Fikr beruvchi asar
Ijodkorman degan odam oʻqib-oʻrganishi shart boʻlgan kitoblar bor. Ana shunday kitoblarning boshida "Devonu lugʻotit turk" turadi, menimcha. Mahmud Qoshgʻariy bu asarini ming yil oldin yozgan. Biroq "Devon"dagi soʻz va iboralar, matallar va maqollarning ildizi yana ming yillar keyinga borib taqaladi. Qoshgʻariy juda katta hududni kezib, turli turkiy qavmlarning tili, urf-odati, turmushini sinchiklab oʻrgangan. Bu asar juda katta mehnat va izlanish mevasi ekanini, tilshunos oʻz ishiga puxta yondashganini mutolaa jarayonida anglab, his qilib borasiz...
Soʻzning tarixi, kelib chiqishi, oʻzgarishi, bir soʻz bilan aytganda hayot yoʻlini oʻrganar ekansiz, yangi-yangi topilmalarga duch kelasiz. Tilimizga forscha va arabcha soʻzlar juda koʻp kirgan. Bugun bundan afsus chekib oʻtirishning umuman hojati va foydasi yoʻq. Chunki ular ham endi bizniki, til boyligimiz. Tillar doimo oʻzaro aloqada, bir-biridan soʻz olib turadi. Oʻzimizning ming-minglab soʻzlarimiz ham boshqa tillarga oʻtgan. Bu tabiiy hol. Biroq bir narsani unutmaslik kerak: boshqa tildan kirayotgan soʻz oʻzimizda bor boʻlgan soʻzni siqib chiqarmasligi shart. Bu boyish emas, qashshoqlashishdir. "Devon"ni oʻqiyotib, yana bir narsadan cheksiz quvondim: Mahmud Qoshgʻariy ham xuddi shunday qarashda boʻlgan ekan.
Hayot doimo yangilanishda. Mohiyat oʻzgarmasa-da, vositalar oʻzgarib turadi. Yangi paydo boʻlgan narsalarga, tushunchalarga ot qoʻya olish tilning kuchini, saviyasini koʻrsatadi. Nom qoʻyishda bir zamonlar foydalanib, keyin ishlatilmay qoʻyilgan soʻzlardan ham keng foydalanish mumkin. Bunda "Devonu lugʻotit turk" kabi asarlar tengsiz manba vazifasini oʻtaydi.
"Devon"ni oʻqish jarayonida juda koʻp narsalarni oʻzim uchun kashf etdim. Shulardan biri haqida aytib beray. Mahmud Qoshgʻariy "oʻpmoq" soʻzini bir necha maʼnolarda, jumladan, "ichmoq" maʼnosida ham izohlaydi. Buni oʻqidimu baʼzi soʻzlarning ildizini topganday boʻldim. Turkiy tillarda soʻz oldida tovush orttirilishi yoki tushib qolishi kuzatiladi. Bu hodisani Qoshgʻariy ham ayrim oʻrinlarda taʼkidlab ketadi. "Oʻpmoq" soʻzi ham vaqtlar oʻtib bir "h" orttirib olgan. "H" tovushi oʻzbek tiliga boshqa tillardan kirmagan. Bu tovush qatnashgan soʻzlarni "Devon"da koʻp uchratdim, hatto "f" tovushli turkiy soʻzlar ham koʻp ekan. Maktab darsligida "f" tovushi faqat oʻzlashgan soʻzlardagina bor, deb oʻqigandim. Bu men uchun yaxshi yangilik boʻldi. Xullas, "hoʻp"ga qaytamiz. Bu soʻz hozirgi tilimizda ham koʻp qoʻllanadi, baʼzida shakli oʻzgargan, baʼzida saqlangan holda. Masalan:
1. Fargʻona shevasida "choʻmilish" soʻzi bilan bir qatorda "hoʻpitish" soʻzi keng ishlatiladi.
2. Hoʻplamoq – choy, suvni qultumlab ichmoq.
3. Koʻpincha ariqdan, koʻlmakdan sakrab oʻtilayotganda "hoʻppa" deyiladi. Bu soʻzning ham asli-nasli "suv" maʼnosidagi "hoʻp"ga borib taqaladi, menimcha.
4. Yop – soy, katta suv yoʻli, kanal. Xorazm shevasida anhor va kanallar shu soʻzda ifodalanadi.
5. Yoprilmoq – suv qoplaganday egallamoq. Yopiq, yopmoq, yoppasiga kabi soʻzlarning ham oʻzagi shundan.
6. Yopishmoq – suv tekkan, namlangan narsa bir-biriga yopishib qoladi.
7. Oʻpirmoq – katta suv yoki selning oʻzan va dambalarni, yoʻlida duch kelgan narsani buzib ketishi, oʻrnida oʻyiq hosil qilishi. Oʻpqonning oʻzagi shundan.
8. Suv tekkan narsa hoʻl boʻladi. "Hoʻl" va "hoʻp" oʻzakdosh ekaniga shubham yoʻq.
9. Islom dini kelishidan oldin turkiy qavmlar turli mahalliy tushunchalarga eʼtiqod qilgan. Ularda "Erhubbi" – suv maʼbudi timsoli bor. Bu soʻzni Muqimiyning "Tanobchilar" asarida ham uchratishimiz mumkin. Mantiqan olganda, "hubbi" "hoʻp"dan hosil boʻlgan.
Bu – birgina misol. Bunaqa soʻzlarni yana juda koʻp keltirish mumkin.
"Devonu lugʻotit turk" soʻz bilimdonligini oshiradigan, fikr beradigan asar. Bunday kitoblarni oʻqiganda katta zavq tuyasiz. Bu zavq sizni izlanishga, yozishga undaydi, ilhom beradi.
"Maʼnaviy hayot" jurnalining 2015 yil 2-sonida chop etilgan.
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #666
1.76K