3-qism
Shu sabab internetda: “Milliarderlarning 80 foizi mana buni qiladi”, “Baxtli odamlarning 70 foizi mana bunday yashaydi”, “Uzoq umr ko‘radigan odamlar mana buni yeydi” degan ma’lumotlarni ko‘rganimizda birinchi savol berishingiz kerak.
- “Raqam rostmi?”
- “Bu narsa sababmi yoki shunchaki yonma-yon kelayotgan belgimi?”
Masalan, muvaffaqiyatli odamning hayotiga qaraymiz.
Soat 5 da turadi, kitob o‘qiydi, sovuq dush oladi, qahva ichadi, qora futbolka kiyadi.
Keyin shu tashqi belgilarni ko‘chirib, natija ham ko‘chadi deb o‘ylaymiz.
Vaholanki, uning natijasini olib kelgan asosiy sabab butunlay boshqa joyda bo‘lishi mumkin.
20 yil bir sohada ishlagandir. Kerakli vaqtda kerakli odam bilan tanishgandir. Oilasi unga kuchli ta’lim bergandir. Risk qilgandir. Omadi kelgandir. Yoki bularning hammasi birgalikda ishlagandir.
Shuning uchun korrelyatsiya bizga “bu ikki narsa orasida bog‘liqlik bor” deydi.
Lekin “Nega bog‘liqlik bor?” degan savolga javob bermaydi. Sababni bilish uchun yana chuqurroq kirish kerak. Uchinchi omillarni ko‘rish kerak. Sababning yo‘nalishini tekshirish kerak. Ba’zida tajriba qilish kerak.
Ba’zida esa shunchaki “Bilmayman” deyishga intellektual halollik kerak bo’ladi.
Menimcha, statistik fikrlashning eng muhim ko‘nikmalaridan biri ham shu. Raqam ko‘rganingizda hayratlanishdan oldin, o‘zizga savol bering. Balki men sababni natija bilan adashtirayotgandirman?
Chunki statistikada eng xavfli yolg‘on har doim soxta raqam bo‘lmaydi. Ba’zida raqam mutlaqo to‘g‘ri bo‘ladi. Xato o‘sha to‘g‘ri raqamdan chiqargan xulosada bo‘ladi.
Post #286
31.6K
- 🏆 552