Antimo'rtlik yoxud zarbatoblarlik atamasi Nassim Talebning "Antifragile" kitobidan so'ng mashhur bo'lib ketdi.
Bu yerda menga o'xshagan Nassim Talebni sevib o'qiydigan aka-singillar bor bo'lsa, ajabmas.
Bugun shu antimo'rtlik haqida gaplashamiz va uni hayotimizga qanday tadbiq qilishni o'rganamiz.
Dunyoda kutilmagan qiyinchiliklar va inqirozlar doim bo'lib kelgan. Biz ko'pincha ulardan qochishga harakat qilamiz.
Ha, o'ldirmasa, shu janavarlardan qochishning o'rniga ularni quchoq ochib kutib olsak-chi?!
Axir Nitsshe qalinmo'ylov aytadi-ku, bizni o'ldirmagan narsa kuchliroq qiladi, deb.
Hayotdagi holatlarni uchga bo'lish mumkin.
Birinchisi — mo'rtlik. Masalan, shisha idish. Yerga tushib ketsa, chilparchin bo'ladi.
Faqat bitta maoshga qarab yashaydigan yoki katta qarzga botgan insonning hayoti aynan shunday mo'rt. Kichik moliyaviy inqiroz uni tang ahvolga solib qo'yadi.
Ikkinchisi — chidamlilik. Toshni yerga ursangiz sinmaydi.
Qiyinchiliklarga sabr bilan chidaydigan odamlar xuddi shu toshga o'xshaydi. Ular zarbalarga dosh beradi, lekin foyda ham topmaydi.
Uchinchisi — antimo'rtlik. Bunga misollar talaygina: mushaklarimiz, immunitet tizimi, texnologik innovatsiyalar, madaniyatlar, siyosiy g'oyalar va hatto biz insonlar ham.
Bular tashqi stress hisobiga yanada yaxshilanadi.
Antimo'rtlik — bu inqiroz va qiyinchiliklardan oziqlanib, o'sish degani.
Uni Behalovat avlodning tarjimonlari "zarbatoblarlik" deb ham o'zbekchaga kiritishibdi. Qoyil lekin!
Xo'sh, bu g'oyani amalda qanday ishlatamiz?
Taleb amaki dastavval shtanga qoidasini ilgari suradi.
Moliyaviy va hayotiy qarorlarda o'rtamiyonalikdan qochish kerak.
Masalan, jamg'armangizning katta qismini eng xavfsiz joyda saqlang. Bu, misol uchun, tillaga tikilgan sarmoya bo'lishi mumkin.
Kichik bir qismini esa riski yuqori, ammo daromadi juda katta bo'lishi mumkin bo'lgan g'oyalarga yo'naltiring.
Shunda yo'qotsangiz kam yo'qotasiz, yutsangiz ko'p yutasiz.
O'qishga kelsak, mumtoz adabiyotlardan uzilmang. Vaqt sinovidan o'tgan va hali ham aktual kitoblarni o'qing. Va shu bilan birga, texnik dokumentlar va nish adabiyotlar ham o'qing.
Mana shular 80/20 shtanga strategiyasiga misollar bo'la oladi.
Keyingisi, qomusiylik. O'zingizni bitta tanlovga qamab qo'ymang. Asosiy ishingiz yoniga yana foydali ko'nikmalarni o'rganing.
Buni Hormozi "skill-stacking" deydi. Naval ham buni bozorda boshqalardan ajrab turish uchun maslahat beradi.
Xullas, inqiroz kelib, bitta eshik yopsa, zaxiradagi ko'nikmalaringiz boshqa eshiklarni ochadi.
Yoki sizni alishtirish juda qiyin bo'ladi. Chunki siz faqat bitta emas, bir nechta ko'nikmaga ega asset'ga aylanasiz.
Uchinchisi, Via Negativa. Tizimni yoki umuman hayotni yaxshilash uchun unga doim nimanidir qo'shish shartmas.
Avval sizni orqaga tortayotgan narsalarni olib tashlang. Nosog'lom odatlar, ortiqcha ma'lumotlar va keraksiz qarzlardan voz kechishning o'zi hayotingizni aaaancha yaxshilaydi.
Mikelanjelo ham David haykalini qanday yasagani haqida so'ralganida "Davidga tegishli bo'lmagan qismlarini olib tashladim" deganga o'xshash gap aytgan axir.
Va nihoyat, muntazam kichik stresslar. Qulaylik insonni bo'shashtiradi. Comfort zone kills you deb bejiz aytishmaydi mashoyiqlarimiz.
O'zingizni atayin kichik noqulayliklarga o'rgating.
Zal, yugurish, ro'za, sovuq dush, uzoq soatli chuqur fokus, noma'lumlik darajasi yuqori bo'lgan yerlarga safarlar va hokazo.
Asta-sekin oshirib boriladigan yuklamalar yoki notanish muhit kabi kichik stresslar sizni kelajakdagi haqiqiy zarbalarga tayyorlaydi.
Shunaqa gaplaaar. Bu gaplarni yana bitta qayta o'qib, hayotga tadbiq qilish kerak.
Telegram uchun yozganimga, qisqa-qisqa qilib yozaverdim. Menimcha, bitta boshqa uzun formatda ham olib chiqaman. In shaa Allah.
Xullas, stresslarga ochiqmiz. Noma'lumliklarga ham. Xatolarga ham. Mag'lubiyatlarga ham.
Lekin bu gaplarimdan keyin ulardan yutib chiqmagan kal bo'ladi.
Hammaga antimo'rtlik tilab,
Solief
Aytgancha, postni shunday gaplarni tushunadigan o'rtoqlaringiz bilan bo'lishib tashlang!
@soliefs
Post #534
4.42K
