John: “Matn yozganimizda, o’quvchi asosan kim bo’ladi?”
Kursdoshlarim: “Do’stlarimiz, qayernidir rahbari, ota-onamiz …”
Men: “O’zimiz”
Shu javobimdan keyin John menga juda g’alati qaragandi, o’zi bu sog’mi deb =)
2024-yil, iyul. CELTA darslari payti. Tashqariga xom go’sht qo’ysangiz, shashlik qilib pishiradigan yoz payti.
**************
Ha, inson o’zi uchun xat yozishi normal.
Bu yerda faol bo’lmay qolganimga asosiy sabab ham menimcha shu.
O’zimga ko’proq yoza boshladim.
Bu yerga bo’lishgim kelmasdi.
Bir paytlar normal tuyulgan o’ziga-o’zi jamoat joyida xat yozish o’zimga ham g’alati ko’rinib qoladi deb o’ylamagandim.
Balki sabab har bir aytilgan gap va qilingan harakat ortidagi sabablarni o’zim xohlamagan tarzda savolga tutaverishimdir, bilmadim.
Hay, hay, hay, ehtiyot bo’ling. Bu kasallik sizga ham yuqib qolmasin. Juda odamni qiynab yuboradi.
Keyin bu kanal blogligi esimga tushib qoldi.
To’g’ri, onda-sonda, yoki balki har doim, "mana shu mening qarichim va dunyo shu qarichimcha" degan postlar yozib turarman.
Har holda, eski, xuddi shu uslubda yozilgan postlarimni o’qisam, “Bu qanday sharmandalik?!” deb peshonamni ushlab qolaman.
Ammo, lekin, biroq (udzr, kopirayterlar, udzr!) …
Kanalni ochishdan maqsadim esimga tushib qoldi.
Ehh, maqsad unitilsa, qay go’rlarga yetaklamaydi, azizlar!
Shaxsiy blog insonning ba’zan bosgan yo’liga aylanib qoladi.
To’g’ri, insonning onlayn personaji hamda asliyati ba’zan ikki xil ko'rinib ham turar.
Ammo, inson o’zining qanday shakllanganini ko’rish uchun blogdan yaxshirog’ini topish qiyin.
Chunki yozganda fikrlar quyiladi.
Nega yopiq kanal emas?
Auditoriya bilan qiziq.
Biz ijtimoiy mavjudotlarmiz.
Doim nimadir bo’lishgimiz keladi.
Bu ham bir e’tiborda bo’lishning yo’llaridan biri.
Bunda hech qanday ayb ko’rmayman.
Imkoniyat bo’lsa, o’zidan kimdir yasab emas, balki boricha, samimiy o’z fikrlari bilan bo’lishib borishga nima yetsin.
Xullas, qiyinlashtirmang. Men ham qiyinlashtirmadim.
O’zim uchun yozdim. Eshitganlar auditoriya bo’ldi.
~ Solief
@soliefs
Post #545
640
