TGViewer
Orif Tolib Orif Tolib @oriftolib · 15.2K subscribers
Post #2730 6.28K
Uchkoʻprik shevasiga xos soʻzlardan

❇️ Boʻriq – makka yoki joʻxori poyasining mol-qoʻy yeganidan soʻng qolgan bargsiz qismi.
Yoz kunlari tandirni boʻriq yoqib ham oqartirish mumkin.

❇️ Dimiqtirmoq – boshini suvga tiqib, suv yuttirmoq, shu yoʻl bilan qiynamoq.
Aka, anavini qarang, dimiqtiraman deyapti.

❇️ Yemgish – til-jagʻli, oʻzining gapini maʼqullab turaveradigan odam.
E-e, gʻirt yemgish ekansiz-ku! Koʻrganni eshitgan yengibdi, deb shuni aytishsa kerak-da!

❇️ Jippangʻ – toʻla, labigacha toʻldirilgan, toʻkilay-toʻkilay deb turgan.
Paqirni jippangʻ qilib qoʻygan ekansan, choʻmich solgan edim, suvi toʻkildi.

❇️ Kesmaldak – bargsiz, quruq tut novdasi.
Kesmaldaklarni bostirmaning tomiga bosib qoʻydik.

❇️ Lashim – yirik-mayda aralash, yoppasiga.
Limonni lashim oʻn ming soʻmdan sotdik.

❇️ Katta – boboga shunday murojaat qilinadi. “Katta ota” iborasining qisqartmasi boʻlsa kerak. Biroq bu soʻz hozir isteʼmoldan chiqib ketyapti. Uning oʻrniga “opoqi”, “opoqdada”, “bobo” soʻzlari ishlatilyapti.
Kattam bir umr dehqonchilik qilib oʻtgan.

❇️ Nushqut – nishxurd, yem-xashak, oʻt qoldigʻi.
Yangiqoʻrgʻondan olib kelgan qoʻyim juda yaxshi chiqdi, umuman nushqut chiqarmaydi.

❇️ Ozitqi – adashtirib, yoʻldan ozdiruvchi maxluq, ajina.
“Bemahalda yurma, ozitqi ozdirib ketadi”, deb tayinladi enam.

❇️ Otaqari – kattalarning gapiga aralashib, aql beradigan bolaga nisbatan ishlatiladi.
“Tushunmagan narsangga otaqarilik qilma, bolam”, – dedi enam.

❇️ Palgʻari – uzum navdasini yerga koʻmib, boshqa joyga oʻtqazish. Yerga koʻmilgan qism kelajakda tomirga aylanadi va tok kuchli oziqlanadi.
Bugun oʻn tup uzumni palgʻari qildim.

❇️ Poldir – dovdir, qoʻpol harakat bilan yon-atrofidagi narsalarni agʻdar-toʻntar qilib yuradigan odamga nisbatan ishlatiladi.
Buncha poldiraysan? Sendaqa poldirni koʻrmaganman, bir chekkada turgan obdastani agʻdarib ketganingni qara!

❇️ Polpis – kir-chir, oʻziga eʼtiborsiz yuradigan odam.
Polpisga oʻxshaysan-a! Kiygan kiyiming – bir ahvol, yagʻiri chiqib yotibdi!

❇️ Poʻnka – qargʻani shu nom bilan ham atashadi.
Hozir poʻnkalar yozda ham uchib ketmayapti.

❇️ Sumalanmoq – lapashanglik, lanjlik qilmoq. Menimcha, bu soʻz “sumalak” soʻzi bilan oʻzakdosh. Sumalak juda sekin pishadi, suyuq boʻladi. Odatda, lavangtabiat odamlar atalaga ham oʻxshatiladi.
Buncha sumalanasan, tezroq yursang-chi!

❇️ Soʻltamat – biror ishni eplamay, doim boʻshashib yuradigan odam.
Soʻltamat boʻlma, qadamingdan oʻt chaqnasin, oʻt!

❇️ Uchelish – “T” shaklidagi uch yoʻl tutashmasi, bir tomoni berk chorraha.
Uchelishda oʻrtogʻim Umidjonni koʻrib qoldim.

❇️ Qapishtirmoq – futbol oʻyinida toʻpni raqibga qarata qattiq zarb bilan yoʻnaltirmoq. Koʻpincha katta yoshlilar kichiklarni qapishtirib, qoʻrqitadi. Shu orqali oson aldab oʻtib, gol urishga harakat qiladi.
“Jonli devorga turmayman, qapishtiradi”, dedi u akasiga.

❇️ Qiyratmoq – shoʻxlik qilib qiynamoq.
Gulchehraning oʻgʻli juda shoʻx boʻlibdi, onasini kuni boʻyi qiyratadi.

❇️ Gʻijirqum – ariq ostida yigʻilib qoladigan mayda qum. Bu soʻz oʻrnida “shilqum” soʻzi ham ishlatiladi.
Sotib olsang, ortib qoladi. Bu yerni suvagani Qilovlidan gʻijirqum olib kelsang ham yetadi.

❇️ Hoʻpitmoq – choʻmilmoq.
Bugun Mingbuloqqa hoʻpitgani boramiz.

“Yoshlik” jurnalida chop etilgan.

👉 Bu soʻzlar oʻrnida sizning shevangizda qanday soʻzlar ishlatiladi? Izohlarda qoldiring.

@oriftolib | Sahifalarimiz
  • 👍 45
  • 🔥 5
  • 😁 4
  • 🤨 4
  • 💯 1
More from @oriftolib
  1. Sep 28, 2026Xavotirlarimizning qancha qismi asosli? Bizni halok qiladigan emas, qoʻrqitadigan omillar…
  2. Sep 28, 2026Doktorantlar uchun nomli stipendiyalar tanlovi eʼlon qilindi Fanlar akademiyasi tayanch do…
  3. Sep 28, 2026Yaxshi keksalari boʻlmagan yerning yaxshi yoshlari boʻlmaydi. — Kabardin xalq maqoli @orif…
  4. Sep 27, 2026Agar baxtli hayotga erishmoqchi boʻlsangiz, odamlarga yoki narsalarga emas, maqsadlarga bo…
  5. Sep 27, 2026Daryo.uz yangi qiyofada: zamonaviy dizayn va qulay mutolaa Daryo.uz nashri veb sahifasi di…
  6. Sep 27, 2026Turkiston muxtoriyati poytaxti nega Toshkent emas, Qoʻqon boʻlgan? 1917-yili tuzilgan Turk…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →