Prof. Sherzodning mana bu postidagi fikrlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda, qo‘shimcha qilmoqchiman.
Ilmiy tadqiqot qilishdagi muammolarimiz birinchi o‘rinda taʼlimning sifatidan kelib chiqadi. Yodlashga qaratilgan taʼlim maktablarda ustuvor ekan, haqiqiy ilmiy tadqiqotga yaqin ham kela olmaymiz. Chunki ilmiy tadqiqot uchun tanqidiy fikrlash kerak, bu ham mashqlar orqali sayqallanadigan, maromiga yetadigan ko‘nikma.
Ha, ixtisoslashgan maktablar, Prezident maktablarida boshqacha taʼlim bo‘lishi mumkin. Ammo umumiy aholi soniga nisbatan bu maktablar juda ham kam deb hisoblayman.
Yana bir muammo ilmiy tadqiqot uchun sharoit kerak. Uning uchun universitet ilm dargohi sifatida ko‘rilishi kerak. Universitet o‘qituvchisida hali ham dars soati ko‘p, oylikni faqat dars soati bo‘yicha oladi, ustamalar uchun yiliga bir nechta, aniqrog‘i PhD darajasiga ega bo‘lsa kamida bitta mahalliy ilmiy jurnalda, bitta scopus va hkz bazalarda indeksatsiyalangan jurnalda maqola chiqarishi kerak.
Avval ham aytganman, xalqaro darajadagi jurnalda maqola chiqarish uchun bir yil kam. Jurnalga tayyor maqolani yuborib, unda nashr qilungunga qadar bir yil ketadi o‘zi. Unga asos bo‘ladigan tadqiqotni qilish, yozib uni maqola sifatida shakllantirish esa undan ko‘proq vaqt talab qiladi. Hech bo‘lmasa ikki yilda bir talab qilinsa ham adolatdan bo‘lardi.
Yaqindagi ilmiy tadqiqot kursimda o‘qigan, o‘zi Germaniyada PhD qilayotgan qiz aytgandi, ularga hech qanday maqola chop qilish talabi qo‘yilmagan ekan. Asosiysi, dissertatsiyani yaxshi yozish ekan.
Bizda maqolalar bo‘yicha songa urg‘u berilaverar ekan, sifat boshqa planga tushishi tabiiy.
Haqiqiy ilmiy tadqiqot bo‘lishiga to‘sqinlik qiladigan narsalardan yana biri bu bizning emotsionalligimiz. Tanqidni to‘g‘ri qabul qilib, ishni yaxshilash o‘rniga bu taqrizchi o‘zi rahbarimga qarshi deb o‘ylavolish bizga qulay. Shuning uchun o‘rni bo‘lsa- bo‘lmasa dissertatsiya muhokamalarida soha mutaxassisi bo‘lmaganlar ham dissertantning shaxsiy xususiyatlariga urg‘u berib kengash aʼzolarini ijobiy qaror qilishga daʼvatlar qiladi.
Yana boshqa ko‘p, juda ko‘p jihatlar bor... Yozsam doston bo‘lib ketarkan.
Aytmoqchi bo‘lganim - ilmiy tadqiqot qilish va scopus talabidagi maqolani yozish bo‘yicha treninglar bilan ish bitmaydi.
@psixolingvist
Post #797
21K