"O‘ylab ko‘ring: shu qiynoq degan narsani oling; bunda azoblar va jarohatlar bo‘ladi, joning og‘riydi, bularning hammasi ruhiy azob chekishga imkon bermaydi, shunday bo‘lgandan keyin to o‘lguningcha badandagi jarohatlarning azobini torta-torta yashab ketasan. Va lekin odamga eng yomon azob beradigan narsa jarohatlarning og‘rig‘i bo‘lmasa kerak, menimcha hozir, mana bir soatdan so‘ng, keyin o‘n daqiqa, so‘ng yarim daqiqa, keyin mana hozir, shu on, shu soniyada muqarrar suratda joning uzilishini, boshqa hech qachon odam bo‘lmasligingni, hammasi endi muqarrar suratda ro‘y berishini bilib turishing qattiq qiynoqqa soladi; hammasidan og‘iri — shu muqarrarlik. Boshingni tig‘ ostiga qo‘yganingdan so‘ng, jodi tepangda shirrillaydi, xuddi shu jodi shirrillagan soniyaning ulushlari hammasidan ham dahshatliroq...
Qotillik qilganligi uchun qatl qilish jinoyatning o‘zidan ko‘ra ham og‘irroq jazo. Hukm o‘qish yo‘li bilan qilinadigan qotillik qaroqchilik yo‘li bilan qilinadigan qotillikdan ko‘ra beqiyos dahshatliroq. Qaroqchilar tomonidan o‘rmondami yo boshqa biron yerda so‘yiladigan odam oxirgi daqiqagacha albatta hali qutulib ketishim mumkin, deb umidvor bo‘ladi. Kekirdagi kesilgan chog‘da ham odam hamon umidini uzmaydi, yalinadi, yolvoradi, qochishga urinadi, shunday voqealar bo‘lgan, bunga misollar bor. Boyagi holda esa odamning o‘lishini o‘n baravar osonlashtiradigan o‘sha so‘nggi umid, ilinjni muqarrar suratda tortib oladilar; buning ustiga hukm deng, hukmning muqarrarligi, undan qochib qutulib bo‘lmasligi hammasidan ham dahshatliroq azob beradi, yorug‘ jahonda bundan ko‘ra qattiqroq qiynoq yo‘q."
FYODOR DOSTOYEVSKIY, TELBA
@soliefs #kitobdanparcha
Post #537
1.13K
