TGViewer
Erkin Malik Erkin Malik @erkinmalik · 843 subscribers
Post #1402 158
ALLOH BERAR QO‘LNI YAXSHI KO‘RADI
 
     Kamina tog‘dagi dala hovlimiz va u yerdagi hayvonot olami haqida ko‘p yozganman. «Chapmo otli ilon», «Chumolilar saltanati», «Asalarilar saltanati yoki uch og‘ayni botirlar» kitoblarini o‘sha joyning mahsuli deb bilaman.
     Keyingi paytlarda u yerdagi bog‘ hovlimiz atrofiga qahvaxonalar, dam olish maskanlari tushib, tinchlik, sokinlik yo‘qoldi. Boshqa bir joydan dala hovli qurishga to‘g‘ri keldi. Ko‘pdan qurilish ishlari bilan shug‘ullanib yuradigan firma bor ekan. Quruvchilari asosan surxondaryolik va qoraqalpog‘istonlik yigitlar. Bitim tuzishdan oldin mening savolim «ichishmaydimi», «chekishmaydimi»dan boshlandi. «Mutlaqo yo‘q» degan qat’iy javob bo‘ldi. Ishondim, chunki ish yurituvchi Baxtiyor ibodatli yigit edi. Albatta, bunaqa odam qo‘l ostiga kimlarni yig‘ishni biladi.
     Avvalo ichimda shunday bir guruhga ro‘baro‘ qilib qo‘ygan Allohga hamd aytdim. Xudodan qo‘rqqan odam va’dabozlik qilmaydi, aldam-qaldamdan uzoq bo‘ladi. Alloh buyurganiga amal qiladigan odamlar bir-biri bilan yaqin va qadrdon bo‘lib qoladi. Ish boshlashdan oldin Baxtiyorga ba’zi shartlarimni aytdim. Shulardan biri ish tugab, ikkinchisiga o‘tishdan oldin quruvchilarning peshonasidagi teri qurimasdan haqini berish. «Payg‘ambarimiz hadislariga binoan deng. Qaniydi hamma ham shunday qilsa», deya xursand bo‘ldi Baxtiyor. Shunday qilsak ishga ham, bizning topgan-tutganimizga ham baraka kiradi, peshonasidagi teri qurigandan keyin berilgani haq lanj, sovigan oshdek bo‘ladi, deb qo‘shimcha qilib qo‘ydim.
     Shunday qilib qurilish boshlandi. Deyarli bir yil davom eti. Hayit kunlari quruvchilar uylariga borib kelishdi. Bir kuni peshin payti quruvchilardan biri, qurilishga ishora qilib:
     ‒ Ishimizdan xursandmisiz, doda? ‒ deb so‘rab qoldi.
     Men dilimdagini aytdim:
     ‒ Bu qurayotgan joyinglar men uchun shunchaki bir matoh. Mening xursandchiligim sizlarning ro‘zg‘oringiz yurayotganida, u yoqda bola-chaqangizning qozoni qaynayotganida. Alloh bizga beryapti, biz esa sizga. Mana, xursandchiligim qayerda!
     Xullas quruvchilar orasida uchtasi ish boshlangandan oxirigacha turib bergani uchun oilami a’zosidek bo‘lib qoldi. Ularning ikkitasi bola-chaqali, bittasi uylanadigan yoshda edi. O‘sha bo‘ydoq yigit qishloqqa qaytiboq to‘y boshlab yuborilishini, shunga yarasha zaxira to‘plaganini aytdi. Shunda ko‘nglimdan bir fikr o‘tdi va nabiramga sim qoqdim.
     ‒ Cho‘ntak qalay, bolam? – dedim salom-alikdan keyin.
     ‒ Borini ustalarga berdim, doda. Nega so‘rayotgan edingiz? – sergaklandi nabiram.
     ‒ Shu bugun xayrlashadigan ustalar bittadan kostyum-shimga loyiq edi-da, ayniqsa, uylanadigani.
     ‒ Sizni tushundim, doda. Ularning telefon raqami menda bor, tog‘dan tushib kelaversin. Kutib olib, o‘zim kuzatib qo‘yaman. Kiyim-kechak sotadigan do‘konchi og‘aynilarim bor, pulini keyin ham bersam bo‘laveradi.
     Nabiramning javobidan xotirjam bo‘lib, ularni duo qilib kuzatdim, lekin hadya haqida gap ochmadim. Nabiram ular bilan bog‘lanishini bildim. U hech qachon bitta gapimni ikkita qilmagan. Kechroq o‘zim ham shaharga qaytdim. Ishlaring nima bo‘ldi, deb nabiramni hijolat qilgim kelmadi. Ish o‘xshamay qolgan bo‘lishi ham mumkin-da. U bizdan alohida yashaydi.
     Xuftonni o‘qib, endi dam olaman deganimda telefonning ovozini o‘chirmagan ekanman, jiringlab qoldi. Go‘shakni qulog‘imga tutdim. Narigi yoqda ertalab kuzatib qo‘yganim quruvchilardan birining ovozi eshitilib qoldi. Nimagadir u aniq-tiniq gapirmas, ovozi uzilib-uzilib kelardi. Xuddi yig‘lamsirab gapirayotgandek. Mening hisobimda ular allaqachon yo‘lda bo‘lishi kerak edi. Biron kor-hol bo‘ldimikan deb kapalagim uchdi. Xayriyat unday emas ekan. Qo‘ng‘iroq qilib, menga minnatdorchiliklarini bildirib qo‘ymoqchi bo‘lishgan ekan. Telefonni bo‘lajak kuyov bola qilgan edi. Tushundim, demak, nabiram ilojini qilibdi. O‘sha kecha bir maza qilib uxladim...
  • 👍 6
  • 🔥 3
  • 🕊 1
More from @erkinmalik
  1. Oct 17, 2026КИФОЯ У уловида ишхонасига кетар экан, ҳар доим ичида бундай дуо қиларди: «Эй яратган Эгам…
  2. Oct 16, 2026✍️Erkin Malik qalamiga mansub ushbu kitobdan yozuvchining bir qancha qissalari o‘rinolgan…
  3. Oct 16, 2026BU BOSHQA GAP Bolalarning dadasi dalada dehqonchilik qilib, har xil ekin ekadi. Hatto pist…
  4. Oct 15, 2026БУ БОШҚА ГАП Болаларнинг дадаси далада деҳқончилик қилиб, ҳар хил экин экади. Ҳатто пистаг…
  5. Oct 14, 2026Erta bilan nabiram qo‘ng‘iroq qildi. «Barakalla, amallabsan, bolam. Yo‘lda menga qo‘ng‘iro…
  6. Oct 13, 2026АЛЛОҲ БЕРАР ҚЎЛНИ ЯХШИ КЎРАДИ Камина тоғдаги дала ҳовлимиз ва у ердаги ҳайвонот олами ҳақи…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →