TGViewer
Lingvist Iroda Azimova Lingvist Iroda Azimova @psixolingvist · 3.94K subscribers
Post #989 31.9K
"Lolazor" podkastida nimaga lotin alifbosida o‘zbekcha matn o‘qishga qiyinu, ingliz tilida o‘qishga qiyinmas degan savol ustida mulohaza yuritishibdi jurnalist va huquqshunoslar. Tutuq belgisi va shuningdek o‘ va g‘ larning shunday birtirnoq bilan ifodalanishini sabab sifatida keltirilibdi.

... Fikr yuritish, bir hodisaning sababini tushunishga intilish, albatta, yaxshi. Lekin baʼzan ilm-fan buni qanday tushuntiradi deb ham qiziqib ko‘rish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Mutaxassis sifatida izoh beraman. Buni men kashf qilmaganman. Bu bo‘yicha psixolingvistika, neyrolingvistikada minglab, millionlab tadqiqotlar qilingan. O‘sha tadqiqotlarning xulosasi shakllantirgan ilm bu.

O‘qish qanday jarayon? Buni tushunish uchun til o‘zi nima degan savoldan boshlash kerak.

Til tabiiy jihatdan og‘zaki shaklda yashaydigan hodisa. Yozuv uning shartli belgilar bilan ifodalanishidir.
Demak, tilning og‘zaki shakli asos. Yozuv esa og‘zaki shakl uchun vosita.
Shunga asosan o‘qish bu grafik belgilar (harflar) yig‘indisiga qarab, u qaysi og‘zaki so‘zni bildirayotganini topa olish demakdir.

Inson ongi uchun har doim yaxlit so‘z ahamiyatli. Tovushlarga ajratish, tovush tarkibini anglash taʼlim va ilm uchun muhim. Muloqotda esa yaxlit so‘z muhim. Shuning uchun ham inson o‘qishni o‘rganib bo‘lgandan keyin miya harflab o‘qimaydi, yaxlit so‘zni o‘qiydi. Bunda miya so‘zning bosh harfi, oxiridagi harf hamda so‘zdagi harflar soniga asoslanadi.
O‘qishni o‘rganish va harflab o‘qishdan yaxlit so‘zni o‘qish darajasiga chiqish uchun maktab muhim. Bejiz maktabda to‘rt yil o‘qish darsi bo‘lmaydi. Mana shu darslar miyamizda vizual leksikonni shakllantiradi. Vizual leksikon, soddaroq aytganda, so‘zlarning yozma shaklining xotiramizda turishidir.
Demak, kim qaysi alifboda savod chiqargan bo‘lsa, o‘sha alifboda bo‘ladi bu leksikon. Aynan mana shu vizual leksikon biz kitob o‘qiganimizda maza qilib o‘qishimizga asos bo‘ladi.

Bu borada bizda bitta istisno bor, aynan alifbo almashtirganimiz sababli yuzaga kelgan istisno. Bo‘lishi mumkin, ko‘rsatuv qahramonlarining savodi lotinda chiqqan, yaʼni alifbeni lotinda o‘rganishgan, o‘qish darslari ham lotinda bo‘lgan. Biroq u vaqtda lotin alifbosiga yangi o‘tilgan bo‘lgani uchun kitoblar, gazetalar, internet sahifalari kirilcha alifboda bo‘lgan. O‘qishga ishtiyoqmand bizning yoshlar kirilchada o‘zi qiziqqan mavzuda juda ko‘p matn o‘qishi hisobiga ularda vizual leksikon kirilchada shakllangan. Shuning uchun ham kirilchada maza qilib o‘qishadi.

Endi keyingi masala nima uchun ingliz tilida u narsa sezilmaydi. Chunki u boshqa til va u til uchun bitta alifbo va imlo qoidalari bor, boshqa alternativ alifbo yo‘q. Vizual leksikon bitta alifbo asosida shakllanadi. Undan keyin miyamiz turli tillarni alohida tizim sifatida qabul qiladi, shunday qo‘llaydi. Bu yerda harflar yoki qandaydir belgilar emas, aynan so‘zning vizual shaklining barqarorligi muhim!

Aynan shu sabab ham alifboga o‘zgartirish kiritish kerak emas, hatto u to‘rttagina harf bo‘lsa ham.

@psixolingvist
  • 👍 98
  • ❤ 50
  • 🔥 17
  • 👎 10
  • 👏 2
More from @psixolingvist
  1. Sep 24, 2026Eron bilan o‘yin yaxshi bo‘ldi a? Shomurodov krasavchik, ikkita gol ham o‘ziga munosib bo‘…
  2. Sep 23, 2026Biz hayotni mantiqqa bo‘ysunadi deb o‘ylaymiz. Ammo insonlararo munosabatlarda mantiq ko‘p…
  3. Sep 22, 2026Nasiba Abdullayevaning "Ko‘z yoshimiz" qo‘shig‘i. Birinchi marta so‘zlariga jiddiy eʼtibor…
  4. Sep 21, 2026O‘g‘lim olti yoshligida bergan savol - Aya, men ham sizning ishxonangizga boray. - Nima qi…
  5. Sep 20, 2026Ҳамдардлик Дилрабога Сени бағримга босдим— Чўғни бағримга босдим. Қайғу қонидан шимган Туғ…
  6. Sep 16, 2026Ma’nolar mustaqilligi...
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →