TGViewer
Orif Tolib Orif Tolib @oriftolib · 15.2K subscribers
Post #3843 10.2K
​​“Doktor”ning oʻzbekchasi bormi?

Doktor soʻzining gʻirt oʻzbekcha varianti bor – emchi. Afsuski, tilimizda ming yildan beri yashab kelgan bu soʻz hozir foydalanishdan deyarli chiqib ketdi. U oldin faol qoʻllanganini “Ogʻriq koʻpaysa, emchi koʻpayar”, “Ogʻriqning tuzalgisi kelsa, emchi oʻz oyogʻi bilan kelar” kabi maqollardan ham bilsa boʻladi. Bugun em oʻzagidan yasalgan emdori, emlama kabi soʻzlarni ham ishlatmaymiz hisob.

Izohli lugʻat emchi soʻzini emlovchi tabib, vrach, hamshira deya izohlagan. Hech qursa, hamshira oʻrnida shu soʻzdan foydalanish mumkin. Hamshira forschadan oʻzlashgan, asliyatda birga sut emishgan degani, opa yoki singilni anglatadi. Biz bu soʻzni shifoxonada ishlovchi, oʻrta tibbiyot maʼlumotiga ega boʻlgan xodimni ifodalash uchun ishlatamiz. Lekin uni erkak kishiga nisbatan qoʻllab boʻlmaydi. Ilojsiz hamshir degan soʻz yasaladi. Tagini surishtirsangiz, oʻzbekchada bunday soʻz yoʻq. Hatto asliyatda – forschada ham davolovchi maʼnosida bunday soʻz ishlatilmaydi. Menimcha, ruscha medbrat oʻrnida emchi soʻzini bemalol qoʻllash mumkin.

Oʻzbekchada doktor soʻzi oʻrnida qadimda hakim, tabib atamalari ishlatilgan. Qiziq tomoni, arabcha hakimning kechmishi doktorga oʻxshash, u ham asliyatda bilimli kishi, tabib, faylasuf kabi maʼnolarga ega. Odatda oʻtkir tabiblar hakim deb atalgan. Podshohlarni davolovchi mutaxassislar ham hakimlar boʻlgan.

Tabib soʻzi eski tilimizda shifokorni anglatgan, ammo hozir tibbiy oʻquv yurtida oʻqimagan, bemorlarni anʼanalar va hayotiy tajriba yordamida davolovchi kishiga nisbatan qoʻllanadi. “Devonu lugʻatit turk”da tabibning oʻzbekcha variantlari bor – oʻtachi, atasagʻun.

Vrach esa ruschadan oʻzlashgan. Uning tarixi ancha qiziq. Mutaxassislar bu soʻzni vrat – gapirmoq, aldamoq, avramoq feʼliga bogʻlaydi. Qadimda bu soʻzda hozirgiday salbiy maʼno boʻyogʻi boʻlmagan. Vrach kuf-suflar, afsunlar bilan kasallikni haydovchi, avroqchi maʼnosini ifodalagan. Keyinchalik uning mazmuni oʻzgargan va oliy maʼlumotli tibbiyot xodimini anglata boshlagan. Oʻzbek tiliga shu mazmuni bilan oʻtgan.

Arabcha va forscha soʻzlar qorishmasidan hosil boʻlgan shifokor esa nisbatan yangi oʻzlashmalardan, u hozirgi tilimizda umuman davolovchi maʼnosida ham, doktor va vrach maʼnosida ham ishlatiladi.

@oriftolib | Sahifalarimiz
  • 👍 39
  • 🔥 7
  • 💯 4
  • 😎 3
More from @oriftolib
  1. Oct 17, 2026Hartugul: vergul kerakmi yoki yoʻq? Har qalay, xayriyat, xayriyatki maʼnolarini anglatadig…
  2. Oct 17, 2026Shon-shuhrat juda koʻp hasadchilarni tugʻadi. — Mordva xalq maqoli @oriftolib | Sahifalari…
  3. Oct 16, 2026🧠 Bu haftaning “Ochiq muloqot soati” 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlanib,…
  4. Oct 15, 2026Dushga boshliq boʻlmang Dush qabul qilish iborasiga bot-bot duch kelamiz. Bu – ruscha прин…
  5. Oct 15, 2026“Noz-neʼmat”: ovqatda noz boʻladimi, nega bunday deymiz? “Ob-havo”, “noz-neʼmat”, “qoʻni-q…
  6. Oct 15, 2026Hayron qoladigan joyi yoʻq, odam koʻp narsani bilsa-yu, lekin bu unga aql bermasa, u dimog…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →