#Xalqaro_hamkorlik
#Jorjtaun_universiteti
🔹 Ayni paytda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Jorjtaun universiteti hamkorligida Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida “Ta’lim jarayonida generativ sun’iy intellektdan foydalanish va onlayn kurslarni ishlab chiqish” mavzusidagi xalqaro o‘quv-amaliy seminar davom etmoqda.
Seminarni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Shaxzodbek Kurbaniyazov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Unda sun’iy intellekt vositalarini shunchaki o‘rganish emas, balki ulardan ta’lim sifati va pedagog faoliyati samaradorligini oshirishda maqsadli foydalanish muhimligini ta’kidladi.
“Bugun sun’iy intellekt ta’lim sohasiga ham jadal kirib kelmoqda. Shu bois yangi texnologiyalarni shunchaki o‘rganish emas, balki ulardan ta’lim sifati va pedagog faoliyati samaradorligini oshirishda maqsadli foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu ma’noda seminar oldiga qo‘yilgan asosiy savol oddiy va dolzarb: sun’iy intellekt o‘qituvchining darsini qanday qilib yanada samarali tashkil etishga yordam beradi? Ushbu uch kunlik seminarning vazifasi ana shu savolga amaliy javob topishdan iborat.
Bugungi tadbir xalqaro hamkorligimizning amaliy ifodasi sifatida ham alohida ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Jorjtaun universiteti professori Yanna Vovides va Albina Yildiz xonimga yurtimizga xush kelibsiz deyman hamda o‘z bilim va tajribasini o‘zbekistonlik hamkasblari bilan baham ko‘rayotgani uchun minnatdorlik bildiraman.
Seminar davomida ishtirokchilar generativ sun’iy intellekt vositalaridan darslarni rejalashtirish, topshiriq va baholash mezonlarini ishlab chiqish, samarali promptlar tuzish hamda onlayn kurslarni loyihalashda foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
Ishonamanki, ushbu seminar xorijiy tajribani milliy ta’lim tizimi ehtiyojlariga moslashtirish, yangi metodik yechimlarni shakllantirish va ularni keng ommalashtirishga xizmat qiladi”, — dedi Shaxzodbek Kurbaniyazov.
🔹 Telegram 🔹 Instagram
🔹 Facebook 🔹 X (Twitter)
🔹 YouTube 🔹 Trm.uz
