Yaqinda jizzaxlik 20 yoshli blogger qizning avtohalokatda vafot qilgani haqida aytishdi. Videolari vafotidan so‘ng ommalashib ketgan emish.
E'tiborimni tortgani — qizning sahifasi unchalik aktiv bo‘lmagan paytda: "Men o‘lganimdan keyin mashhur bo‘lib ketaman, videolarim rekka chiqadi, hamma meni taniydi", mazmunida gapirgan videosi bo‘ldi.
"O‘lsam hamma meni taniydi" duosi.
Va uning ijobati.
****
Qur'onda hazrati Yusuf va Zulayxo qissasida ajoyib nuqta bor:
Zulayxo Yusuf (a.s) uni rad qilgani haqida qo‘llarini kesib o‘tirgan mehmon ayollarga aytib beradi. Va tahdid ham qiladi: aytganimni qilmasa, qamayman, xor-u zor bo‘ladi!
Shu joyda Yusuf (a.s):
{ قَالَ رَبِّ ٱلسِّجۡنُ أَحَبُّ إِلَيَّ مِمَّا يَدۡعُونَنِيٓ إِلَيۡهِ}
Parvardigorim, bular chorlayotgan narsadan ko‘ra zindon menga yaxshiroq". (33)
{ فَٱسۡتَجَابَ لَهُۥ رَبُّهُۥ}
"Bas, Parvardigori (Yusufning duosini) ijobat qildi ". (34)
Ustozlar: "Shu joyda vazirlikni so‘rasalar ham ijobat bo‘lib ketardi", deydilar.
Qissalarda (bunisi endi Qur'ondanmas) Yusuf (a.s) bolalik yillarida o‘zlarini ko‘zguda ko‘rib, o‘zlaricha "Meni qulbozorda sotsa qanchaga olisharkin", derkanlar.
Keyinchalik uning ijobat qilingani Qur'onda kelgan:
{ وَشَرَوۡهُ بِثَمَنِۭ بَخۡسٖ دَرَٰهِمَ مَعۡدُودَةٖ}
(Yusufni quduqdan topib olganlar) uni arzon bahoda — bir necha tangaga sotib yubordilar". (20)
****
Albatta, qadar bitilgan. Biz kelajakda nima bo‘lishini oldindan bilmaymiz.
Qadar bizdan berkitilgan.
Nima qilishimiz kerakligi esa berkitilmagan.
A'zolarimizni sababga bog‘laymiz.
Qalbimizni Allohga tavakkulga bog‘laymiz.
Bilmaganimizga bilganimizni mahkam quchib oldinga qadam tashlaymiz: chiroyli duolar qilamiz, Alloh taolodan uning ulug‘ligiga qarab so‘raymiz, gumonni chiroyli qilamiz, o‘zimiz haqimizda yaxshi narsalar kutamiz.
Postni Rumiy dahosining quyidagi hikmati bilan yakunlasak:
"Dunyoda boʻlishi mumkin boʻlgan hodisa uchun, sabab olamida sanoqsiz ehtimol uxlab yotadi. Siz ogʻzingizdan chiqarayotgan soʻzlaringiz bilan u ehtimollarni uygʻotasiz.
Goʻzal kalimalar soʻzlangki, goʻzal ehtimollar uygʻonsin. Insonning taqdiriga boʻladigan ta'siri mana shu oʻrindadir".
@qizingizyozdi
Post #1033
2.94K
Forwarded from Qizingiz yozdi...
- ❤ 69
- 👍 24
- 🔥 9
- 👏 6