Toshkent shahrining 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi ko‘zdan kechirildi
Bugun, 09-oktyabr kuni Toshkent shahar hokimligi, Toshkent shahar FVBB bilan hamkorlikda, poytaxtimizda favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish bo'yicha FVDT hududiy quyi tizimining 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik darajasini har tomonlama baholashga qaratilgan maxsus-taktik o‘quv mashqlari tashkil etildi.
Mazkur tadbir shahar xo‘jaligi tarmoqlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (issiqlik, gaz, suv va elektr ta’minoti) hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishga mas’ul bo‘lgan maxsus xizmatlarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirishga qaratildi.
O‘quv mashg‘ulotlarining asosiy yo‘nalishlari:
Kommunal avariyalarni tezkor bartaraf etish: Qish mavsumida issiqlik va elektr energiyasi tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan shartli nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor guruhlarning harakat tezligi sinovdan o‘tkazildi.
Maxsus texnika va asbob-uskunalar ko‘rigi: Shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, "Toshshahargaz", "Toshkent shahar elektr tarmoqlari", "Veolia Energy Tashkent" va boshqa xizmatlarning safarbarlikka tayyor bo‘lgan maxsus texnikalari, qor tozalash vositalari hamda zaxira qismlari ko‘zdan kechirildi.
Moddiy-texnik zaxiralarni shakllantirish: Aholini va ijtimoiy soha obyektlarini barqaror energiya manbalari hamda zarur resurslar bilan ta’minlash uchun yaratilgan zaxira fondlari holati o‘rganildi.
Boshqaruv organlarining tezkorligi: Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda shahar va tuman Favqulodda vaziyatlar komissiyalarining tezkor qaror qabul qilish hamda kuch va vositalarni muvofiqlashtirish ko‘nikmalari baholandi.
Mashqlar yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul idoralarga tegishli ko‘rsatmalar berilib, poytaxtimiz infratuzilmasining kelgusi kuz-qish mavsumini betarafot o‘tkazishga tayyorligi bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Post #19462
759









- 👍 4
- ❤ 3