Centrum Air ishi: qaysi aviakompaniyada uchishni baribir iste'molchi hal qiladi!
Kecha o‘g‘lim bilan "Centrum Air" mojarosini gaplashgandik. Men ham aynan Feruz Allayevnikiga o‘xshash fikrni aytdim: "Kompaniya hatto sudda yutgan taqdirda ham, imijda va biznesda yutqizadi", dedim.
Birinchidan, ommaning aksari aviakompaniya egasi ham, styuardessa ham, hatto tadbirkor ham emas. Omma asosan iste’molchi va u masalaga iste’molchi nuqtayi nazaridan qaraydi.
Ikkinchidan, hatto kompaniya o‘zining haqligini isbotlaganda ham, buni endi hammaga yetkaza olmaydi. Raddiyalar hech qachon birinchi xabarning ortidan yetib bora olmagan. Faqat shu negativni pozitivga aylantira oladigan yurishlargina vaziyatni o‘zgartirishi mumkin.
Uchinchidan, "Centrum Air"ga nisbatan tarmoqda e’tirozlar ko‘p bir sharoitda (umuman, loukosterlarga doim e’tiroz ko‘p bo‘ladi, "arzon beillat bo‘lmas"), bu mojaro ortiqcha bo‘ldi. Ya’ni "negativni jamg‘arish effekti" kuchayadi. Mojaro qanchalik uzoq davom etsa, shunchalik ko‘p odamda bu ta’sir seziladi.
To‘rtinchidan, berilgan munosabat juda keskin edi, undan ko‘ra jim turilgani ma’qul edi. Endi baribir bu reputatsion yo‘qotishning o‘rnini to‘ldirish uchun kompaniya ancha resurs sarflaydi. Vaholanki, o‘sha kuniyoq masalani o‘zi uchun kam talafot, hatto yutuq bilan yopishi mumkin edi.
Faoliyati ko‘pchilikning xayrixohligi va kayfiyatiga bog‘liq biznes bunday yo‘l tutmasligi kerak. O‘g‘lim aytganidek, mojaro nima bilan tugab, kim haq bo‘lishidan qat’i nazar, chiptani qaysi aviakompaniyadan olishni biz, ya’ni iste’molchi hal qilamiz. Iste’molchi esa reysdan tushirib yuborilishi mumkinligini unutmaydi, albatta. Bu boshqa hamma argumentlardan kuchliroq.
Xuddi shu o‘rinda boshqa bir aviakompaniyani misol keltirmoqchiman. O‘tgan yili "O‘zbekiston havo yo‘llari" bilan menda ham bir muammo bo‘ldi, xabaringiz bor — chemodanim Istanbulda qolib ketgani voqeasi. Shunda kompaniya kommunikatsiyaning a’lo namunasini ko‘rsatdi. Men bilan aloqaga chiqdi, kompensatsiya to‘ladi. Nafaqat menga, chemodani qolib ketgan boshqa yo‘lovchilarga ham to‘ladi. Tezkor va to‘g‘ri reaksiya inqirozni tez to‘xtatdi. Bu bilan "Havo yo‘llari"ning bir joyi kamaymadi, aksincha, yutdi — ommaning ishonchi yo‘qolmadi, balki qaysidir o‘rinda xayrixohligi ortdi. Qilsa bo‘ladi, albatta.
Xullas, til masalasidan tashqari, piar menejerlar uchun juda ibratli keys bo‘ldi. Xulosa qilamiz!
@shahnozxon
Post #5286
949
- 🔥 14
- 👍 4
- 💯 3
- ❤ 2