Birinchi marta energetika sohasining 2050-yilgacha bo‘lgan Milliy bosh rejasi ishlab chiqilib, ochiq e’lon qilinadi. Kelgusi yil 1-martgacha tarmoqlarga ulanish imkoniyatlari xaritasi, 1-iyulga qadar to‘liq bosh reja taqdim etiladi
Bu hujjatlarda qaysi hududda elektrga talab o‘sishi, qanday infratuzilma zarurligi va yangi quvvatlar qayerda samarali ishlashi ko‘rsatiladi. Shu asosda investorlar ham o‘z rejalarini uzoq muddatga tuzishi mumkin bo‘ladi.
“Yashil” energiya ishlab chiqaruvchilar uchun sertifikatlar va karbon kreditlardan qo‘shimcha daromad olish imkoniyati ham ochiladi. Ulardan keladigan manfaatni davlat va investorlar o‘rtasida adolatli taqsimlash mexanizmlari joriy etiladi. Mazkur jarayonda xalqaro ekologik majburiyatlar va amaldagi shartnomalar to‘liq hisobga olinadi.
Sun’iy intellekt va data-markazlar elektrga talab tez o‘sayotgan yo‘nalishlardan. Ular uchun yer, tarmoqqa ulanish imkoniyati va “yashil” energiya manbai mavjud maydonlar oldindan belgilanadi. Har bir yirik data-markazda asosiy va zaxira elektr ta’minoti, energiya saqlash hamda sovitish tizimlari birgalikda rejalashtiriladi.
So‘nggi 5 yilda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga 2 milliard dollardan ziyod yo‘naltirildi. Navbatdagi katta vazifa tarmoqlarni yangilash va energiya saqlash tizimlarini rivojlantirishdir.
2030-yilgacha 5 ming kilometr tarmoq va 16 ta yirik podstansiya qurish, energiya saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan buyon ustuvorlik generatsiya, saqlash va tarmoqlarni birgalikda qamrab oladigan kompleks loyihalarga beriladi. Uzoq muddatli energiya saqlash uchun gidroakkumulyatsiya stansiyalarini qurishda ham investorlar bilan hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.
Telegram | Instagram | Facebook | YouTube | Website
Post #105154
1.05K

- 👍 31
- ❤ 9
- 🔥 9