oʻqituvchiga nisbatan ochilgan jinoyat ishi batomom tugatildi. Maktab oʻquvchisining ota-onasi esa bolaning xulqi uchun jarimaga tortildi.

Jurnalist Mirolim Isajonov aniqlashicha (uning ajoyib surishtiruvi, afsuski, oʻchirib tashlangan, mana bu erda uning nusxasini o’qisa bo’ladi), jamoatchilikka toʻliq maʼlumot berilmagan. Maʼlum boʻlishicha, oʻqituvchining qoʻlidan yana bir bola – Hasan Gafurov ham jabr koʻrgan va buning oqibati juda jiddiy – u haligacha shifoxonada, qiyinchilik bilan harakatlanyapti va gapiryapti. Uning ota-onasi ham jarimaga tortilgan.

Yana bir bor: ikki nafar bola kaltaklangan, ulardan biri ikki haftadan ortiq vaqt davomida shifoxonada, ish esa yopilgan. Bu “agar oʻzini yomon tutsa”, bolalarni kaltaklash mumkin degan rasmiy signalmi?

Yaqinlarining taʼkidlashicha, maktab va shifokorlarga dastlab kaltaklanish haqida emas, balki epilepsiya (tutqanoq) xuruji haqidagi versiya yetkazilgan (vaholanki, bolalarda hech qachon epilepsiya boʻlmagan), videolarning bir qismi va dalillar esa yashirilgan yoki oʻchirib tashlangan boʻlishi mumkin.

Bolaning onasi maktabdagi yigʻilishdan noroziligini bildirdi.

“Bizni kim himoya qiladi? Prezident va qonunlar, pogonlilar biz jabrlanuvchilarning orqamizda turib, himoya qilishi kerak emasmi? Qonun soppa-sog‘lom o‘g‘limni shu darajada urib, samosud qilgan o‘qituvchini oqladi, u xuddi farishtadek. Nega bu yig‘ilishga biz — ota-onalar va voqeaga guvoh bo‘lgan o‘quvchilar chaqirilmadi? Faqat o‘qituvchilarning soxta va yolg‘on fikrlarini eshitib, zo‘ravonni oqlashdi. Natijada voqeaga bir tomonlama baho berildi. Hammasi ko‘zbo‘yamachilik bo‘ldi”, — dedi u.


Bu voqeada davlatning reaksiyasi eʼtiborga loyiq. Unga qaraganda, tashqi aralashuv, yaʼni “yuqoridan bosim” bor, aks holda tsenzura toʻlqini, ushbu holat haqida yozayotgan kanallarni “tozalash” ishlari kuzatilmagan boʻlardi.

Koʻrib turganimizdek, bu yerda nizoning hal etilishi qonun asosida bo'lmayapti, hatto u yerda bolalar jabrlangan boʻlsa ham. Eng qoʻrqinchlisi mana shu.

Biroq, qaror qabul qilishga masʼul boʻlgan shaxslar baribir xulosa chiqarar, mutaxassislarga quloq tutib, maktablardagi vaziyatni qandaydir tarzda oʻzgartirishga harakat qilar.

Yaqinda “Gazeta” maktabdagi voqea boʻyicha ekspertlardan intervyu oldi. Taʼlim sohasi boʻyicha ekspert Komil Jalilovning taʼkidlashicha, ushbu vaziyat taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlaridagi tizimli muammolarni ochib berdi. U bu muammolarni uchta toifaga ajratdi: maktab taʼlimi, oʻqituvchilar tayyorlash va jamiyat (bolalarga nisbatan zoʻravonlikni oqlaydigan jamiyat).
  • 🔥 3
  • 👎 1
Post #114 15.6K
Tariflar haqida (2/2)

Endi «boshqa mamlakatlarda qimmatroq» degan tezis haqida. Misol tariqasida Qozog‘istonni olaylik, u yerda tariflar go‘yoki biznikidan yuqori. Bu yerda muhim jihatlarni hisobga olish kerak.

O‘zbekistonda butun mamlakat bo‘ylab yagona tarif setkasi amal qiladi. Toshkent, Nukus, Qarshi yoki Farg‘ona aholisi bir xil tarifda to‘laydi, vaholanki hududlardagi daromadlar sezilarli darajada farq qiladi. Bu boshqaruv uchun qulay, ammo oilaviy budjetga tushadigan yuklama nuqtai nazaridan doim ham adolatli emas.

Qozog‘istonda bunday oddiy yagona tarif setkasi yo‘q. Tariflar hududga, yetkazib beruvchiga va tarmoq kompaniyasiga bog‘liq. Limitlar ham har xil.

U yerda limit umuman xonadonga emas, balki har bir doimiy yashovchi kishi boshiga hisoblanadi. Elektr plitasi bo‘lmagan iste’molchilar uchun birinchi daraja bir yashovchiga 90 kVt·soatgacha, ikkinchisi – 90 dan 160 kVt·soatgacha amal qiladi, undan uyog‘iga uchinchi daraja qo‘llaniladi. Elektr plitali uylar uchun limitlar yuqoriroq.

O‘zbekistonda elektr energiyasi bo‘yicha ijtimoiy me’yor xonadoniga oyiga 200 kVt·soatni tashkil etadi. Uyda bir kishi yashaydimi yoki besh kishilik oila – farqi yo‘q. Masalan, Olmaotada limit yashovchilar soni bilan birga o‘sadi. O‘zbekistonda esa xuddi shunday oila 200 kVt·soatdan keyinoq yuqori tarifga o‘tib ketadi.

Ha, O‘zbekistonda bazaviy narx pastroq, lekin qo‘shnilardagi model oila kattaligini yaxshiroq hisobga oladi.

Agar Olmaota tariflarini so‘mga o‘girsak, Olmaotadagi birinchi daraja – 29,34 tenge – bu 1 kVt·soat uchun taxminan 740 so‘m degani. Bu O‘zbekistondagi yeni bazaviy tarifdan (650 so‘m) 13,8 foizga yuqori. Ammo uch kishilik omar hisobiga qayta hisoblansa, summa deyarli yaqin chiqadi: O‘zbekistonda qariyb 193 ming so‘m, Olmaotada esa taxminan 199,8 ming so‘m.

Biroq Qozog‘istonning boshqa hududlarida tariflar pastroq. Masalan, Pavlodarda bazaviy tarif 22,23 tenge (561 so‘m) – bu O‘zbekistondagidan ham kamroq degani. Qozog‘istonda tariflar bundan ham past bo‘lgan hududlar bor.

Bu yerda daromadlarni ham hisobga olish kerak. Qozog‘istonda 2026-yil birinchi choragi yakunlariga ko‘ra o‘rtacha ish haqi 461,5 ming tengeni yoki qariyb 11,6 mln so‘mni tashkil etdi, mediana ish haqi esa 331,5 ming tenge bo‘ldi. Bizda mediana ish haqi hali e’lon qilinmaydi, garchi uni hisoblash rejalashtirilayotgan bo‘lsa-da.

O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 6,83 mln so‘mni tashkil etdi, bu qo‘shnilarnikidan 70 foizga pastdir.

O‘zbekistonda yangi bazaviy tarifda 200 kVt·soat – bu 130 ming so‘m yoki o‘rtacha ish haqining qariyb 1,9 foizi degani, Toshkentda – 1,1 foiz. Olmaotada birinchi darajadagi 200 kVt·soat esa qariyb 5868 tenge yoki shahardagi o‘rtacha maoshning taxminan 1 foizini tashkil etadi.

Ya’ni, mutloq raqamlarda O‘zbekistonda elektr energiyasi qayerdadir arzonroq bo‘lsa ham, daromadga nisbatan olganda oila budjetiga tushadigan yuklama bizda yuqoriroq.

Yana bir muhim jihat bor. O‘zbekistonda gazlashtirilmagan hududlar uchun va’da qilingan 50 foizlik chegirma haligacha joriy etilmadi (hozircha hisob-kitoblar olib borilmoqda). Qishda markazlashgan gaz ta’minoti bo‘lmagan bir qator viloyatlar aholisi uylarni isitish uchun elektr energiyasidan foydalanishga majbur. Bu esa ijtimoiy me’yordan tez chiqib ketishga va ancha yuqori tarifda to‘lashga olib keladi. Natijada bunday hududlarda odamlar energiya resurslari uchun amalda poytaxt aholisidan sezilarli darajada ko‘proq pul to‘lashmoqda.

Qozog‘istonda, shuningdek, tarif tuzilmasi ham ochiqlanadi. Iste’molchilar to‘lanayotgan summa nimalardan iborat ekanini ko‘rishlari mumkin: qanchasi generatsiyaga, uzatishga, taqsimlashga va yo‘qotishlarga to‘g‘ri keladi.

Ehtimol, tariflarni haqiqatan ham oshirish kerakdir. Lekin buning uchun tushunarli asoslar va hisob-kitoblarning shaffofligi zarur. Shuningdek, aholi uchun minimal iste’mol xarajatlarini (kambag‘allik chegarasini) oshirish orqali narx ko‘tarilishi ta’sirini yumshatish mumkin edi.

@latipovuzb
  • 👍 9
  • 🔥 6
  • 👏 4
Post #113 12.2K
Tariflar haqida (1/2)

O‘zbekistonda 1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari yana oshiriladi.

Iste’molchilar uchun o‘rtacha o‘sish 9,9 foizni tashkil etadi, ammo ayrim toifalar uchun — 11,1 va 12,5 foizgacha yetadi. Biznes uchun esa — 10 foiz. Tariflarning sezilarli qismi aprel yakunlariga ko‘ra 7 foizni tashkil etgan yillik inflyatsiyadan ko‘proqqa oshadi. Shu bilan birga, hukumatning o‘tgan yilgi qarorida energiya resurslari narxini har yili inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda, lekin 10 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda oshirish ko‘zda tutilgan edi. Bu yana rejalashtirish sifati va qarorlarning prognoz qilinuvchanligi haqidagi savolni kun tartibiga chiqarmoqda.

Tariflar inflyatsiyaga ham to‘g‘ridan-to’g‘ri — kommunal xizmatlar qiymatining oshishi orqali, ham bilvosita — biznes xarajatlarining o‘sishi orqali ta’sir qiladi, chunki elektr va gaz deyarli barcha sohalarda qo‘llaniladi.

Tushgan mablag‘larni eskirgan tarmoqlarni modernizatsiya qilishga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Energetika vaziri avvalroq mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarishda muammolar yo‘qligini (ortiqcha qismi hatto eksport qilinmoqda), ammo uni yetkazib berish va infratuzilmada jiddiy muammolar borligini bir necha bor ta’kidlagan edi. Ya’ni, liniyalar ortib borayotgan yuklamani shunchaki ko‘tara olmayapti.

Agar tariflar uzoq vaqt davomida tannarxdan past ushlab turilsa, sohada qarzdorlik to‘planib qoladi, sarmoyalar kechiktiriladi, energiya ta’minoti sifati yomonlashadi. Natijada aholi baribir to‘laydi — yo tarif orqali, yo budjet subsidiyalari orqali (yillar davomida shunday bo‘lgan va hozir ham davom etmoqda), yoki chiroq o‘chishlari va sifatsiz xizmatlar orqali.

Bu yerda ko‘proq masala ushbu tannarxning «asolanganligida». Energetika vazirligidan tarif shakllanishining to‘liq zanjirini ochiqlashini so‘rab kelinayotganiga mana necha yil bo‘ldi. Shundan so‘ng mustaqil audit o‘tkazish zarur. Tarif qiymatiga nafaqat generatsiya, yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish, balki gaz importi, alohida energiya loyihalariga xarajatlar, yo‘qotishlar, davlat korxonalari tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan samarasiz xarajatlar va oshirib ko‘rsatilgan chiqimlar ham kiradi.

Agar davlat infratuzilmani yaxshilash uchun qo‘shimcha mablag‘ jalb qilmoqchi bo‘lsa, avval narxlar oshishini parlamentda va aholi oldida «himoya qilib berishi» yaxshi bo‘lardi. Bu maqsadga muvofiq, chunki narxlarni haligacha davlat tartibga soladi, vaholanki, ideal holatda ular bozor tamoyillari asosida shakllanishi kerak.

Nima uchun shu yillar davomida infratuzilmaga yetarlicha sarmoya kiritilmaganini, tarmoqlarning qaysi qismi ta’mirga muhtojligini (qaerda va qancha mablag‘ evaziga modernizatsiya o‘tkazilishi haqida aniq ro‘yxatni e’lon qilish), yana qancha mablag‘ zarurligini, nima uchun bu pullarni davlat korxonalari xarajatlarini optimallashtirish yoki budjetning boshqa bahsli yo‘nalishlaridan mablag‘larni qayta taqsimlash orqali olish mumkin emasligini tushuntirish lozim.

Masalan, nima uchun davlat budjetidan futbolini qo‘llab-quvvatlash uchun (gap aynan bolalar sporti yoki milliy terma jamoa haqida emas, futbol klublari haqida ketmoqda) 560 milliard so‘m ajratiladi? Futbol aholi va korxonalarni sifatli energiya bilan ta’minlashdan muhimroqmi?

Turli yo‘nalishlar muhim va kerakli bo‘lishi mumkin, ammo ustuvorliklar budjet mablag‘larini taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi parlamentda muhokama qilinishi kerak. Aynan o‘sha yerda mamlakat yanada muhimroq muammolarni — masalan, maktablar yetishmovchiligi, o‘qituvchi va shifokorlarning maoshi yoki bazaviy infratuzilmani modernizatsiya qilish masalalarini hal qilish uchun nimadan vaqtinchalik voz kechishga tayyorligi muhokama qilinishi shart.

Mablag‘lar samarasiz sarflanayotganiga doir yana o‘nlab misollarni keltirish mumkin. Ayniysa, o‘tgan yili oltin qimmatlashgani hisobiga mamlakat olgan yirik qo‘shimcha darromadlar hamda alohida kompaniyalarga berilayotgan individual imtiyozlar amaliyoti davom etayotgan bir sharoitda.

@latipovuzb
  • 👍 5
  • 🔥 5
  • 👏 3
Post #111 62.2K
Toza havoga soliq

O‘zbekistonda havo tozalagichlar importi keskin oshdi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda mamlakatga 2000 ga yaqin havo tozalagich olib kirilgan bo‘lsa, 2025-yilning o‘n oyida 18 460 dona, ya’ni 9 barobardan ortiq o‘sish kuzatildi.

Bundan xulosa shuki, odamlar o‘z sog‘ligini himoya qilish yo‘llarini mustaqil izlay boshlaydilar. Havo ifloslanishi tobora vaqtinchalik hodisa emas, balki doimiy xavf sifatida qabul qilinmoqda.

Raqamlarga qaraganda, havo tozalagichlar asta-sekin kundalik ehtiyojga aylanmoqda. Ko‘pchilik tanishlarim tozalagich sotib olishgan (ba’zilarida bir nechta xona uchun).

Biznes ham moslashmoqda. Ayrim 11.11 dagi reklama aksiyalarida havo tozalagichlar ko‘proq ilgari surilmoqda.

Bu jarayon iqtisodiyotga ham ta’sir qiladi. Jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, birgina Toshkent shahrida har yili havoning ifloslanishi bilan bog‘liq 3000 ga yaqin erta o‘lim holatlari qayd etiladi. Sog‘liqqa yetkazilgan zarar yiliga deyarli 490 million dollarga baholanmoqda (YAIMning taxminan 0,7 foizi). Bundan tashqari, ish unumdorligi pasayadi, kasallar soni ko‘payadi, konsentratsiya yomonlashadi.

Shuning uchun “havoga soliq” haqidagi hazillar endi hazil emas. Siz aslida to‘lovni sog‘lig‘ingiz yomonlashishi (dorilar, davolanish), mahsuldorlikning pasayishi (daromadlar) orqali amalga oshirasiz. Qiziq jihati shundaki, havo tozalagich sotib olayotganda ham siz 20 foizlik bojxona boji (kamida har bir dona uchun 3 dollar) shaklida soliq to‘laysiz.

Ekologik muammolarning ildizi asosan energetika sohasida. Bu holatni hukumatning o‘zi ham bilvosita tan olgan. Ekologiya vazirligi havoning ifloslanishiga asosiy sabab sifatida past sifatli yoqilg‘ida ishlaydigan transport vositalari, ko‘mir va mazut yoqadigan issiqlik va elektr stansiyalari, shuningdek, bosh rejasiz qurilishlar va daraxtlarning kesilishini keltirib o‘tgan.

Ekologiya vaziri Toshkent atrofida "yashil" halqa o‘rniga ko‘mirda ishlaydigan va havoni ifloslantiradigan issiqxonalardan iborat "kulrang halqa" hosil bo‘lganini aytgandi.

2023-yil boshida hukumat gazni tejash maqsadida (manba) ayrim issiqxonalar, sement va g‘isht zavodlari, bog‘chalar, maktablar va shifoxonalarni ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish haqida qaror qabul qilgan edi. Natijada, “ko‘k yoqilg‘i”dan uzilgan issiqxonalar hosilni saqlab qolish uchun ko‘mir, mazut, hattoki shinalar va toksik chiqindilarni yoqishga majbur bo‘ldi. Albatta, muqobil yechimlar bor, ammo issiqxona xo‘jaliklarining qarzdorligi sababli ular hozircha qimmat.

Shuningdek, metan zapravkalariga gaz yetarli berilmagani tufayli, haydovchilar iflos Ai-80 benzinga o‘tishar edi. Bu ham tanqislik tufayli haydovchilar soatlab navbatda turishga majbur bo‘lgan (bu esa iqtisodiy faoliyatdan boy berilgan foyda degani).

Vaziyat biroz yaxshilanishi mumkin. Ko‘mirga o‘tgan issiqxonalarga ham eksport majburiyatlari mavjud bo‘lgan taqdirda gazdan foydalanishga qaytishga ruxsat berildi. “O‘zbekneftgaz” Ai-80 benzini ishlab chiqarilishini to‘xtatganini ma’lum qildi, ammo talab yuqori bo‘lsa, Ai-91 ham yetishmasligi mumkin. Energetika vazirligi esa bu mavsumda mazut ishlatilmasligini va’da qildi.

Ha, hukumat choralar ko‘rmoqda, ammo ularning barchasi izchil va o‘zaro bog‘liq emas. Yangi daraxtlar ekilmoqda, lekin eski daraxtlar hali ham kesilmoqda (ba’zan zaruratsiz). Quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilmoqda, biroq shu bilan birga elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etildi (bu chiqindini qayta ishlash uchun emas, mahalliy avtomobil sanoatini himoya qilish uchun), bu esa ularni qimmatroq qildi. So‘nggi 5–6 yil ichida gaz qazib chiqarish kamaydi, lekin eksport davom etmoqda va yangi milliard dollarlik gazni qayta ishlash zavodlari barpo etilmoqda.

Gazni eksport qilish haqiqatan ham ichki bozor uchun (issiqxonalar, zapravkalar, sanoat korxonalari va odamlar) ishlatishdan iqtisodiy jihatdan foydaliroqmi, degan savolni hisoblab chiqish foydali bo‘lardi.

#energetika #ekologiya

@latipovuzb
  • 👍 20
  • 🔥 6
  • 👏 3
  • 😱 1
Post #109 2.35K
O‘zbekiston energetikasini 2035-yilgacha nimalar kutmoqda (dastlabki prognoz)

Energetika vazirligi yaqin 10 yil ichida mamlakat elektr energetikasi tuzilmasi qanday o‘zgarishi bo‘yicha prognozni taqdim etdi. 2035-yilgacha bo‘lgan strategiya Boston Consulting Group (BCG) ishtirokida ishlab chiqilgan, biroq hozircha to‘liq e’lon qilinmagan.

So‘nggi yillardagi asosiy tendensiya — qayta tiklanuvchi energiya manbalarining (QTEM) jadal o‘sishidir.

2025 yilda umumiy o‘rnatilgan quvvat 28,5 GVt ga yetishi, stansiyalar soni esa 112 ta bo‘lishi kutilmoqda.

🔥 19 ta issiqlik elektr stansiyasi va IEMlar — 18 GVt (≈63,2%)
☀️ 12 ta quyosh elektr stansiyasi — 4,6 GVt (≈16,1%)
💨 5 ta shamol elektr stansiyasi — 1,7 GVt (≈6%)
🔋 3 ta energiya saqlash tizimi (BESS) — 1,6 GVt (≈5,6%)
💧 81 ta gidroelektr stansiya — 2,4 GVt (≈8,4%)

Shunday qilib, o‘rnatilgan quvvatlarning 30% dan ortig‘i qayta tiklanadigan energiya manbalariga to‘g‘ri keladi va gaz bilan ishlaydigan issiqlik stansiyalarining ulushi 63% gacha kamayadi (2020-yildagi 87% ga nisbatan).

Bu yerda shuni ta’kidlash kerakki, o‘rnatilgan quvvat haqiqiy ishlab chiqarish degani emas: QTEM ob-havo sharoitlariga bog‘liq va kecha-yu kunduz ishlay olmaydi, issiqlik stansiyalari esa asosiy (bazaviy) yuklamani ta’minlaydi.

Shu yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 85,5 milliard kVt·soatga yetishi kutilmoqda, shundan taxminan 22 foizi QTM hissasiga to‘g‘ri keladi.

Energiya saqlash tizimlari (BESS) quvvati 1,6 GVt gacha oshadi. Oddiy qilib aytganda, ular mamlakat energiya tizimi uchun “powerbank” vazifasini bajaradi: elektrni to‘plab, tarmoqka kechqurun, uzulishlar yoki yomon ob-havo sharoitida uzatadi.

Shu bilan birga, 2027-yilda generatsiyadagi issiqlik energiyasining ulushi yana 71% gacha ko‘tarilishi mumkin, keyin esa asta-sekin pasayishni boshlaydi.

2030-yilga kelib, qayta tiklanadigan energiya manbalari energiya tizimining yarmidan ko‘pini egallashi mumkin. Quvvatlar 51,6 GVt gacha oshadi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish 116,7 mlrd kVt·soatga, "yashil" energiya ishlab chiqarish 54 foizga yetadi. Issiqlik stansiyalari ulushi 40 foizgacha kamayadi.

Shu bilan birga, 2028-yildan boshlab shamol generatsiyasi (17 mlrd kVt·soat) issiqlik generatsiyasidan (73,4 mlrd kVt·soat) keyin eng yirik bo‘ladi. 2035 yilga borib esa birinchi o‘ringa chiqishi mumkin (55 mlrd kVt·soat).

10 yildan keyin "yashil" energetika barcha elektr energiyasining 64 foizini ishlab chiqaradi (taxminan hozirgi Germaniya darajasida. Issiqlik stansiyalarining ulushi 36 foizgacha kamayadi.

Energiya iste’moli

Bugungi kunda elektr energiyasining 42 foizi sanoat, 26 foizi aholi, 12 foizi ijtimoiy soha tomonidan iste’mol qilinadi.

10 yildan keyin sanoat ulushi pasayadi (35%), transport esa 2,9% dan 4,6% gacha oshadi (elektrobuslar, elektromobillar, temir yo‘llarni elektrlashtirish).

Shuningdek, IT sohasi tomonidan qo‘shimcha talab kutilmoqda, masalan, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari 9 mlrd kVt·soatgacha qo‘shishi mumkin.

BCG boshqaruvchi direktori va hamkori Igor Alekseyev strategiyani batafsil tushuntirgan.

AES qani?

Slaydni ko‘rganimda menda ham shu savol tug‘ildi. Energetika vazirligi izoh berishicha, hozirda BCG konsultantlari va loyiha institutlari bilan AESni energiya tizimiga integratsiya qilish konsepsiyasini yangilash ustida ish olib borilmoqda.

Jahon banki va boshqa tahliliy markazlar tavsiyalariga ko‘ra, elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste’moli bo‘yicha prognozlar har 2–3 yilda yangilanadi, bu iqtisodiy o‘sish, hududlar rivoji va yangi texnologiyalar — data-markazlardan tortib energiya saqlash tizimlarigacha — bilan bog‘liq.

Vazirlik ta’kidlashicha, yakuniy dastur albatta AESni o‘z ichiga oladi.

Agar shunday bo‘lsa, ikkita 1000 MVt quvvatli katta reaktor va ikkita 55 MVt quvvatli kichik reaktorlardan (jami 2,1 GVt) tashkil topgan AES 15 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi (taxminan 12-15% ulush).

@latipovuzb

#energetika
  • 👍 5
  • 🔥 1
  • 👏 1
Post #108
Channel name was changed to «Latipov [uzb]»
Post #107 27.6K
Daraxtlar — bu shunchaki yashillik emas, bu iqtisodiyot

Yaqinda Toshkentda daraxtlarning kesilishi haqida reportaj tayyorlagan edim. Hokimlikning Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari Bobur ko‘chasida 150 tupdan ortiq archa daraxtini tag—tomiri bilan kesib tashlagan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, kesish "kechasi, yashirincha", muhokamalarsiz amalga oshirilgan. Ekologlarning ishiga to‘sqinlik qilingan, ularga bosim o‘tkazilgan.

Aholining aytishicha, daraxtlar 2009 yilda ekilgan, parvarishlangan, tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu katta, 15 yoshli daraxtlar edi — ular ko‘chani shovqin, chang va issiqdan himoya qilardi. Endi ularning o‘rniga 100 ta yangi manzarali ko‘chat ekishgan. Lekin ularni boshqa joyga ko‘chirishni hech kim o‘ylamaganga o‘xshaydi.

Taxminlardan biri — bo‘lajak sammitga (aynan qaysi — noma’lum) ko‘cha "tozalangan". Agar bu haqiqat bo‘lsa, bu juda achinarli: ko‘p yillik yashillik bor—yo‘g‘i 15 soniyalik kortej ko‘rinmasligi uchun qurbon bo‘lmoqda.

Daraxtlar — bu faqat yashillik emas, bu iqtisodiyot. Yashil qoplamaning qiymati va uning iqtisodiyotga ta’sirini o‘lchash mumkin. Bular — havoning ifloslanishi natijasida kelib chiqadigan kasalliklarni davolash uchun davlat xarajatlari, erta o‘lim yoki mehnat qobiliyatining pasayishi tufayli yo‘qotishlar, issiqda energiya iste’molining o‘sishi.

O‘sha kuni Toshkentdagi banklardan birida ishlaydigan qozog‘istonlik IT mutaxassisi bilan gaplashdim. Uning aytishicha, hozir O‘zbekistonga mutaxassislar, startapchilar, investorlar bormoqda. Ko‘plab xorijliklarga bizning madaniyatimiz, taomlarimiz, mehribon odamlarimiz yoqadi. Ular bu yerda uzoq yashashni istashi mumkin, lekin ekologik muammolar, infratuzilmaning yetishmasligi — bog‘lar, dam olish hududlari, piyodalar xavfsizligi — va elektr ta’minotidagi uzilishlar bunga halal bermoqda.

“Chet elliklardan tez—tez shunday gaplarni eshitaman: „Hozircha shu yerdamiz, keyinchalik ko‘ramiz“. Garchi O‘zbekiston hozir dunyoga ochilayotgan, bu yerga sarmoyalar va mutaxassislar oqib kelayotgan bo‘lsa—da, bu dastur samara berishi uchun odamlarni shunchaki to‘plash emas, balki ularni saqlab qolish ham zarur. Ko‘chmanchilar bo‘lmasligi kerak. Ular kelib, biror narsa qilib, ketib qolmasliklari lozim”, — dedi u.


Hech qanday muloqot va oldindan tushunarli qarorlar bo‘lmagan holatlarda qilingan bunday reaktiv harakatlar hokimiyatga bo‘lgan ishonchga putur yetkazadi. Keyinchalik har qanday ezgu tashabbuslar ham qarshilik bilan kutib olinadi.

O‘nlab savdo, biznes markazlari va gastroko‘chalari qurish mumkin. Ammo bunday iflos havo va iqlim bilan odamlar ko‘chaga chiqishni yoki bu shaharda yashashni istamaydi.

Ba’zi tanishlarim qish mavsumini chet elda o’tkazishmoqchi. Kimlardir esa migratsiyani o‘ylab qolgan — sabab esa iqtisod emas, ekologiya: allergiya, bosh og‘rig‘i, bolalarning sog‘lig‘i uchun xavotir. Ehtimol, shuni ekologik migratsiya deb atashsa kerak.

Agar yaqin yillarda yashillik, havo va suv resurslari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashsa — bunday odamlar soni yana ham ortadi.

Ammo bu oqibatlarni to‘g‘ri yondashuv bilan yumshatish mumkin. Dunyoda muvaffaqiyatli keyslar mavjud — do‘stona, yashil va qulay shaharlarga aylangan. Shunchaki shaharlar odamlar uchun bo‘lishi kerakligini unutmaslik kerak.

@latipovuzb
  • 👏 24
  • 🔥 12
  • 👍 5
  • 👎 3
  • 🤮 1
Older posts →

About this channel

How can I read @latipovuzb without a Telegram account?
TGViewer shows the public web preview Telegram publishes for Latipov [uzb]: recent posts, photos, videos and the subscriber count, with no app, login or account.
How many subscribers does Latipov [uzb] have?
Latipov [uzb] (@latipovuzb) has 884 subscribers on Telegram, refreshed roughly every 30 minutes.
Does Latipov [uzb] know I viewed it here?
No. Public channel previews carry no viewer identity, and TGViewer has no accounts or tracking of what you look up.
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →