Ushbu asar G‘arb tamaddunining poydevori hisoblangan, biz kundalik hayotda shubhasiz to‘g‘ri deb qabul qiladigan 10 ta fundamental tushunchani tahlil qiladi va ularning qanday qilib imperialistik maqsadlarga xizmat qilgani "yolg‘on" ekanini ochib beradi. Ana shu bob(yolg‘on)lardan biri haqida gaplashamiz.
Ikkinchi bobni muallif “BILIM - QUDRAT!” deb nomlaydi. Biz ilm-fanni mutlaq xolis, siyosatdan yiroq va insoniyat farovonligi uchun xizmat qiladigan muqaddas tushuncha deb bilamiz. Ammo "G‘arbni G‘arb qilgan 10 yolg‘on" kitobida ushbu tushunchaning parda orti ochib ko‘rsatiladi.
Muallif G‘arb dunyosi "bilim" tushunchasini o‘z monopoliyasiga aylantirgani va undan boshqa xalqlarni bo‘ysundirish uchun eng xavfli qurol sifatida foydalanganini ilmiy tahlil qiladi. Fikrlarini dalillaydi.
Darsliklarni ochsak, ilm-fan Qadimgi Gretsiyada tug‘ilgan, so‘ngra "Uyg‘onish davri" orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yevropaga o‘tgan degan asossiz chizgilarga ko‘zimiz tushadi. Bu tizimda Osiyo, Afrika, Islom sivilizatsiyasi yoki Amerikaning tub aholisi (mayya, asteklar) erishgan ulkan ilmiy yutuqlar shunchaki chetga surib qo‘yilganini kinoya aralash kulgiga oladi kitob muallifi Subhadra Das.
Yana uning yozishicha, bugungi kunda faqat G‘arb ilmiy metodologiyasi va qarashlariga mos keladigan narsagina "haqiqiy bilim" deb tan olinadi. Agar biror bir qabila asrlar davomida sinalgan va tabiat bilan uyg‘un tibbiy bilimga ega bo‘lsa, G‘arb uni "shunchaki xurofot" deb ataydi.
To o‘sha o‘simlikni G‘arb laboratoriyasi tekshirib, patentlab, doriga aylantirmaguncha u ilm hisoblanmaydi ularning nazarida. Vaholanki, bu o‘simliklar bilan ming yillardan beri osiyoliklar shifo topishda foydalanib kelayotgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni bilimning mezonini ham faqat G‘arb belgilamoqda...
Muallif ilm-fanning o‘zini inkor etmaydi. U bizni ilm-fanni boshqarayotgan va unga egalik qilayotgan, bilim mezonlarini o‘rnatayotgan institutlarga, darsliklarimizga tanqidiy ko‘z bilan qarashga chaqiradi. Bilim rostdan ham qudrat, ammo u kimning qo‘lida va kimning manfaatiga xizmat qilayotganiga diqqat qilishimizni istaydi muallif.
Dunyoni faqat bir tomondan ya’ni G‘arb ko‘zi bilan ko‘rishni bas qilish va tarixdagi barcha madaniyatlarning intellektual xizmatini tan olishimiz kerak. Bu esa haqiqiy ilmiy adolat sari qo‘yilgan ilk qadamimiz bo‘ladi nazarimda. Kitob yaqin haftalarda UFQ nashriyoti tomonidan sotuvga chiqariladi.
➡️@qora_yigit
Post #3338
1.14K

- 👍 15
- 🔥 8
- ❤ 5
- 💘 2