13-oktabr kuni Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida xalqaro Ultradecor Global kompaniyalar guruhi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Agentlik rahbariyati, Ultradecor kompaniyalar guruhining moliya direktori Aleksei Chuhan, shuningdek, EY xalqaro konsalting kompaniyasining Germaniya va O‘zbekistondagi vakillari ishtirok etdi.
Ultradecor Global dunyoning 23 ta davlatida faoliyat yuritib, 5 500 nafar xodimni ish bilan ta’minlagan. Kompaniyalar guruhi tarkibida yog‘och asosidagi panellar ishlab chiqaruvchi 7 ta korxona, 17 ta distribyutsiya markazi hamda rezina va qog‘oz ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 3 ta korxona mavjud.
Kompaniya O‘zbekistonda mavjud 6 ta distribyutsiya markazlari faoliyatini kengaytirish bilan birga, Toshkent viloyatida yiliga 50 ming kub metr laminatsiyalangan plitalar ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona tashkil etish ustida ish olib bormoqda.
Mazkur loyiha mahalliy mebel ishlab chiqaruvchilarni zarur materiallar bilan barqaror ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda tarmoqdagi kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, kompaniya O‘zbekistonda IT va korporativ xizmatlar markazini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Ushbu markaz orqali 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish, ko‘rsatiladigan xizmatlarning qariyb 90 foizini kompaniyalar guruhining xorijdagi korxonalariga eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Muzokaralar davomida Agentlik rahbariyati kompaniya vakillariga O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun belgilangan tartibda "O‘zbekekspertiza" AJ orqali mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikatni rasmiylashtirish hamda davlat xaridlarida yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishni taklif etdi.
Shuningdek, Ultradecor kompaniyalar guruhining O‘zbekistondagi faoliyatini rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yangi kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishda Agentlik o‘z vakolatlari doirasida amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, kompaniya vakillari O‘zbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan sanoat bond zonalarida ishtirok etish, ushbu hududlarda yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga taklif qilindi.
Uchrashuvda Ultradecor kompaniyalar guruhi bilan bog‘liq Casa Foundation jamg‘armasining O‘zbekistonda faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama qilinib, tegishli tushuntirishlar berildi.
✔️Tomonlar mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
🌍Veb-sayt 🔹Telegram 🔹Instagram 🔹Facebook 📹Youtube X 🔹Linkedin


