TGViewer
Birburchak Birburchak @qora_yigit · 7.14K subscribers
Post #3320 1.51K
#finished
Maggie O’Farrell — “Hamnet”

Farzandingni ismi bilan chaqirasan-u, u boshqa xonadan javob bermaydi. Hozir yugurib keladigandek, eshikni ochib kiradigandek tuyilaveradi. Aqling tushunib yetgan narsaga ichingdagi nimadir ko‘nmaydi. “Hamnet”dagi ayriliqni ana shu kutish orqali tushunsa bo‘ladi, nazarimda.

Shekspirning Hamnet ismli oʻgʻli o‘n bir yoshida vafot etgan. Mashhur “Hamlet” esa bolaning o‘limidan bir necha yil keyin yozilgan. Lekin O’Farrell bu ma’lumotni aytish uchungina roman yozmagan. U dramaturgning oilasiga kirib, shu uyda yashagan boshqa insonlarga ham qarashga undaydi oʻquvchini.

Muallif Shekspir nomini roman oxirigacha aytmaydi. Mashhur ismni ko‘rishimiz bilan undan buyuk fikrlar izlay boshlardik. Bu yerda esa u insonning ham oʻz oilasi, uni kutayotgan xotini, farzandlari bor. Adabiyot tarixidagi o‘rnini bir chetga olib qoʻysak, bolasini o‘limdan asrab qololmagan ota turibdi qarshingizda.

Roman markazidagi Agnesni esa “Shekspirning rafiqasi” emas, mustaqil fe’li, tabiatni his qilishi, onaligi orqali ochib beradi muallif.

Uning sezgirligi ayriliq oldidagi ojizligini yanada og‘irlashtiradi. Farzandingni yaxshi ko‘rasan, holatidagi kichik o‘zgarishni ham payqaysan, ammo uni asrash uchun mehringning o‘zi yetmaydi. Ota-onalikning eng qo‘rqinchli tomoni ham shudir balki. Butun borlig‘ing bilan javobgar bo‘lgan insonning taqdiri to‘laligicha qo‘lingda emas.

Kitobdagi qayg‘u kundalik hayot ichida seziladi. Ovqat tayyorlash kerak, ertasi yana tong otadi. Lekin uyda bir kishi kamaygan. Kiyimi, yuradigan joyi, odatlari qolgan. Ilgari e’tibor bermagan narsalaring endi yo‘qligini eslataveradi. Narsalarini olib qo‘ysang ham qiynalasan, ko‘z oldingda tursa ham. Sen kunni qanday o‘tkazishni bilmay turganingda boshqalarning hayoti odatdagidek davom etayotgani bor…

Er-xotin bir farzanddan ayrilgani bilan ayriliqni bir xil yashamaydi. Biri xotiralarga yopishsa, boshqasi ishlashga, band bo‘lishga urinadi. Yig‘lamayaptimi, demak, kuyinmayapti. Ishlayaptimi, demak, unutibdi. Biz birovning dardini o‘zimizga tanish belgilar bilan o‘lchashga qanchalik o‘rganib qolganmiz-a?

Nazarimda, roman beradigan eng kerakli narsalardan biri ana shu shoshqaloq hukmni to‘xtatishidir. Bir uyda yashash, bir bolani sevish ham ikki odamni bir-biriga to‘liq tushunarli qilmas ekan. O‘zing zo‘rg‘a ko‘tarayotgan dardning ichida yoningdagi insonni tushunishga ham kuch topishing kerak.

Albatta, bu Shekspir oilasining aniq tarjimayi holi emas. Tarixiy ma’lumotlarni muallif badiiy tasavvuri bilan to‘ldirgan. Hamnetning o‘limi “Hamlet”ning yozilishiga sabab bo‘lgani ham isbotlanmagan.

Ammo muallif 11 yoshli bir bolani otasining tarjimayi holidan tashqariga olib chiqib, eshikdan qaytishini siz ham kutadigan darajadagi yaqiningizga aylantiradi…

➡️@qora_yigit
  • 🔥 15
  • ❤ 8
  • ⚡ 5
  • ✍ 1
  • ❤‍🔥 1
More from @qora_yigit
  1. Oct 9, 2026Biz haqiqat deb bilgan qarashlar kimga foyda keltiradi o'zi? Shu haqida hech o'ylab ko'rga…
  2. Oct 8, 2026#videotaqriz Qurol-yarog'siz, faqatgina axborot va so'z orqali boshqariladigan zamonaviy j…
  3. Oct 8, 2026Kuzgi ertaklardan sarg'ish estalik, Oyni allalaydi tong beshiklari. Mening bag'rim hamda s…
  4. Oct 7, 2026Jeyn Ostin bu romanini avval “Birinchi taassurotlar” deb nomlagan. Muallif uni 1796-yilda,…
  5. Oct 7, 2026Sensiz men xi-xi emas 💔 ➡️@qora_yigit
  6. Oct 7, 2026Diqqat tanlov!👍 Biz kitobxonlik targʻibotini faqat kitoblar orqali qilmaymiz. Barcha inst…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →