ISMLAR
Yozganlarimda va muxlislar bilan bo‘ladigan suhbatlarda Allohning Kalomi va Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlarini o‘qib o‘rganish bilan bir qatorda atrof-javonibdagi e’tiboringizni tortgan narsalarni ham o‘qishni o‘rganing, deb ko‘p eslataman.
Osmon-u yer oralig‘ida biz ko‘rib turgan jonli va jonsiz maxluqotlarning har biri bamisoli Alloh tarafidan bizga taqdim etilgan bir kitobdir. Faqat ularni tushunib o‘qish uchun boshqacha «harf» talab qilinadi xolos. Har bir yaratilgan narsaning rangi, hidi, ta’mi, bo‘y-bastining o‘zi o‘qish uchun bir ishora, bir harf. Ularni ham Alloh yaratgan. Ularning ham yashashi, zavol topishida Allohning ilmi va qudrati, hukmi mujassam. Ularni o‘qiy olgan odam o‘zi bilmagan holda kamolotga yetishib boraveradi. E’tibor qilmasa, g‘aflatda o‘tib ketaveradi.
Xuddi shunday atrof-javonibni o‘qish va uqish bilan bog‘liq bu jarayonni har kuni muomalada ishlatiladigan so‘zlarga, xossatan ismlarga ham muqoyasa qilsa bo‘ladi. Ismlar bamisoli so‘z va iboralarning qaymog‘iga o‘xshaydi. Nom va ism bilan bog‘liq bu holatni parranda-yu darranda, hatto nabotot olamida ham kuzatish mumkin. Masalan, anjir daraxtini oling. Uni boshqacha nom bilan atab bo‘lmaydi, to‘g‘rimi? U mevalar orasida eng latif, eng shifobaxshi hisoblanadi. Ba’zi ulamolar anjir daraxti yer yuzidagi barcha mevaning ibtidosi, turli-tuman meva undan yaralgan deyishadi. Chunki anjir otamiz Odam ato va onamiz momo Havvo bilan birga jannatdan yerga tushgan.
Odam alayhissalom bilan momo Havvo taqiqlangan narsani yeb qo‘yishganidan keyin ustlaridagi jannat liboslari yo‘qolib, avratlari ochilib qoladi. Shunda anjir daraxtining yaproqlari bilan o‘zlarini berkitishgan degan rivoyatlar bor. Shuning uchun ham anjir odamlar nazdida aziz va mukarramdir.
Yoki zaytun daraxtini oling. U ham e’zozlanib, nomi Qur’onda keladi. Alloh O‘zining Kalomida zaytun bilan qasam ichadi. Nega aynan zaytun bilan? Nuh alayhissalom davrlarida butun dunyoni suv bosib, hamma narsa suv ostida qoladi. O‘shanda yer yuziga birinchi bo‘lib zaytun daraxti o‘sib chiqadi. Nima demoqchiman? Biz amalda qo‘llayotgan har bir so‘z, har bir ismning ham o‘z tarixi bor.
E’tiboringizni yana bir holatga qaratmoqchiman. Bilasiz, hafta kunlari dushanba, seshanba, chorshanba, payshanba, juma, shanba va yakshanba degan nom bilan ataladi. Lekin ular orasida bitta kun alohida e’tirofga sazovor. Bu kun jumadir. Shu kuni tug‘ilgan o‘g‘il bolalarga Jumaboy, qiz bolalarga Jumagul, Odinaxon degan ismlarni qo‘yishadi. Yakshanbaboy, Dushanbaxon degan ismlarni uchratmaysiz. Yana jumaning «Hajjul masakin – miskinlarning haji» degan ulug‘ sifati ham bor. Bunga sabab otamiz Odam ato juma kuni dunyoga kelganlar, juma kuni jannatdan yerga tushganlar, juma kuni vafot etganlar. Hatto qiyomat ham juma kuni bo‘ladi degan rivoyatlar bor.
Azizlar, hayotda qo‘llayotgan har bir ism, nom, so‘z va atamaga befarq bo‘lmaylik. Chunki ularsiz biz, bizsiz ular yashay olmaydi. Sababi atama, ism, so‘z va bayonlarning ham, ayni damda o‘zimizning ham yaratuvchimiz yagona Allohdir!
Post #1393
444
- 👍 2
- 🔥 1
- 🕊 1