Solief,
Biz orqasidan quvayotgan narsalar ko'pincha baxt olib kelmaydi.
Bizga chinakam baxt olib keladiganlarini esa aslida orqasidan quvmaymiz.
Ularni ba'zan payqamaymiz ham.
Bu bahorda daraxtning gullashini ko'rish
Yoki unib chiqqan kurtaklarning kuzda sap-sariq bo'lib to'kilishi.
Yo'l chetidagi ariq suvining sharillab oqishi.
Onang yopgan issiq nonning hidi va ta'mi.
Yomg'irdan keyingi asfaltdan keladigan hid yoki quyosh nurida tovlanadigan kamalak.
Bolali ayolning kolyaskasini zinadan olib chiqishga yordam berib yuborganing.
Yaqinlaring bilan birga ibodatda qoyim bo'lishing.
Ag'anab yotgan ijara samakatini yo'l chetida, foydalanmasang ham, to'g'rilab ketganing.
Yaqin insoningning qo'lini mahkam siqib, uni senga ishonishini his qilganing.
Va ba'zan yiqilganingda tanangning og'rishi ham.
Shular chin baxt beradi.
Shular hayotni yashashga chindan arzirli qiladi.
Faqat oniy lahzada bo'lolsang, bas.
Uni his eta olsang, bas.
Dunyoga ham erishasan.
O'sha tulporlarni ham minasan.
O'sha uylarni ham qurasan.
O'sha qizga ham uylanarsan.
InshaaAllah.
Ammo ular davomli baxt olib kelmaydi.
Davomli baxt qaysidir manzilda emas.
Balki u har doim biz bilan.
Uni his eta olsak, Yaratganga shukr ayta olsak bo'lgani.
Shuning uchun, baxtni quvma; uning o'zi seni topadi deyishsa kerak inglizlar.
Shukronalik esa baxtning darvozasi bo'lsa, ajabmas.
Xullas, baxtli bo'l demayman.
Shunchaki, uni his et.
Eng muhimi, salomat bo'l, my friend.
Aytgancha, Ruh (2020) degan multfilm yaxshi ekan.
Ko'rishni maslahat beraman. 9/10 ⭐️
@soliefs
Post #533
1.35K
